Enzo Mareska “Siti” transferlari va mavsumoldi rejasi bo‘yicha ish boshlandi
Italiyalik murabbiy Enco Mareska “Manchester Siti”dagi tayinlovi oldidan transfer siyosati va mavsumoldi tayyorgarlik rejalari ustida ish boshlagani ma'lum bo‘ldi.
The Athletic nashri xabariga ko‘ra, italyalik mutaxassis klub bosh murabbiyi lavozimida Xosep Gvardiolani almashtirishi kutilmoqda.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, Mareska yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonida sport direktori Ugu Viana bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Mutaxassis bosh murabbiylik vazifasini egalashga tayyorlanyapti va kelajak uchun strategiyalarni ishlab chiqishni allaqachon boshlagan.
Mareska “Chelsi” boshqaruvidagi yagona to‘liq mavsumida UEFA Konferensiyalar ligasi hamda 2025 yildagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan, shuningdek, klubni Chempionlar ligasiga olib chiqqan edi.
Enco Mareska 2022-2023 yildagi mavsumda “Manchester Siti”da Xosep Gvardiolaning murabbiylar shtabida ham ishlagan.
Jamoani oxirgi o‘n yil davomida boshqargan Gvardiola qo‘l ostida “shaharliklar” jami 20 ta sovrin yutishdi, jumladan, joriy mavsumda Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogini ham qo‘lga kiritdi.
Insayderlar ma'lumotiga ko‘ra, Gvardiolaning so‘nggi o‘yini 24 may, yakshanba kuni “Aston Villa”ga qarshi “Etihod” stadionida bo‘lib o‘tadigan Premyer-liganing so‘nggi tur uchrashuvi bo‘ladi.

Fikrlar