EChL. "Barselona" va "Yuventus" bahslari uchun prevyu: Keyingi bosqich masalasini hal qilgan grandlar - autsayderlarga qarshi!

  • 2 dekabr, 2020, 21:51
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“E”, “F”, “G”, “H” guruhlarida 5 tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Ushbu guruhlardan 2 tasida keyingi bosqichga chiquvchi jamoalar nomi muddatidan avval aniq bo‘lib ulgurgan bo‘lsa, qolgan ikkisida intriga haligacha avjida. 

Biz esa bugun sizlar bilan ana shu hamma narsa aniq bo‘lib ulgurgan, biroq muxlislari ko‘p bo‘lgan jamoalarning o‘yini haqida gaplashamiz: “G” guruhi. “Ferentsvarosh” - “Barselona”, “Yuventus” - “Dinamo Kiev”.

“Ferentsvarosh” - “Barselona”

ZjyFtJau

Guruh autsayderi o‘z uyida peshqadam katalonlarni mehmon qiladi. Bir qarashda deyarli ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yin sifatida ko‘zga tashlansa-da, bu o‘yin ham bir qancha qiziqarli jihatlari bilan omma va fanatlar e’tiborini tortishi aniq. Sababi, “Barselona” yangi mavsumda ichki chempionatdan ko‘ra, halqaro arenada muvaffaqiyatliroq o‘yin namoyish etmoqda. Buning isboti sifatida ularning ikkala turnirda to‘plagan ochkolariga qarash kifoya. La Ligada 8 o‘yinda 11, EChLda 4 o‘yinda 12 ochko to‘plagan kataloniyaliklar mavsum boshida ayrim muammolarga uchraganiga qaramay, hozirga kelib ancha o‘zini tiklab oldi va ketma-ket o‘yinlarda yirik hisobli g‘alabalarni qayd etmoqda. Bugun esa ular Vengriyaga asosiy etakchilarisiz uchib ketishadi: xo‘sh, ular g‘alabali yurishini shu tarzda ham davom ettiroladimi yoki buni eplay olmaydimi? 

"Ferentsvarosh"

Vengriyaning 31 karra chempioni bu mavsum EChLning haqiqiy qiyin guruhidan joy oldi: “Barselona” va “Yuventus” bor bo‘lgan guruhdan keyingi bosqichga o‘ta olishga ularning darajasi etmadi. Lekin shunday bo‘lsa-da, ular uchun hali hammasi tugagani yo‘q. Jamoa Evropa ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi hamda xalqaro maydondagi yurishini davom ettirishi mumkin. Buning uchun ular bugun “ko‘k-anorranglilar”dan ochko olishi va “Dinamo" Kievning “Yuventus”ga yutkazishini tilab turishlari lozim. Ammo baribir, asosiy masala ularning o‘zida, yutgan taqdirda ular uchun 3-o‘rin kafolatlanishi mumkin. Tarkib borasida esa muammolar yo‘q, hamma optimal sport formasida.

Taxminiy tarkiblar: Dibush; Geyster, Dvali, Frimpong, David; Zubkov, Myurto, Somalia, Nguen; Lovrenchich, Frank.

"Barselona"

“Barselona”da esa vaziyat birmuncha engil, ular guruhni 1-o‘rin bilan yakunlab, keyingi bosqichga chiqish uchungina o‘ynashlari mumkin. Kumanning bu o‘yinga munosabatini etakchilarga dam berganligiga qarab ham bilish qiyin emas. Niderlandiyalik murabbiy bugungi bahs uchun Budapeshtga jamoa yulduzlari Leo Messi, Filippe Koutino va Ter Shtegenni olib ketmadi, ularga dam berishni ma’qul ko‘rdi. Bundan tashqari klubda bir qancha jarohatdagi futbolchilar ham mavjud bo‘lib, ular bugun jamoaga yordam berolmaydi: Pike, Roberto, Umtiti, Fati va Arauxo. Kecha amaldagi chempion “Bavariya” ikkinchi tarkibi bilan “Atletiko”dan ochko olgani yodingizda bo‘lsa kerak. Ko‘ramiz, bugun “Barsa” ham autsayderdan shunday tarkibi bilan ochko ola bilarmikan?

Taxminiy tarkiblar: Netu; Alba, Mingeza, Buskets, Dest; Pyanich, Alenya; Dembele, Trinkau, Pedri; Breytueyt.

EoPGFZhXcAEtNjU

“Yuventus” - “Dinamo” Kiev

Ushbu guruhning ikkinchi o‘rindagi jamoasi o‘z uyida Kievning “Dinamo”sini qabul qiladi. Bu uchrashuvning birinchisidan farqi, “Alyants arena”dagi baxs favoritning yaqqol ustunligi darhol ko‘zga tashlanishi bilan ajralib turadi. Jamoalarning holati haqida so‘z ketganda, “Yuventus”ning har tomonlama ustunligini ta’kidlashdan boshqa yo‘limiz yo‘q. Lekin, boshqa jihatdan qarasak, kievliklarda Turin klubiga qaraganda motivatsiya ko‘proq. Demak, boshladik!

1500x500

“Yuventus”

So‘nggi 6 bahsning 4 tasida g‘alaba, 2 tasida durang natija qayd etgan turinliklar EChLga optimal sport formasida va quvnoq kayfiyatda etib kelmoqda. Oxirgi marta “Yuve” EChL ikkinchi turida “Barselona”ga mag‘lub bo‘lgandi, shundan beri Pirlo shogirdlari mag‘lubiyat ko‘chasiga kirganicha yo‘q. Har bir o‘yinda gol urilmoqda va eng muhimi 1/8 final masalasi hal qilib bo‘lingan. Shu sababli, ular bugun bosimsiz va iloji boricha keyingi o‘yinlarga kuch tejagan holda o‘ynashi kutilmoqda. Jamoada (Kellini va Demiraldan tashqari) deyarli yo‘qotishlar yo‘q, Pirlo istalgan tarkibini maydonga tushira oladi. Ammo, jamoa yulduzi Krishtano Ronalduning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.

Taxminiy tarkiblar: Buffon; Danilo, Bonuchchi, De Ligt; Kuadrado, Makkenni, Bentankur, Frabotta; Keza, Kulusevski, Morata. 

EoPMi90WMAEVVzx

“Dinamo” Kiev

Umumiy 4 o‘yinda atigi 1 ochko yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan Kievliklar 5-turga ko‘plab yo‘qotishlar va jarohatlar bilan etib keldi. Guruhda qolib ketishi allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan klub hozirda eng kamida Evropa ligasi yo‘llanmasiga ega bo‘lish uchun harakat qilishni maqsad qilgan. Lekin bu oson ish emas. Muammoli tarkibi bilan esa bu yanada qiyinroq ko‘rinadi. “Dinamo” Besedin, Burda, Buyalskiy, Dielund, Kostevich, Rusin va Timchik singari muhim o‘yinchilarisiz maydonga tushishga majbur. Ularga bugun oson bo‘lmasligi tayin. Ko‘ramiz, “Yuve” muammosiz 3 ochkoga ega chiqarmikan yoki kievliklarga EL yo‘llanmasini olish uchun yordamlashib yuborarmikan…

Taxminiy tarkiblar: Bushan; Karavaev, Popov, Zabarniy, Kedziora; Shaparenko, Andrievskiy; De Pena, Buyalskiy, Tsigankov; Verbich.

EoAlSw4XUAAd6h5

Hulosa o‘rnida

Umumiy olib qaraganda, birinchi uchrashuvda “Ferentsvarosh”ning imkoniyatlari ham yuqoridek ko‘rinmoqda, lekin birinchi turda budapeshtliklarning “Barselona”ga qarshi deyarli hech nima qilolmaganini ham eslashimiz lozim. Shu tufayli, Kuman shogirdlari bugungi bahsda unchalik qiynalmasliklari taxmin qilinmoqda. Bizning fikrimizcha, bugun mehmonlar minimal hisobda g‘alabaga erishadi. 

“Yuve” bu o‘yinda yaqqol favorit, lekin o‘tgan mavsumda ana shunday mutlaq favorit maqomidagi bahslardan bir nechtasida yuta olmay qolgani haligacha esimizdan chiqmagan. Shu sababli, o‘yni haqida nimadir deyishiz qiyin. Bizningcha, bugun “Yuve” o‘z so‘zini aytadi va “Barselona” kabi minimum hisobda g‘alaba qozonadi. Albatta, bu shunchaki taxmin, barchasini maydondagi vaziyat hal qiladi. Birga kuzatamiz!

Abdulla Mannonov tayyorladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!