
Evropada Fayzullaevning o‘yinini kuzatishmoqda
Qatardagi Osiyo kubogi qahramonlaridan biri Abbosbek Fayzullaevning Evropa chempionatlarida biriga yo‘l olishi mumkinligi eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzular qatoriga kiradi.
Ayniqsa, keyingi paytda Bundesliganing amaldagi chempioni “Bavariya” 20 yoshli futbolchiga qiziqayotgani haqidagi insayd xabar e’lon qilinganidan keyin futbol jamoatchiligi vakillari bu holat bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini davom ettirmoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga Abbosbek Fayzullaevga myunxenliklar qiziqayotganiga mutaxassis bildirgan qarashlarni havola etadi.
Paulu Barboza, portugaliyalik taniqli futbol agenti:
- Hozircha, “Bavariya”ning Abbosbek Fayzullaevga qiziqishi haqida gapirish sal erta, chunki hali mavsum tugagani yo‘q.
Hammasi futbolchi mavsumning bahorgi qismini qanday o‘tkazishiga bog‘liq. Ayni paytda Evropada o‘yinchini kuzatish, uning salohiyatini tahlil qilish va o‘zini qay darajada ko‘rsata olishini baholash jarayoni ketmoqda.
Abbosbekning o‘yiniga qarab, “Bavariya” unga bejizga qiziqish bildirmayotganini anglash mumkin.
Bu erda boshqa savol tug‘iladi: yozda Abbos Evropa chempionatlaridan biriga o‘tadimi?
Chunki bu masala bir qator omillarga bog‘liq bo‘ladi. Shunga qaramay, futbolchining transferiga imkoniyat etarli. Fayzullaevga ko‘p klublar qiziqish bildirmoqda va ular Abbosning o‘yinini kuzatib boradi, - dedi Paulu Barboza.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev xorij jamoalari e’tiboriga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasidagi o‘yinlari tufayli tushgan. O‘tgan yili terma jamoamiz 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi.
Fayzullaev qit’a chempionatining eng foydali o‘yinchisiga atalgan sovrinni qo‘lga kiritdi.
Keyinroq o‘zbekistonlik yosh futbolchilar Argentina mezbonlik qilgan jahon chempionatida ham yaxshi darajada o‘yin ko‘rsatdi.
O‘tgan yilning avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullaev legioner sifatida ham yuqori saviyada o‘ynay olish qobiliyatini namoyish qildi. 20 yoshli futbolchimiz qisqa fursatda TsSKA etakchisiga aylandi.
Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami 18 ta uchrashuvda ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘lgan Fayzullaev xalqaro miqyosdagi faoliyatida muvaffaqiyatlarga erishmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatardagi Osiyo kubogida qatnashgan Fayzullaev turnir davomidayoq etakchilik qobiliyatini namoyish qildi. Musobaqa davomida ikkita gol va bitta assist rasmiylashtirdi.
Endi mavsum oxiriga qadar Abbosbek Fayzullaev xorijlik skautlar kuzatuvida bo‘lishi aytilmoqda.
Osiyo kubogi futbolchilarimizga yangi jamoalarga yo‘l ochdi
Fayzullaevdan zo‘r futbolchilarimiz bor!
Fayzullaevning Evropada o‘ynash imkoniyati bormi?
Fikrlar