
"Faoliyatim davomida bu kabi murabbiyni ko‘rmagandim" yoxud Obid Jo‘raboev kimga ishonib qolgandi?
Bu yil “Buxoro” jamoasi o‘z safiga bir qator tajribali futbolchilarni qo‘shib oldi. Ulardan biri himoyachi Obid Jo‘raboev bo‘lib, o‘tgan mavsumda “Dinamo” sharafini himoya qildi va klubni Superligaga qaytarish yo‘lida ancha hissasini qo‘shdi.
Endi bo‘lsa, “Buxoro”ni Superligaga olib chiqish uchun ter to‘kyapti. Kuni kecha jamoa etakchisi Sports.uz uchun qator mavzular bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
“Buxoro” tarkibi bu yil 70-80 foizga yangilandi”
- Pro ligada 5 ta tur ortda qoldi. Boshida “Mash’al” bilan o‘ynadik. Ular ham Superliga jamoasi edi, keyin pro ligaga tushib ketdi. “Buxoro” tarkibi bu yil 70-80 foizga tarkibi yangilangan. O‘tgan yili birga ishlagan murabbiyimiz –Hakim Fuzaylov bu yil “Buxoro”ni qabul qildi, tarkibni va pozitsiyalarni kuchaytirishga harakat qildi. Ammo futbolda yangilangan jamoaning o‘yinini topib olishi, futbolchilarning bir-birini tushunib olishlari uchun vaqt kerak bo‘ladi. Biz chempionatni pro ligani etakchilariga qarshi o‘tkazdik. Xudoga shukr, mag‘lubiyatga uchramadik. O‘ylaymanki, o‘tgan yilgiga qaraganda, bu yil pro liga ancha kuchli. Oldimizga qo‘yilgan vazifa Superligaga chiqish. Ushbu maqsadimiz sari harakat qilaveramiz. Iloji bo‘lsa, birinchi davrani 1-2-o‘rinlarda tugatishga intilamiz.
“To‘plagan ochkolarimiz hozircha kam bo‘lishi mumkin, ammo...”
- Birinchi o‘yinimizda “Mash’al”ni ham yutsak bo‘lardi. O‘zimizni xatolarimiz evaziga gollar o‘tkazib yubordik. Keyin Ro‘zim Ahmedov hisobni tenglashtirgandi. “Sho‘rtan”ga qarshi uchrashuvda ham xatolarimiz kuzatildi. Bizga g‘alaba qozonish xarakteri etishmagandek bo‘ldi. Yaratilgan imkoniyatlarimizdan ham foydalana olmadik. Masalan, “Zomin” bilan uchrashuvni oladigan bo‘lsak, hisobda oldinda borayotgandik. Keyin bo‘shashib qoldik shekilli, “Zomin” gol urdi va hatto yutib ketishi ham mumkin edi. Hali aytganimdek, jamoa yangilangan. Murabbiylar o‘yinni kuchaytirish ustida ishlashyapti. Kamchiliklarimizni tushuntirib beryapti. Imkoni qadar xatolarimizni takrorlamaslikka harakat qilamiz. To‘g‘ri, beshta turda to‘plagan ochkolarimiz o‘z oldiga jiddiy maqsad qo‘ygan jamoa uchun kam bo‘lishi mumkin. Lekin chempionat yaqindagina boshlandi. 1-o‘rindagi jamoa bilan oramizdagi ochkolar farqi 4 tani tashkil qilyapti. Oldimizda o‘yinlar ko‘p. Misol uchun “Turon”ni o‘z uyimizda yutgan bo‘lsak, ularning maydoniga ham boramiz. Hali “Turon”, “Mash’al”, “Andijon” kabi klublar bir-biri bilan o‘ynaganlari yo‘q. Pro liga juda qiyin o‘tyapti.
“Ochig‘i, ularning qarorini tushunmadik”
- Ha, o‘tgan yili boshida “Dinamo”ga kelib, Superliga maqsadi yo‘lida kurashdik. Xudo yuzimizni yorug‘ qilib, jamoani elitaga qaytardik. O‘shanda “Dinamo” bilan Superligada qolaman deb o‘ylagandim. Klub rahbari Uchqun Qobilov ham birga Superligada ishni davom ettiramiz degandi. Lekin oxirgi uchta turga kelib murabbiyni o‘rniga yangisini olib kelishni boshlashdi. Ayrim insonlarga hayron qolaman-da, yoshmi, qarimi baribir maydonda yugurasiz, harakat qilasiz, to‘g‘rimi? Ayrimlari qari degan gapni topib olishgan. Lekin yoshlarni o‘zi ham 90 daqiqa davomida imkoniyat yaratib bera olmayaptilar. Tarkibni yoshartirdik deyishdi. Lekin biz jamoani Superligaga olib chiqish uchun jon kuydirib o‘ynagandik. Nimaga deyarli butun tarkibni ketkazishdi? Ochig‘i, ularning qarorini tushunmadik. Baribir jamoaga 3-4 ta etakchi o‘yinchi kerak-ku! Yosh jamoani tuzish uchun avvalo akademiyani kuchaytirish lozim. Lekin bizga nisbatan nima uchun bunday yo‘l tutishganini bilmadim. Mayli, yaxshilikka bo‘lsin, omad tilayman. Lekin murabbiydan tortib 20 ta futbolchiga javob berishdi. Boshqa jamoani shakllantirishyapti. Hakim Fuzaylov “Buxoro”ni qabul qilganidan so‘ng menga qo‘ng‘iroq qilib, “Dinamo”da qolmaydigan bo‘lsang, birgalashib “Buxoro”ni Superligaga olib chiqamiz dedi. Qarasam, samarqandliklardan yangi taklif bo‘lmadi. Klub direktori Uchqun aka Qobilov ham qo‘ng‘iroq qilmadi. Hech kim indamagani uchun “Buxoro”ga kelishga majbur bo‘ldim. Ammo boshida 8-9 ta o‘yinchi Superligada ham qolasizlar, yordam berasizlar deb va’dalarni berishgandi. Amalda bunday bo‘lib chiqmadi. “Dinamo” bilan tuzgan shartnomam ham bir yillik edi. Aslida meni olib qolish niyati bor edi, keyin nimagadir o‘zgarib qoldilar.
“Qaerga borsa natija ko‘rsatgan”
- Hozirgi paytda mana shunday ajoyib murabbiy bilan ishlayotganimdan xursandman. Hakim Fuzaylovni odamgarchiligi ham zo‘r. Insonda har xil holat bo‘lishi mumkin va u buni tushunadi. To‘g‘ri, kerakli paytda qattiqqo‘l. Jismoniy yuklamalari, o‘yin taktikalari menga juda ma’qul keldi. O‘tgan yili Samarqandga kelganida tanishgandik va o‘shanda yoshimni so‘rab, menga maydonga chiqib yugurib, ishingni qilsang bo‘ldi, yoshingni qizig‘i yo‘q, menga qolsa 40 yoshda bo‘lmaysanmi, degandi. Unga nisbatan hurmatim oshdi. Bunday e’tibor va gapidan keyin murabbiyga nisbatan mehrim ortdi. Faoliyatimni oxirlarida mana shunday yaxshi saviyadagi murabbiy bilan ishlayotganimdan xursandman. Hatto, bu kabi mutaxassisni faoliyatim davomida ko‘rmaganman. Qaerga borsa natija ko‘rsatgan. Murabbiydan ancha narsani o‘rganyapman.
Fikrlar