"Dinamo" EChLda o‘ynagan hujumchi bilan shartnoma imzoladi (foto)

  • 26 yanvar, 2022, 15:04
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliga yangi mavsumi oldidan "Dinamo" jamoasi selektsiya ishlarini davom ettirmoqda.

Tecno

Klub murabbiylar shtabi taklifiga ko‘ra, "Dinamo" jamoasi safiga Bosniya va Gertsogovina mamlakatidan Aleksandar Glishich kelib qo‘shildi. 29 yoshli forvard jamoaning hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun taklif etilgan. Bosniyalik hujumchi bilan bir yillik shartnoma imzolandi.

1992 yilda tug‘ilgan Glishich faoliyatini 2011 yilda Bosniyaning "Tsrvena Zemlya" klubida boshlagan bo‘lsa, 2015-2018 yillar davomida "Radnik" klubi sharafini himoya qilgan. 2019 yil Armanistonning "Banants" klubiga o‘tgan Aleksandar yarim mavsumdan keyin mamlakat chempioni "Alashkert"dan taklif olib, so‘nggi bir yarim yilda Erevan klubi safida Armaniston Premer-ligasi chempioni, kubogi va Superkubogi g‘olibiga aylangan. "Alashkert" safida jami 48 o‘yinda 15ta golga mualliflik qilgan.

Qayd etish joiz, Aleksandar Glishich 2021/22 yilgi mavsumda bir yo‘la Evropaning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli uchta turniri – Evropa Chempionlar ligasi, Evropa ligasi va Evropa Konferentsiyalar ligasida to‘p tepgan kam sonli o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Bosniyalik 29 yoshli forvard "Aleshkert" safida dastlab Evropa Chempionlar ligasi birinchi saralash bosqichida iyul oyida Uelsning "Konnas-Ki" klubi to‘sig‘idan o‘tgan bo‘lsa (1:0, 2:2), ikkinchi saralash bosqichida "Sherif"ga qarshi o‘yin o‘tkazib, mag‘lub (1:3, 0:1) bo‘lgan va "Aleshkert"ning yagona goli Glishich tomonidan kiritilgan. Natijada, "Sherif" EChLdagi sensatsion yurishini boshlagan bo‘lsa, "Aleshkert" Evropa ligasi saralash bosqichida qatnashgan.

Avgust oyida o‘tgan Evropa ligasi pley-off bosqichida esa aynan Glishichning 103-daqiqadagi goli "Aleshkert"ga Qozog‘iston chempioni "Qayrat" ustidan g‘alaba keltirgan (0:0 / 3:2). Bir hafta o‘tib, Evropa ligasi guruh bosqichiga o‘tish o‘yinida esa Glishich "Aleshkert" safida Stiven Jerrard murabbiyligidagi "Glazgo Reynjers"ga qarshi ikki o‘yinda ham to‘p tepgan, Armanistonda 0:0 hisobi qayd etilgan, Shotlandiyada esa "Reynjers" 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, guruh bosqichiga chiqqan.

Shu tariqa, Glishich Evropa Konferentsiyalar ligasi joriy mavsumi guruh bosqichiga tushgan "Aleshkert" safida Finlandiyaning "XIK", Avstriyaning "LASK" va Isroilning "Makkabi" klublariga qarshi o‘yinlarda maydonga tushib, 1ta gol va assistlarga mualliflik qilgan.

Armaniston chempioni bilan shartnomasini uzaytirmagan bosniyalik futbolchi "Dinamo"ga erkin agent sifatida qo‘shilib, shartnoma imzoladi.

photo_2022-01-26_14-48-57

"Dinamo" klubi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!