
Dzyudo. O‘zbekiston Ulan-Batordagi turnirda kuchli to‘rtlikdan joy oldi
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahri mezbonlik qilgan "Katta Dubulg‘a" turkumiga kiruvchi nufuzli turnir yakuniga etdi.
Uch kunlik musobaqa yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston davlat madhiyasi Mo‘g‘uliston zaminida yangradi.
Abdurahim Nutfulloev (-66 kg) "Ulaanbaatar Grand Slam 2025" chempioniga aylandi. Bu bilan u musobaqaning kichik shov-shuvi sababchisi bo‘ldi. Bu uning "Grand Slam" turkumiga kiruvchi turnirlardagi ilk medali edi. Hal qiluvchi final bahsida jahon reytingi peshqadamlaridan biri, Parij-2024 Olimpiadasi bronza medali sovrindori Denis Vieru (Moldova) ustidan g‘alabaga erishdi. Bu muvaffaqiyati, ya’ni qo‘lga kiritilgan 1000 ochko evaziga yangilangan jahon reytingida 64-pog‘onadan 29-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Umar Bozorov (-90 kg) — "Ulaanbaatar Grand Slam 2025" turnirining kumush medaliga sazovor bo‘ldi. U yarim finalda ajoyib kambek evaziga rossiyalik Edilsultanovni mag‘lubiyatga uchratdi. Finalda dzyudo vatani vakiliga imkoniyatni boy berdi. Bozorov 700 ochko sabab reytingda 23-o‘ringa yuqoriladi.
O‘tkirbek To‘raboev (+100 kg) bronza medali uchun kechgan bellashuvda rossiyalik raqibga yutqazib, musobaqani kuchli beshlikda yakunladi.
Bu haqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Fikrlar