
Dilshod Komilov: "G‘alabadan boshqa yo‘limiz yo‘q edi"
Superliganing 9-turida “Qizilqum” klubi “Navbahor” bilan bellashdi.
Nihoyat, “Qizilqum” o‘z uyiga qaytdi va ma’lum vaqtdan keyin maydon chimi yangilangan Navoiydagi arenasida ilk o‘yinini o‘tkazdi. Stadion muxlislar bilan to‘lgan uchrashuvda “Qizilqum” qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, raqibini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘yinni faol o‘tkazgan va bitta golga mualliflik qilgan himoyachi Dilshod Komilov Sports.uz uchun ortda qolgan ushbu bahs borasida fikrlarini aytib o‘tdi.
"Muxlislar qarshisida to‘p surish yoqimli"
- “Navbahor”ga qarshi o‘yin juda yuqori notada o‘tdi. Uchrashuv nihoyatda qiziqarli bo‘ldi. Stadionga kelgan muxlislar ham kelganiga afsuslanishmasdan chiroyli o‘yin ko‘rib ketishdi, deb o‘ylayman.
Albatta, bunday muxlislar qarshisida to‘p surish har bir futbolchiga yoqimli. Xususan, bizga ham kuch berdi. Anchadan beri Navoiyda futbol bunday ruhda o‘tmayotgandi. Chunki ma’lum vaqtdan buyon o‘zimizda futbol o‘ynay olmayotgandik. Nihoyat, uy o‘yinlarimizni o‘z stadionimizda qabul qilishni boshladik. Muxlislar stadionni to‘ldirib turishsa har uchrashuvda bor kuchimiz bilan harakat qilib, kelgan raqiblar bilan tengma-teng kurashib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
"Bunday maydonda istalgan jamoa o‘z o‘yinini namoyish qila oladi"
- Maydon holati juda ham a’lo darajada. Xudo xohlasa, yana bir-ikkita o‘yinlardan keyin bunda ham zo‘r holatda bo‘ladi, deb o‘ylayman. Hozir ham istalgan futbolchi va jamoa bunday maydonda o‘z o‘yinini namoyish qila oladigan darajada.
"Gol urish niyatida maydonga tushgandim"
- Golimga kelsak, to‘g‘risini aytsam, ushbu uchrashuvda gol urishimni kutgandim. Maydonga gol urib jamoamning g‘alabasiga o‘z hissamni qo‘shish niyatida tushgandim. Niyatga yarasha, Xudoga shukr yuzimiz yorug‘ bo‘lib, ikkinchi golni urdim va biz g‘alaba qozondik.
"Navbahor" ham yutib ketishi hech gap emasdi"
- Ko‘rdingiz, bellashuv teng kurashlar ostida bo‘ldi. “Navbahor” ham g‘alaba qozonib ketishi mumkin edi. Ularda ham yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi. Xudoga shukr, oxirida bizga nasib qildi va penaltidan muhim golni urib, kerakli uch ochkoni qo‘lga kiritdik.
"Yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan keyin yutmasak noqulay vaziyatlar bo‘lishi mumkin edi"
- “Navbahor” biz kutgandek o‘yin ko‘rsatdi, gollar ham urishdi. Bu raqib yaxshi shakllanib kelayotgan jamoalardan biri. Istalgan raqibga qarshi bemalol jangovar ruhda o‘ynay oladi. O‘zimizni o‘yinga kelsak, bu bahsda asosan o‘z o‘yinimizni yo‘lga qo‘yishimiz kerak edi. Chunki undan oldingi turda “Nasaf”ga mag‘lubiyatga uchradik. O‘z muxlislarimiz qarshisida, Navoiyda 1,5 yildan beri o‘ynay olmayotgandik. Shu bois ushbu o‘yinda stadion ishqibozlar bilan to‘lishini bilardik. O‘z uyingizda to‘p va o‘yin nazoratini qo‘lga olmasangiz muxlislar norozi bo‘lishi mumkin. Biz shu sababli ham ko‘proq o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratib, g‘alaba qozonishga harakat qildik. Oldimizda g‘alabadan boshqa yo‘limiz ham yo‘q edi. Yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan keyin uyimizda yutmasak har xil noqulay vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bor kuchimiz bilan kurashdik. Mashg‘ulotlarda ham jiddiy ishladik. Yuqori o‘rinlarga kurashish uchun “Navbahor”ni yutganimiz yaxshi qadam bo‘ldi, deb o‘ylayman. Keyingi turlarda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alabalar qozonib, muxlislarimizni xursand qilish niyatidamiz.
Fikrlar