
Denis Ivankov: «Unga nisbatan nohaqlik qilindi»
O‘zbekiston milliy terma jamoasining darvozabonlar bilan ishlovchi murabbiyi Denis Ivankov saytimiz mehmoni bo‘ldi. Mutaxassis saytimiz uchun bergan intervyusida, «Paxtakor»dagi faoliyati va Piter Xyustra olib borayotgan rotatsiya haqida fikr bildirdi.
- Nima deb o‘ylaysiz, Jasur Abduraimov nima uchun «sherlar» murabbiylar shtabidan chetlatildi?
- Katta ehtimol bilan Piter shu yo‘sinda o‘z o‘rnini sug‘urtalamoqchi bo‘ldi. Gap shundaki, agar u omadsizlikka uchrasa, rahbariyat o‘ylab o‘tirmasdan Abduraimovni uning o‘rniga tayinlashi mumkin edi. 15 yildan beri jamoa uchun mehnat qilgan Jasur uchun afsusdaman. U klub akademiyasida ishlagan. Keyinroq, yoshlar jamoasida ham faoliyat olib bordi. O‘z o‘yin uslubi va strategiyasiga ega mahalliy mutaxassisni qo‘yib yuborish uchun bundan boshqa sabab ko‘rmayapman.
- Siz bundan avvalgi intervyularingizdan birida «Nasaf»ni o‘z uyim, deb atagan edingiz. Endi o‘rinli savol tug‘iladi. Abramov yoki Berdiev?
- Juda ham qiyin savol. Shunday bo‘lsa-da, men Ro‘ziqul Berdievni tanlayman. Aynan shu inson meni o‘z jamoasiga chaqirgan. Uning qo‘l ostida yangi darajaga ko‘tarildim, deb o‘ylayman. Qarshiga kelgach, o‘zimni topdim. Bu erda o‘tgan yillarim chog‘ida, o‘z dasturimni ishlab chiqdim. Men kelgach, jamoamizdagi darvozabonlar o‘z tengqurlari orasidagi milliy jamoalardan chaqiruv olishni boshladi. Ba’zan, 3 shogirdim terma va yoshlar jamoasidan chaqiruv olar, shu bois mashg‘ulot o‘tkazish maqsadida akademiyaga yo‘l olar edim. Qashqadaryoda o‘tgan davrlarim faoliyatimda burilish yasagan, deb hisoblayman.
- «Paxtakor» bilan shartnoma imzolagach, «Nasaf»ga qarshi to‘p surishga to‘g‘ri keldi. Qarshiga kelganingizda, o‘zingizni qanday his qildingiz?
- Ochig‘i, ilk tashrif chog‘ida juda g‘alati bo‘ldim. Biz «Paxtakor» bilan mehmonxonaga joylashgach, stadionga yo‘l oldim. Bazadagi barcha bilan salomlashdim. Shu payt Ro‘ziqul Berdiev yo‘limdan chiqib qoldi. Quyuq so‘rashdik. U qaerda to‘xtaganim bilan qiziqdim. Mehmonxonaga joylashganimdan xabar topgach, menga bazada qolishim kerakligini aytdi. Keyin, xonam hali-hamon bo‘sh ekanligini qo‘shib qo‘ydi. Uning taklifidan ko‘nglim ko‘tarildi, ammo professional bo‘lishim lozim. Kulgancha, ortga qaytdim. «Nasaf» bilan qolgan iliq xotiralarim yodimda abadiy qoladi. Bu jamoadan minnatdorman.
- «Nasaf»dagi Abduvohid Ne’matovning futbolchidan darvozabonga aylanishiga asosiy sababchi siz bo‘lgan ekansiz?!
- Xuddi shunday. U 14-15 yoshga qadar yarim darvozabon edi. O‘yinlarning birinchi bo‘limida maydonda harakat qilsa, ikkinchi taymda unga qo‘lqoplarni topshirar edik. Ana shunday kunlarning birida, «Nasaf» murabbiylar shtabi majlis o‘tkazdi. Men Abduvohidni himoyadan darvozaga ko‘chirish shart ekanligini tushuntirdim. Ular avvaliga unamadi. Sababi, Ne’matov markaziy himoyada juda ham ishonchli to‘p surar edi. Shunga qaramay, ularni ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldim. O‘ylashimcha, bu eng to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Hozir u O‘zbekiston milliy jamoasining kelajakdagi yulduzi bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Intervyuni to‘liq formatda "You Tube"dagi sahifamizda tez kunda tomosha qilishingiz mumkin.
Fikrlar