
Ertaga uning Superligadagi debyuti!
Terma jamoamizning yig‘ini tufayli Coca-Cola Superligada tanaffus yuzaga kelgandi. Endi bo‘lsa, yana barchamizning e’tiborimiz ichki chempionatimiz bahslariga qaratiladi. Ertaga Superliganing 23-tur uchrashuvlariga start beriladi. “Andijon” – “Mash’al”, “Buxoro” – “Qizilqum” va “Lokomotiv” – AGMK klublari ishtirokidagi o‘yinlar bilan tur boshlanadi.
Dastlab, 14:30da Andijondagi “Sog‘lom avlod” stadionida “Andijon” – “Mash’al” jamoalari o‘rtasidagi bahsga start beriladi. Ushbu o‘yin maydon egalariga bosh murabbiylik qilayotgan Otabek G‘ulomxo‘jaev uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki u murabbiylik faoliyatida ilk bor Superligada o‘yin o‘tkazadi. Undan faqat g‘alaba kutilayotgan bir paytda o‘ziga yarasha his-hayajonlar bo‘lishi ham tabiiy.
Yodingizda bo‘lsa, mazkur klublarning birinchi davradagi uchrashuvi markazlashgan holda o‘tgan bo‘lib, “Paxtakor” stadionida kuch sinashishgan va unda hisob ochilmagandi. Hozirga qadar bu jamoalar chempionatlarimiz davomida 31 marta to‘qnash kelgan. “Andijon”ning hisobida 9 ta, “Mash’al”da esa 18 ta g‘alaba bor. Yana to‘rtta uchrashuv durang bilan yakun topgan. “Burgutlar” oxirgi bor muborakliklarni 2016 yilgi mavsumda 1:0 hisobida mag‘lub etgan. Biroq o‘sha mavsumning ikkinchi davrasida “Mash’al”dan 5:0 hisobida qaqshatgich zarbani ham qabul qilib olgan.
“Mash’al” klubi ham Andijonga qiyinchiliklar bilan etib keldi. U erda moliyaviy tomondan muammolar borligi sababli futbolchilarga anchadan beri oylik maosh to‘lanmayapti. Ushbu o‘yinga ham jamoa a’zolari balki ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘ra olmagandir, barchasi maydonda bilinadi. Ammo g‘alabaga o‘ta chanqoq bo‘lib turgan “Andijon” G‘ulomxo‘jaevning debyut uchrashuvida uch ochkoni qo‘lga kirita olarmikin? Bu savolga javobni ertaga o‘yindan keyin bilib olamiz.
Fikrlar