
Dzyudo. O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi xorijlik mutaxassis bilan kuchaytirildi
O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga davlat darajasida ustuvor ahamiyat berilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijlik mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa samarali tajriba almashish, sportchi va murabbiylarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, milliy terma jamoalarning jahon maydonidagi mavqeini mustahkamlashni ta’minlamoqda.
Bugungi kunda turli jamoalar tarkibida xorijlik murabbiylar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda va ularni jalb qilish amaliyoti yuqori samaradorlik ko‘rsatmoqda. Ushbu siyosatni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi erkaklar terma jamoasi murabbiylar shtabining yangi a’zosi, rossiyalik mutaxassis Kamil Magomedov bilan shartnoma imzoladi. Shartnoma O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov va Kamil Magomedov tomonidan imzolandi.
Ma’lumot uchun: 44 yoshli Kamil Magomedovich Magomedov sportchilik faoliyati davomida -81 va -90 vazn toifalarida ishtirok etgan. 2012 yilda u jamoaviy jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi, uch karra Evropa chempionati sovrindori bo‘ldi. Shuningdek, Evropa kubogi va politsiya xodimlari o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi.
Bunday darajadagi mutaxassislarni jalb qilish milliy dzyudomizni rivojlantirish va O‘zbekiston terma jamoasining eng yirik xalqaro musobaqalardagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Fikrlar