
Eng zo‘r to‘purar yangi jamoaga o‘tdi
Bundesliganing o‘tgan mavsumida eng ko‘p gol urgan Niklas Fyullkrug faoliyatini Dortmundda davom ettiradigan bo‘ldi.
“Borussiya” rasmiy sayti transfer oynasi yopilish arafasida “Verder” forvardini o‘z safiga qo‘shib olganini ma’lum qildi.
Dortmundliklar 30 yoshli futbolchi bilan 2026 yilning 30 iyunigacha davom etadigan bitim tuzdi. “Verder” o‘z forvardi transferi uchun 13 million evro oldi.
- “Borussiya” o‘ziga xos klub. Men shu klubga o‘tishni orzu qilayotganim uchun taklifdan juda mamnun bo‘ldim. Bu jamoada o‘yinchi sifatida yanada o‘sishim va yangi tajriba orttirishim uchun yaxshi imkoniyat bor, - dedi Fyullkrug.
Tajribali hujumchi “Verder” safida barcha turnirlarda 124 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 49 marta ishg‘ol qilgan. O‘tgan mavsumda Niklas 16 ta gol bilan Bundesliganing eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
Bundan tashqari, Fyullkrug Germaniya terma jamoasi safida to‘qqizta uchrashuvda ettita to‘p kiritib, ajoyib statistika qayd etmoqda.
Fikrlar