Do‘smatovning azaliy raqibi alamli mag‘lubiyatni qanday qabul qildi?

  • 3 avgust, 2024, 14:37
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 4
  • Boks
CHERY AUTO

Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqasi qizg‘in pallaga kirdi.

Tecno

Olimpiadaning eng keskin va murosasiz bellashuvlaridan biri 51 kilogrammagacha vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov va qozog‘istonlik Saken Bibossinov o‘rtasida kechdi.

Keyingi paytda o‘zbek va qozoq bokschilarining ringdagi to‘qnashuvini “el-klasiko” nomi bilan atash urf bo‘lgan. Bu galgi bahsgacha har ikki charm qo‘lqop ustasi o‘zaro uch marotaba ro‘baro‘ kelgan edi. 2021 yilgi ilk to‘qnashuvda qozoq bokschisining qo‘li baland ko‘tarilgan.

Keyinchalik 2022 va 2023 yilgi janglarda Hasanboy Do‘smatov g‘alaba qozonib, umumiy hisobda oldinga chiqib oldi.

Parij Olimpiadasiga har ikki yigit faqat oltin medalni ko‘zlab kelgan. Hasanboy ikkinchi bor Olimpiada shohsupaga ko‘tarilmoqchi. Saken esa, bu gal  cho‘qqini ilk bor zabt etish imkonini qidirayotgan edi.

“Finaldan oldingi final” deya ta’riflangan jangning birinchi raundida Saken Bibossinov ochkolar hisobida oldinga chiqib oldi. Lekin bellashuvning qolgan qismida o‘zbekistonlik “Professor” bexato harakat qildi va yakunda g‘alabani ilib ketdi.

Hasanboy Do‘smatov yarim finalga chiqib, kamida bronza medalni naqd qildi va lekin yana chempion bo‘lish orzusida yurishini davom ettiradi.

Uchrashuvdan keyin Saken Bibossinov jang borasida fikr bildirdi.

- Hammasini o‘zingiz ko‘rdingiz. Qo‘limdan kelganini qildim. Jangda 2:3 hisobida yutqazdim. Raqibimni g‘alaba bilan tabriklayman va unga omad tilayman.

Hasanboy asosiy raqibim edi, uni yutganimda hech bo‘lmaganida bronza medalga ega chiqardim. Hammasi Xudodan.

Olimpiadada yurtim sharafini himoya qilish imkoniga ega bo‘lganimdan minnatdorman. Lekin buni etarli darajada uddalay olmadim, deb hisoblayman.

Tokio Olimpiadasidagi bronza medaldan keyin bu gal oltin medalni qo‘lga kiritmoqchi edim. Qattiq tayyorgarlik ko‘rgandim. Xatolar bo‘ldi, endi ular ustida ishlaymiz. Barcha muxlislardan, oilamdan meni qo‘llab-quvvatlab turganlari uchun minnatdorman.

Mag‘lubiyat alamli bo‘ldi. Hakamlar mening qo‘limni ko‘tarmadi. Men ring ichidagi ishlarga javob beraman. Qo‘limdan kelganicha harakat qildim, - dedi Saken Bibossinov.  

Qozog‘iston terma jamoasi bokschilarining Olimpiadagi ishtirokini tahlil qilib borayotgan ushbu mamlakatning tajribali murabbiy va ekspertlaridan biri Tursungali Edilov Saken Bibossinov Hasanboy Do‘smatovga toza yutqazganini ta’kidladi.

- Bu Olimpiadada erkaklar o‘rtasidagi boks musobaqalarida faqat bitta medal bilan kifoyalanishga majburligimiz achinarli. Bu medal uchun Nurbek Oralbayga rahmat.

Saken Bibossinovga ham achinaman, albatta. Lekin u toza yutqazdi.

Birinchi raundda Saken juda yaxshi harakat qildi, biroq Do‘smatov keyin faollikni oshirdi. Hasanboy faolroq ishladi, ko‘proq va aniqroq zarba berdi. Bizning jangichi bunga moslasha olmadi, - dedi Tursungali Edilov.

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Yusupov Ibrohim
03/08/2024 13:26
Saken ham ajoyib yigit,ikkalasiga ham omad.
Alijon Bolbekov
03/08/2024 20:35
Sakenga omad tilayman u ham medalga haqli ekanini isbotladi lekin Hasanboy undan kuchli va aqilli edi
ишбобоев жума
03/08/2024 13:17
Балли Хасанбой!!!
&
Sherbek1980
03/08/2024 20:35
Купчилик Козогистонлик мухлислар маглубиятни мардларча тан олса яхши буларди. Хадеб ичи коралик килиб айбни бошкаларга тункамасдан.