
“El-klasiko” ko‘rsatib berdi: “Barselona” kasal, Seten esa uning davosi emas
Xerar Pike o‘yindan so‘ng bergan intervyusida birinchi taymda faoliyatidagi eng kuchsiz “Real”ni ko‘rganini aytib o‘tdi. Balki, “Barsa”ning “bo‘lg‘usi prezidenti” aytgan fikrlar o‘rinlidir. U holda Pikening jamoasi o‘sha kuchsiz klubga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lganini qanday izohlash mumkin? “Barselona” kasal!
Avvalo, ular madridliklarning birinchi taymdagi xatolaridan so‘ng ustunlikni qo‘lga ola bilishmadi, 3 ta yaqqol vaziyatdan unumli foydalanishmadi. Antuan Grizmanning jarima maydonchasi markazidan bergan zarbasi tayyorgarliksiz berilgani yaqqol bilindi. Messining zarbalari darvozaga aniq borgan bo‘lsa-da, ular u qadar kuchli emasdi. Arturning zarbasi belgiyalik posbon tomonidan qaytarildi.
Undan ham xavflirog‘i, ikkinchi bo‘limda Marselo va Valverdening “sa’y-harakatlari” sabab Messi “Santyago Bernabeu”ni jarohat bilan, boshini quyi solib tark etdi.
Madridga ular 2 ochko farq, “klasiko”lar statistikasidagi ustunlik bilan kelishgan edi. Endi ularda hech biri yo‘q. Muammolar hal bo‘lish o‘rniga bolalab ketyapti. “Ko‘k-anorranglilar” ushbu mavsum La Ligada 13 ta safar uchrashuvidan atigi 1 tasida darvozalari dahlsizligini saqlab qola olishgan. O‘tgan yilning 1 dekabr kuni muammolari bilan o‘ralashib yotgan “Atletiko”ga qarshi uchrashuvda ular buni uddalashgan edi.
Messi ham jamoasi kabi omadsiz mavsum o‘tkazmoqda. Argentinalik forvard mehmondagi 7 ta bahsda ketma ket gol ura olmadi. Messida bu kabi holat 2006-2007 yilgi mavsumda kuzatilgandi. Biroq u paytda Leoga “Barselona”da asosiy tarkib kafolatlanmagan edi.
“Barselona” ham 1974-1975 yildan beri ketma-ket “klasiko”larda nursiz o‘yin namoyish etmayotgandi. Bundan tashqari, kechagi to‘qnashuv barselonaliklarning Madriddagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Darhaqiqat, oxirgi yillarda “Bernabeu” “Barsa” uchun bayram maydoniga aylanib qolgandi. 2014 yilgi Madriddagi kambekdan so‘ng “Barselona” muxlislari orasida “BernaLeo” atamasi keng qo‘llaniladigan bo‘lib qoldi. La Liga doirasidagi “El klasiko”larda kataloniyaliklar 2006 yildan beri “Bernabeu”dan golsiz qaytishmagan. Pikening so‘zlariga ko‘ra, Madridda g‘alaba qozonishning qizig‘i qolmagan.
Ko‘p narsalar o‘zgardi
Balki Kike Seten jamoada qolishga etarli darajada kuchli murabbiydir. Ammo Valverdening iste’fosidan keyin klubning ahvoli yaxshi tomonga o‘zgardimi? Fikrimizcha, yo‘q! Messi “Real” maydonida avvalgilardan ham yolg‘iz ko‘rindi. Hujum chizig‘ida unga munosib sherik topilmayapti. To‘g‘ri, Grizmannga bo‘lgan qiziqish Luis Enrike davridan beri bor edi. Ammo Neymar ketib, Dembelening o‘yini o‘xshamay qolgach, frantsiyalik hujumchini klubga olib kelishdi. Biroq u ham Suaresning o‘rnini to‘laqonli sezdirmayapti, deya olmaymiz. “Lucho”ning “Barselona”si himoyada to‘pni tepib yuborishni afzal ko‘rardi. Bu darvozaga yaqin nuqtada to‘pni yo‘qotishdan ko‘ra yaxshiroq. Muhimi, hujum bartaraf etilardi.
Grizmanning natijalari u jamoaga moslashib ketdi degan fikrni uyg‘otishi mumkin. U “Napoli”ga qarshi chempionlar ligasi o‘yinida ham gol urdi. Lekin baribir unda nimadir joyida emas.
Seten to‘p nazoratini qaytara oldi, lekin hali ham hujumda aniq reja, taktik ishlanmalar yo‘q. Murabbiy Messining mo‘jizalariga umid bog‘laydigan o‘yinni tashkil etmoqda. Messining o‘zida ham natijalar yomon. Setenning jamoasi Leoga suyanib qolgan bo‘lsa, holiga voy. Ularning baxtiga «klasiko»dagi jarohat jiddiy bo‘lib chiqmasin.
Goal.com saytidan Abdulvosid VALIXONOV tarjimasi
Fikrlar