Evropa Ligasi finali: prevyu

  • 21 avgust, 2020, 16:45
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa Ligasi darajasining ko‘tarilganiyu, jamoalarning ichki chempionatdagi natijalari haqida finalgacha rosa bahs yuritdik. Endi ular birmuncha uzoqroq o‘tmishga dohil. Bugun ushbu jamoalardan biri mavsumni titul bilan yakunlash sharafiga muvaffaq bo‘ladi. Har ikkisida yangi murabbiy mavsum avvalidan ish boshlagan. Ushbu davr mobaynida milanliklar ham, andalusiyaliklar ham ancha o‘zgarishga erishdi. Ikkisi ham nomlar bilan boyidi. O‘ziga xos kashfiyotlar paydo bo‘ldi. Qisqasi, bugun ularning o‘yiniga qarar ekanmiz, murabbiy imzosini aniq his qilamiz. Murabbiylarning nomi top jamoalar orqali qulog‘imizga o‘rnashgan. Beixtiyor, so‘nggi yillarda o‘z darajasini yo‘qotib qo‘ygan bu ikki klub ham endi Evropaning grand klublari qatorida turgandek tuyulmoqda. Kontening “nerradzurilar” rahbariyati bilan kelishmovchiligi haqidagi gaplar ortda qolgan, deb umid qilgan holda aytishimiz mumkinki, kelgusi mavsum jamoa chempionlik uchun jiddiy kurashadi. “Sevilya” chempionlik uchun kurashishi biroz qiyin masala. “Real”, “Barselona” va “Atletiko” bilan tengma-teng raqobat olib borish uchun andalusiyaliklar bir necha yillik tizim shakllantirishlari va tarkibidagi iste’dodlarni saqlay bilishlari zarur. 

Bugun har ikki jamoa tarkibida bir-biriga raqiblik qilishi kutilgan shaxslar etarli. Avvalo, murabbiylarning katta o‘yini oldida turibmiz. Ikkisi ham ancha tajribali va o‘z uslubiga ega hisoblanadi. Bugungi o‘yin ularning qarorlariga qarab o‘z stsenariysini belgilab oladi. Bundan tashqari, Okampos - Lukaku, Banega - Eriksen, Regilon - Bastoni duellari muxlislar e’tiborini tortishi aniq.

1572838347_0_0_3088_1738_600x0_80_0_0_981ecac3840e9e5bdacd15704609ac84

“Sevilya”

Ispanlar finalgacha bo‘lgan yo‘lni ancha qiyin raqiblarga qarshi o‘tkazishdi. “A” guruhi g‘oliblari 1/16 finalda kutilmaganda “Kluy”ni arang mag‘lub etishdi. Ikki uchrashuv natijasi teng kelib qolgach, “Sevilya” mehmondagi gollar evaziga keyingi bosqichga yo‘l oldi. Nimchorak finaldan boshlab, andalusiyaliklar grandlarga qarshi o‘ynashga mahkum etildi. Nimchorak finalda “Roma”ga hech qanday imkon qoldirmagan Lopetegi shogirdlari chorak finalda Angliyaning eng yoqimtoy jamoalaridan hisoblangan “Vulverxempton”ni uchrashuv yakuni arafasida Lukas Okampos tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga mag‘lub etdi. Yarim finalda esa “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yin haqiqiy dramaga aylanib ketdi. 

Bir tarafdan, bu ularga ancha yordam berishi mumkin. Chunki ular har xil uslubdagi katta jamoalar bilan o‘ynab, yaxshigina amaliyot hosil qilib oldi. 

5 karra ushbu kubokni boshi uzra baland ko‘targan ispanlarda turnir tajribasi yuqori. Biroq yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, u paytlar tarixda qolgan. 

 

Taxminiy tarkib: Bunu, Navas, Kunde, Diego Karlos, Regilon, Banega, Fernando, Jordan, Suso, En-Nesiri, Okampos.

So‘roq ostida: Okampos.

529

“Inter”

Chempionlar Ligasida o‘lim guruhidan joy olgan milanliklar omadsiz ishtirok sabab Evropa Ligasiga ravona bo‘lgandi. Bu turnirdagi o‘yinlar esa ularga ancha omadli keldi. Pley-offning dastlabki bosiqichida “Ludogorets” 4-1 hisobida taslim etildi. Yuqorida biz “Sevilya”ning yo‘lini qiyin ekanligini aytib o‘tdik. Ha, ularning raqiblari nomdorroq. Ammo “nerradzurilar” ham bir qator qiyin uchrashuvlarni o‘tkazishdi. “Inter” aksariyat jamoalardan farqli ravishda nimchorak finalni ham bitta o‘yindan iborat holda o‘tkazdi. Ushbu mavsum kashfiyotlaridan biri hisoblangan “Xetafe” Konte shogirdlarining klass ustunligi qurboni bo‘ldi. Chorak finalda Xavertsi bor “Bayer” ham grandlarga xos xotirjamlik bilan engildi. Yarim finalda birmuncha engilroq raqibga to‘qnash kelgani bois bizda yuqoridagi faraz yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. 

Umuman Konte APLning sobiq veteranlaridan yaxshi jamoa tuza oldi. Ushbu mavsum uchun bu tanlovlar qisman o‘zini oqlagandek. Biroq kelajak ham kerak bo‘lsa “Juzeppe Meatstsa” egalari tarkibda yoshartirish ishlarini olib borishlari zarur.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, bugun “Inter” kuchli jamoa va tunda bo‘lib o‘tadigan final bahsida ulardan chiroyli o‘yin kutishga haqlimiz.

 

Taxminiy tarkib: Xandanovich, Godin, De Vrey, Bastoni, Dambrozio, Barella, Brozovich, Galyardini, Yang, Martines, Lukaku.

Ishtirok eta olmaydi: Vesino.

So‘roq ostida: Sanches.

1575075744_0_0_3072_1728_600x0_80_0_0_295ace27cb55c1781f978890c60ad65b

Murabbiylar

 

Xulen Lopetegi: “Inter” Chempionlar Ligasiga xos jamoa. Ularda ushbu klassga tortadigan bir nechta futbolchilar bor. Uni ustiga, murabbiy ham katta tajribaga ega. Bu bizdan raqibga qo‘shimcha hurmatda bo‘lish va ushbu sinovga jiddiy tayyorlanishni talab qiladi. Juda katta sinov oldida turibmiz.

32e099e0ba8a3dc80a2a4e86f822eb35

Antonio Konte: “Biz ishtiyoq va g‘alaba sog‘inchi bilan o‘ynashimiz zarur. Kubokni Italiyaga, “Inter”ga qaytarish payti keldi. Biz kuchliroq ekanimizni isbotlashga majburmiz. Har bir o‘yindan so‘ng xatolarni tan olish muhim. Shunday ekan, g‘alaba qozonsak, kubokni uyimizga olib ketamiz. Mag‘lubiyatga uchrasak, raqibni olqishlaymiz.

file7bwyzna0wi1jusr83yb

Xulosa o‘rnida

Bugun Evropa futbolining eng katta nomlari Germaniyaga jam bo‘lishadi. Xususan, Aleksandr Cheferin boshliq mas’ul delegatsiya chempionlarni shaxsan taqdirlash uchun etib kelgan. Mukofot jamg‘armasi 8,5 mln evroga teng kubokni ikkala jamoa ham qo‘lga kiritishni istashi tabiiy. Final omadsizi ham 4,5 mln evroga ega chiqadi. Ularning shu bosqichga etib kelguncha to‘plagan mablag‘lari bundan mustasno. 

Nom jihatidan “Inter” favorit, deya e’tirof etilmoqda. Shaxsan ushbu fikrga qo‘shilaman. Konte jamoa rahbarlariga nimanidir isbotlash uchun ham birorta titul qo‘lga kiritishi kerak. “Sevilya” esa osonlikcha bo‘yin egmaydi. Ularga barcha erda yangrayotgan, bu - “Sevilya”ning turniri, qabilidagi gaplar motivatsiya berishi mumkin. Ammo o‘zlarida salohiyat bo‘lmasa, ming gapirilgani bilan foydasi yo‘q. Andalusiyaliklarda esa g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun etarlicha kuch va imkoniyatlar mavjud. Aniqki, ushbu uchrashuv taqdirini oniy qarorlar hal qiladi. Ikkala jamoada ham birdek imkoniyatlar bo‘ladi, kim aniqroq harakat qilsa, g‘alaba o‘shaniki.

Inter-1-1

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!