
Evropa Chempionligini qo‘lga kiritgan boshqa millat vakillaridan tuzilgan ramziy jamoa! Ular orasida Afrika, Janubiy Amerika va O‘zbekistonda tug‘ilgan futbolchilar ham bor?!
Ortda qolgan 15 musobaqada 10 terma jamoa g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan. Germaniya va Ispaniyada 3 tadan oltin medalga ega bo‘lgan bo‘lsa, Frantsiya ikki bor qit’ada tengsiz, deb topilgan. SSSR, Chexoslovakiya, Niderlandiya, Daniya, Gretsiya va Portugaliya bir marotabadan chempionlikni nishonlagan.
2004 yilda Gretsiya terma jamoasi bilan sensatsion ravishda turnirda tengsiz bo‘lgani yodingizdan ko‘tarilmagani aniq. Yunonlarning «oltin avlodi» safida O‘zbekistonda tug‘ilgan Dimitrios Papadopulos bo‘lganidan xabaringiz bormi? Jizzax viloyatidagi xalq tilida «Gagarin» deb yuritiluvchi shaharchada dunyoga kelgan. 7 yoshga to‘lgach, oilasi bilan Gretsiyaga ko‘chib ketadi.
Evropa chempionatida har doim ham g‘oliblar shu davlat vakili bo‘lavermaydi. Ular orasida Afrika, Osiyo va boshqa qit’aliklar ham mavjud. Xo‘sh, ular kim va asl vatani qaer? Bugun shu savollarga javob berishga qodir o‘ziga xos ramziy terma jamoani e’tiboringizga havola etmoqchimiz.
Oliver Kan (Latviya) - 1996 yilgi Evropa chempionati g‘olibi
Taniqli posbonni tanimagan futbol muxlisi bo‘lmasa kerak. U allaqachon nemis futbolining bir bo‘lagiga aylanganiga qaramay, otasi asli latviyalik. Uning buvisi Lipeya shahrida dunyoga kelgan. Shunday ekan, latviyaliklar Oliver Kan bilan bemalol faxrlanishi mumkin.
Marsel Desayi (Gana) - 2000 yilgi Evropa chempionati g‘olibi
Frantsiya terma jamoasi safida JCh va qit’a birinchiligida g‘olib chiqqan futbolchi Akkra shahrida tavallud topgan. Bolakayga Odenke Abbey ismi beriladi. Odenke 4 yoshga to‘lganida, uning onasi frantsuz diplomatiga turmushga chiqadi va Evropaga ko‘chib o‘tadi. Ganalik Abbey ko‘p o‘tmay Marsel Desayiga aylanadi.
Pepe (Braziliya) - 2016 yilgi Evropa chempionati g‘olibi
3 marotaba EChLda zafar quchgan yigit Portugaliya termasining chinakam etakchisi, ammo u Janubiy Amerikada tug‘ilgan. To‘liq ismi Kepler Lavren Lima bo‘lgan o‘spirin Evropaga kichik Maseyra shahridan ko‘chib keladi. Portugaliya terma jamoasi safida bunday marshrutni bosib o‘tganlar etarlicha, biroq Pepe ular orasidagi eng omadli tanlov. U 38 yoshda ham terma jamoaning asosiy suyanchig‘i sanaladi.
Danilu Pereyra (Gvineya - Bisao) - 2016 yilgi Evropa chempionati g‘olibi
PSJ futbolchisi G‘arbiy Afrikada tug‘ilgan bo‘lsada, futbol olamiga ortiqcha muammosiz kirib keldi. Danilo 5 yoshga to‘lganida, oilasi Portugaliyaga ko‘chib keldi. Qahramonimiz 7 yoshida «Benfika» klubi akademiyasiga qabul qilindi. Keyin nimalar bo‘lganidan xabaringiz bor.
Patrik Vieyra (Senegal/ Kabo-Verde) - 2000 yilgi Evropa chempionati g‘olibi
«Arsenal» va frantsuz futboli afsonasi 8 yoshga qadar Afrika qit’asida istiqomat qilgan. Senegalda tug‘ilgan bo‘lsada, u Kabo-Verdeliklar bilan katta bo‘ldi. Patrik «uchranglilar» safida qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarga ega chiqdi. Kuchli beshlikdagi deyarli barcha chempionatlarda to‘p surdi. Hozir dunyoning eng badavlat sportchilaridan biri sanaladi.
Markos Senna (Braziliya) - 2008 yilgi Evropa chempionati g‘olibi
Luis Aroganesning «topilmasi» bosib o‘tgan yo‘l sizni hayron qoldirishi aniq. Qahramonimiz 26 yoshga qadar Braziliyada to‘p surgan. 2002 yilda «San-Kaetano» klubi tayanch yarim himoyachisini «Vilyarreal» Ispaniyaga olib keldi. Uning transferi uchun «sariq suvosti kemasi» 600 ming evrodan voz kechdi. Luis Araganes 2006-2008 yillar oralig‘ida terma jamoa boshqaruvini o‘z holiga olgach, Senna tez-tez terma jamoadan taklif olishni boshladi. Markos «qizil furiya»ning ijodkor yarim himoyachilari erkin to‘p surishi uchun tayanch zonasida «jang» olib bordi. Yakunda, o‘z faoliyatidagi eng nufuzli sovringa ega chiqdi.
Uilyam Karvalyu (Angola) - 2016 yilgi Evropa chempioni
Afrikada tug‘ilgan yana bir amaldagi Evropa chempioni bilan tanishing. Portugaliya davlatining sobiq mustamlakasi bo‘lgan Angoladan kelgan yigit qisqa muddatda barcha orzusiga etishdi. Oilasini qashshoqlikdan qutqardi, futbol bilan shug‘ullanishda davom etdi.
Yuriy Jorkaeff - (Armaniston) - 2000 yilgi Evropa chempioni
Yuriy Frantsiya terma jamoasi bilan Patrik Vieyra singari barcha sovrinlarni yutib olgan. Uning otasi ham futbolchi bo‘lib, «uchranglilar» safida 48 o‘yin o‘tkazgan. Solishtiradigan bo‘lsak, Yuriyning natijasi ancha yaxshiroq: 82 o‘yinda 28 gol.
O‘zining shedevr gollari bilan tarixda qolgan futbolchining otasi polyak. Onasi esa, armanistonlik. Birinchi jahon urishi chog‘ida, Frantsiyaga ko‘chib o‘tadi. Shu erda, turmush o‘rtog‘i bilan tanishadi. Shunga qaramay, Yuriy o‘zini arman millatiga mansub ekanligini yashirib o‘tirmaydi.
«Mening yuragimda arman xalqi alohida o‘rin egallaydi. Tanamda tog‘liklar qoni oqayotganidan faxrlanaman. Buvam Garo Oganyanni yaxshi eslayman. Shu bois, o‘g‘limga Ogan deb ism qo‘yganman. Katta o‘g‘limning ismi Aram. U ham men singari o‘zini arman xalqi vakili deb hisoblaydi.»
Zayniddin Zidan (Jazoir) - 2000 yilgi Evropa chempioni
Barcha zamonlardagi eng kuchli texnika egasi sanalgan futbolchi Frantsiyada yorug‘ dunyoni ko‘rgan, ammo asli qaerlik ekanligini unutgani yo‘q. Bir necha o‘n yillardan beri, u ota-onasi bilan birgalikda Jazoirga tashrif buyuradi, xayriya kompaniyalari o‘tkazadi, Jazoirning mundialdagi o‘yinlarini tomosha qilish maqsadida stadionga tashrif buyuradi. Endi esa, Evropa birinchiligida Karim Benzemaga muxlislik qilishi aniq.
Nani (Kabo-Verde) - 2016 yilgi Evropa chempioni
«Manchester Yunayted»da Ronaldu singari porlagan, terma jamoada u bilan birgalikda «ko‘hna qit’a»da tengsizga aylangan Nani ham asli Afrikadan. Uning bolaligi Kabo-Verdening poytaxti Preada o‘tgan. Lissabonga ko‘chib o‘tgach, bolakay katta qiyinchiliklarni engib o‘tdi. Kalamushlar bilan to‘la uyda istiqomat qilgan bo‘lsada, orzusi sari intilishdan bir soniya ham to‘xtagani yo‘q.
Freddi Bobich (Sloveniya/Xorvatiya)
1995/96 yilgi mavsumda Freddi «Shtugart» safida Bundesliganing eng yaxshi to‘purariga aylandi. Shu bois, uni «bundesmanshaft» «Evro-1996»ga olib ketdi. To‘g‘ri, qahramonimiz musobaqada aytarli iz qoldirgani yo‘q. 3 o‘yinda zaxiradan tushdi. Shunga qaramay, undan oltin medalni hech kim olib qo‘ygani yo‘q. Familiyasining o‘zi bolqonlik ekanligini aytib turgan yigit Sloveniyaning Maribor shahrida ulg‘aygan. Otasi Sloveniyalik bo‘lsa, onasi Xorvatiyadan edi.
Fikrlar