Diyor Mirzaboev: Futbolchilarning saviyasi to‘g‘ri kelmaydi, degan gapga qo‘shilmayman

  • 21 iyun, 2020, 22:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi ushbu turda o‘z maydonida “Metallurg”ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida “Andijon” jamoasining katta murabbiyi Diyor Mirzaboev qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. Avvalo, u o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

- Hozirdan biror nima desam xuddi bahonaga o‘xshab tuyulishi mumkin, - deya gap boshladi, katta murabbiy. - Mag‘lubiyatimizda esa darvozabonni ayblamagan bo‘lardim. U hali yosh, hamma ham xato qiladi, faqat Parvardigor xato qilmaydi. Xabaringlar bor, jamoamizga yangi bosh murabbiy – Viktor Kumikov kelgan. Uning futbolga o‘z qarashlari va falsafasi bor. To‘g‘risi, o‘zining fikri va o‘yinini futbolchilarga to‘liq etkazgani vaqt etmayapti. O‘yindan-o‘yinga o‘sishga harakat qilamiz. Bugun g‘alaba qozonishni rosa xohlagandik. Afsuski...

- Yangi bosh murabbiy kelgani bilan tarkibdagi futbolchilarning malakasi va saviyasi etarli darajada bo‘lmasa, baribir qiyin. Shuni hisobga olganda, hozirgi vaziyatdan qanday qilib chiqib ketmoqchisizlar?

- Faqat mehnat qilamiz, o‘yinlarni ko‘rib tahlil qilamiz. Kerakli xulosalarni chiqargandan so‘ng kamchiliklar ustida ishlaymiz. Lekin futbolchilarning saviyasi to‘g‘ri kelmaydi, degan gapga qo‘shilmayman. Hammasi Superligada o‘ynagan, kelajagi porloq yigitlar.

- Birinchi davradan keyin tarkibga tajribali o‘yinchilarni qo‘shish rejada bormi?

- Ha, niyatimiz bor. Transfer oynasi ochilishiga hali vaqt bor. Tajribali futbolchilarni olish uchun avvalo shartnomalariga qarash kerak. Chunki amalda bitimi bor futbolchilarni qo‘lga kirita olmaymiz. Ko‘z ostimizga olib qo‘ygan o‘yinchilarni tarkibga qo‘shib olishga harakat qilamiz. Har bitta chiziqni kuchaytirishni niyat qilganmiz. Bu borada bizning ro‘yxatimiz bor. Hozirdan selektsiya ishlari olib borilmoqda.

- Kumikov kelganidan keyin jamoa o‘yinida qandaydir o‘zgarishni sezyapsizmi?

- Ungacha ham bizda bosh murabbiy bo‘lgan va u bilan ham birga ishlaganmiz. Ikkalasining futbolga qarashlari boshqacha. Hozircha yangi murabbiy u qadar katta o‘zgarishlar qilgani yo‘q. Boya aytganimdek, unga o‘zining falsafasi va o‘yinini moslashtirgani vaqt kerak.

- Umuman olganda, “Andijon” qachon g‘alaba qozonadi deb o‘ylaysiz?

- Hozirgi holatda klubdagi hammaning niyati shu, g‘alaba qozonish. Ammo birgina niyatning o‘zi etmasligini ham tushunib turibmiz. Shunga yarasha qattiq mehnat qilish kerak. Har bir o‘yinga g‘alaba qozonishni maqsad qilib tushamiz. Ko‘ryapsiz, qaerdadir omad etishmayapti, balki ruhiy bosim bo‘lishi ham mumkin. “Buxoro” bilan o‘yinning oxirgi soniyalarida gol o‘tkazib, tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborganimiz ham ta’sir qilgandir. Qancha tez g‘alabaga erishsak, shuncha tez o‘zimizga kelamiz.

- Kumikov kelgach, buning ijobiy tomoni bo‘ldimi?

- Har bir jamoada murabbiy almashsa, yaxshi tomonga o‘zgarish ham bo‘ladi yoki qandaydir minus tomonlari bo‘lishi ham mumkin. Biz esa hozircha yaxshi jihatlarimizni ko‘rsata olmayapmiz. Lekin sizlarni ishontirib aytamanki, Evropa maydonlarida ishlagan murabbiyning saviyasi kuchli. Umuman, murabbiy kelgach, yaxshi tomonga o‘zgarishlar ham bor. Shu bilan birga futbolchilarimizga tushuntira olmayotgan jihatlarimiz ham yo‘q emas. Umuman, oldingi va hozirgi murabbiyni ham o‘z ishining ustalari deb hisoblayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Ikki turdan beri zaxiradan maydonga tushayotgan futbolchilar o‘yinni kuchaytira olishmayapti? Bunga sabab nima?

- “Buxoro” bilan o‘yindan keyin ham shunday savol berishgandi. Har bir murabbiy o‘yinga zaxira variantlarini tuzib qo‘yadi. Zaxiramizdagi o‘yinchilarga ham maydonga tushganda o‘yinni kuchaytirish borasida uqtirganmiz va raqibning kuchli hamda kuchsiz tomonlarini tushuntirganmiz. Afsuski, hozircha o‘ylaganlarimiz ish bermayapti. Lekin kimnidir yaxshi yoki yomon o‘ynadi deb ajratib ko‘rsatmoqchi emasman. Ammo hali zaxiradagilar o‘yinni kuchaytira olishmayapti. Aslida hozirgi jamoa kimniki bo‘ladi? Qishda tayyorlagan murabbiyniki bo‘ladi. Chunki Xomyakov qishki yig‘inda jamoani o‘zi tayyorlagan. Ayni paytda murabbiyning ayrim pozitsiyadagi futbolchilarga e’tirozi bor. Yangi murabbiy har doim o‘yinchilarga albatta g‘alabalar ham keladi deb aytadi.

- Qanot o‘yinchilari – Azamat Isroilov bilan Farhod Mirahmatovning o‘yiniga qanday baho berasiz?

- O‘yinning ertasiga videozapisni ko‘rib chiqamiz. Ana shundan so‘ng biror nima ayta olaman. Hozir esa hissiyotda nimadir deya olmayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!