
Eron hukumati dzyudochisining isroillik raqibiga qarshi kurashishga ruxsat bermagani Eron dzyudo federatsiyasining chetlatilishi bilan yakunlandi
Bugundan Eron dzyudo federatsiyasi noma’lum muddatga Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) bayrog‘i ostida o‘tadigan har qanday musobaqalar, tadbirlar va harakatlardan butunlay chetlatildi. Bunga sabab esa o‘tgan oy Tokioda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Said Mullai bilan sodir bo‘lgan voqea sabab bo‘lmoqda.
Gap shundaki, JChda -81 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan 2018 yilgi jahon chempioni Said Mullai yarim finalda isroillik Sagi Muki bilan to‘qnash kelishi kerak edi. Sportchi har qancha harakat qilmasin, unga Eron Milliy Olimpiya qo‘mitasi va sport vazirligidan qo‘ng‘iroq qilib, tatamiga chiqmaslik qat’iy buyurilgan. Bordiyu isroillik dzyudochi bilan kurashadigan bo‘lsa, o‘zi va oilasini uchun muammo bo‘lishi aytilgan. Tabiiyki, sportchi bellashuvga chiqmadi. Sagi Muki esa yakunda ushbu vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqadan so‘ng Xalqaro dzyudo federatsiyasi bu voqelikni bee’tibor qoldirmadi. Olib borilgan muzokaralardan so‘ng Eron tomonining bu ishi Xalqaro tashkilotning, xususan, Olimpiya xartiyasining faoliyatiga mutlaqo zid, deb topildi va Eron dzyudo federatsiyasi XDFning barcha tadbirlaridan chetlatildi. Quyidagi videoda sportchining o‘zi bo‘lib o‘tgan voqeani batafsil gapirib bergani bayon etilgan.
Fikrlar