
"Dinamo"dan arazlagan Kojo yana katta sahnada yoxud Superliganing eng yaxshilari haqida
Superligada 19-tur yakuniga etdi. 7 ta o‘yinda mezbonlar 2 marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, mehmonlarda 3 ta g‘alaba va yana 2 ta bahsda durang kuzatildi. Odatdagidek, har bir uchrashuvning eng yaxshi aniqlandi.
“Neftchi” – “Qizilqum” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Nsungusi Effiong
“Neftchi” yana qimmatli ochkolarni boy berdi. Yaypanda “Qizilqum”ni qabul qilgan farg‘onaliklar 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘ldan chiqarishdi. Yakunda 2:2 hisobi qayd etildi. “Neftchi”ning nigeriyalik hujumchisi Nsungusi Effiong garchi gol urmagan bo‘lsa-da, maydonda faol to‘p surdi va aynan eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘ldi.
“Lokomotiv” – “Navbahor” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Yovan Jokich
Namanganliklar Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda yagona gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. “Navbahor”ning eng muhim ijrochilaridan biri serbiyalik Yovan Jokich yana o‘zini ko‘rsatib, jamoasi uchun katta hajmdagi ishni bajardi va u maydonda faol ko‘rindi.
“So‘g‘diyona” – “Andijon” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Muhammadkarim Toirov
Ikkinchi davrani beshta mag‘lubiyat bilan boshlagan andijonliklar nihoyat, 19-turga kelib dastlabki ochkosini qo‘lga kiritdilar. Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi. “Andijon” yarim himoyachisi Muhammadkarim Toirov himoyada ham, hujumda ham jamoasi o‘yinida bog‘lamlikni yaxshi bajardi va uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deya e’tirof etildi.
“Metallurg” – “Paxtakor” – 3:2. Eng yaxshi futbolchi: Marko Milichkovich
Chempionatda g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Metallurg” “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda betakror kambekni amalga oshirib, ilk g‘alabasini tantana qildi. Hisobni “Paxtakor” ochganiga qaramay, keyinchalik o‘yin surati o‘zgarib ketdi. Ayniqsa, bahs yakuniga sanoqli soniyalar qolganida (90+8-daqiqada) “Metallurg”ning chernogoriyalik yarim himoyachisi Marko Milichkovich maydon markaziga etmasdan “Paxtakor” darvozasiga super gol urdi. Bu katta ehtimol bilan yil goliga aylanadi. Mana shunday gol urgan va jamoasiga chempionatdagi ilk g‘alabani taqdim etgan futbolchi eng zo‘ri bo‘lishi tabiiy.
“Olimpik” – “Dinamo” – 0:3. Eng yaxshi futbolchi: Joel Kojo
O‘yin oldidan “Dinamo” va Kojo o‘rtasidagi vaziyat asosiy mavzuga aylangandi. Legioner hujumchiga Eronning “Istiqlol” klubidan aniq taklif tushgani, biroq “Dinamo” bunga rozi bo‘lmagani fonida futbolchi bundan qattiq ranjiganini izhor qilgandi. O‘yin arafasida esa tomonlar kelishib olishdi. Natijada arazlagan Joel o‘yinga yana yuqori ishtiyoq bilan maydonga tushib, gol ham urdi. Jamoasi esa yirik hisobda g‘olib chiqdi. O‘yinning eng yaxshi futbolchisiga ham aylandi. Uchrashuvdan so‘ng futbolchi ham, Abramov ham hammasi joyida ekanligini ta’kidlashdi.
“Surxon” – “Bunyodkor” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Najmiddin Normurodov
Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Surxon” hamda “Bunyodkor” o‘rtasidagi uchrashuvda yagona gol o‘yin taqdirini hal qildi. Mehmonlar himoyachisi Najmiddin Normurodovning goli “Bunyodkor”ga safarda juda qimmatli g‘alabani taqdim qildi. Ikkinchi davrada natijalarini yaxshilab borayotgan “Qaldirg‘ochlar” mavqeini tiklash jarayonida. Normurodov esa “Surxon” bilan uchrashuv qahramoniga aylandi.
"Nasaf" - OKMK - 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Javohir Siddiqov
Chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan "Nasaf" bu turda eng yaqin ta’qibchisi OKMKni qabul qildi va 2:0 hisobida raqibini engib, hech qanday imkoniyat qoldirmadi. "Nasaf" chempionlik uchun yana katta qadam tashladi. Birinchi bo‘limda mezbonlar yarim himoyachisi Javohir Siddiqovning dubli "Ajdarlar"ga uch ochkoni taqdim qildi. Natijada uchrashuv qahramoniga aylangan Javohir eng yaxshi o‘yinchiga aylandi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar