Eplasang darvozada tur!
Angliya Premer-ligasida yuqori o‘rinlarda borayotgan “Aston Villa” bosh murabbiyi Unay Emeri o‘z jamoasi asosiy darvozaboni Emiliano Martinesni “Chelsi” va “Arsenal” bilan o‘yinlardagi qo‘pol xatolari uchun koyib berdi.
Martinesning burchak zarbalar paytidagi ishonchsiz harakatlari ikki muhim o‘yinda jamoaning birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘ldi.
Agar “Chelsi”ga qarshi o‘yinda (2:1) jamoa kambek qila olgan bo‘lsa, “Arsenal” bilan to‘qnashuvda “villaliklar” qaqshatqichga mag‘lubiyatga uchradi (1:4).
Emerining fikricha, hakamlar bunday vaziyatlarda darvozabon tomonini kamroq ola boshladi, shu sababli u Martinesdan mashg‘ulotlarda qo‘shimcha ishlashni talab qilmoqda.
- Kelajakda bizga bo‘yi 220 santimetr bo‘lgan darvozabonlar kerak bo‘ladi. Balki ular boks qo‘lqopida o‘ynashi kerakdir. Martines darvozabonlar murabbiyi bilan birga ishlayapti, futboldagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda yangiliklarni o‘zlashtiryapti.
O‘zgarishlar hakamlarning bu kabi holatlarni qanday talqin qilishi bilan bog‘liq. Odatda, Emiliano burchak zarbalarida yoki uzun to‘plarda o‘z kuchini ko‘rsatardi.
Endi raqiblar darvozabonni itarishi yoki to‘sishi fol, deb baholanmayapti. Bu barcha darvozabonlar uchun muammoga aylanmoqda. Biz ham bu taktikani qo‘llashimiz mumkin, ammo bunday vaziyatlarda yaxshiroq himoyalanishga moslashishimiz kerak, - dedi Emeri.
Fikrlar