FAKT! “Dinamo” chempionat bahslari “Navbahor” maydonida g‘alaba qozonmagan
Superliga 21-turi doirasida Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘z maydonida Samarqandning “Dinamo” klubini qabul qiladi. "Navbahor" klubi matbuot xizmati o‘yinga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur jamoalar shu kungacha Superliga (oliy liga) bahslarida 47 marta o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan. Ushbu o‘yinlarda namanganliklar 25, “ko‘hna shaharliklar” esa 13 marta zafar quchishgan bo‘lsa, 9ta uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati – 84-43, “Navbahor” foydasiga. O‘zaro o‘yinlarda “lochinlar” 84, “arslonlar” esa 48 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
Ushbu klublar o‘rtasidagi o‘yinlarda eng yirik hisob 1996 va 1997 yillari Namanganda qayd etilgan. O‘sha mavsumlarda “Navbahor” “Dinamo” ustidan tegishlicha 6:0 hamda 7:1 hisoblarida zafar quchgan. E’tiborlisi, samarqandliklar shu paytgacha namanganliklarni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrata olishmagan.
Mazkur jamoalar shu kungacha Namanganda o‘zaro 23ta uchrashuv o‘tkazgan. Ushbu o‘yinlardan 17 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, yana 6ta bahsda durang qayd etilgan. “Dinamo” hali Namanganda zafar qucha olmagan. Namanganda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda to‘plar nisbati - 53-10 mezbonlar foydasiga.
Bu klublarning birinchi davrada Samarqandda kechgan bahsida durang – 2:2 hisobi qayd etilgandi.

Fikrlar