Doku: "Arsenal"ga qarshi o'yin chempionlik poygasini hal qilishi mumkin"
"Manchester Siti" vingeri Jeremi Doku Angliya Premier-ligasida "Arsenal" bilan kechayotgan chempionlik kurashi haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
"Shaharliklar"ning "Chelsi" ustidan 3:0 hisobidagi ishonchli gʻalabasi va "Arsenal"ning "Bornmut"ga 1:2 hisobida magʻlub boʻlishi ortidan jadvaldagi farq 6 ochkoga qisqardi. Bundan tashqari, Xosep Gvardiola shogirdlarida yana bitta zahira oʻyini ham mavjud. 19 aprel kuni jamoalar "Etihad"da oʻzaro toʻqnash keladi.
Dokuning taʼkidlashicha, u chempionlik imkoniyatiga toʻliq ishonmoqda va navbatdagi bahsni hal qiluvchi deb hisoblaydi.
"Ishonmasam, aqldan ozgan boʻlardim. Menimcha, chempionlik poygasi hali davom etmoqda. Oldimizda juda katta oʻyin turibdi, biz yaxshi tiklanishni rejalashtirganmiz va uni intiqilik bilan kutyapmiz.
Men "Arsenal"ning "Bornmut"ga qarshi oʻyinini koʻrdim. Ular yutqazganini koʻrgach, Premier-liga naqadar kutilmagan liga ekanini yana bir bor angladim.
Biz esa faqat oʻz oʻyinimizga eʼtibor qaratdik. Gʻalaba hech qachon oʻz-oʻzidan kelmaydi, bu alohida ahamiyatga ega natija.
Agar keyingi hafta gʻalaba qozonsak, bu ular uchun katta zarba boʻladi. Agar yutqazsak, barchasi ularning qoʻlida qoladi va biz faqat ularning ochko yoʻqotishini kutishga majbur boʻlamiz. Ammo gʻalaba qozonsak, hammasi oʻz qoʻlimizda boʻladi va men aynan shunday holatni afzal koʻraman.
Ular ham juda chanqoq holda kelishadi. Gʻalabani osongina berib qoʻyishmaydi, shuning uchun biz oʻz imkoniyatimizni olishimiz shart. Ishoning, biz bu oʻyinga juda yaxshi tayyorgarlik koʻramiz", — dedi Doku.

Fikrlar