Faoliyatini qayta tiklagan "Istiqlol"ning birinchi mashg‘ulotiga 9 nafar futbolchi keldi. Anvar Berdiev qanday muammolar bilan to‘qnash kelgani haqida oshkor qildi

  • 29 sentabr, 2020, 22:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-liga vakili “Istiqlol” jamoasida kutilmagan o‘zgarishlar amalga oshishi davom etmoqda. Bilasiz, avvaliga klub rasman musobaqadan chiqib ketgani e’lon qilingandi. Endi bo‘lsa, vaziyat o‘zgardi va “Istiqlol” musobaqadagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi.

Tecno

Garchi klub faoliyatini qayta tiklayotgan bo‘lsa-da, endi vaziyat yanada og‘ir bo‘lishi aniq. Chunki jamoa etakchilari boshqa klublarga o‘tib ketishdi. Bosh murabbiy Sergey Lebedev esa “Neftchi”da ish boshladi. Bundan buyon “Istiqlol”ni sobiq hujumchi Anvar Berdiev boshqaradi. Murabbiylikni yaqinda boshlagan Berdiev klubdagi asl vaziyat haqida sports.uz muxbiriga intervyu berdi va qanday muammolar bilan kurashishganini aytdi.

- Oxirgi paytlarda “Istiqlol” jamoasi kun tartibida bo‘lib turibdi. Avvaliga pro-liga musobaqasidan chiqib ketdi, endi bo‘lsa, yana qaytgani ma’lum bo‘ldi. Jamoaning ichidagi inson sifatida ayting-chi, aslida nimalar bo‘lyapti? Voqealar rivoji qanday kechyapti?

- Bilsangiz, “Istiqlol” jamoasiga o‘tgan yili futbolchi sifatida kelgandim. O‘shanda ham bizda stadion muammosi bor edi. Lekin “Neftchi”ga rahmat, ular bizga uy uyinlarimizni Qirgulidagi stadionda o‘tkazishga ruxsat berishgan. Bu o‘tgan yilgi muammo edi. Afsuski, bu yil ham yana o‘sha muammo kuzatildi. Faqatgina samarqandliklarga qarshi Kubok uchrashuvini “Istiqlol” stadionida o‘tkazib oldik xolos. Mashg‘ulotlarimizni u erda o‘tkaza olmadik. Boshqa joyda esa baribir o‘zimizni o‘z maydonimizdagidek his qila olmasdik. Nima uchun “Istiqlol” stadionidan foydalana olmaganimizning sababini aniq bilmayman. Lekin mana shu stadion muammosi sababli boshliqlarimiz ham charchab ketishdi. Har o‘yindan oldin nima qilamiz, qaerda o‘ynaymiz, degan muammo chiqaverardi. Hattoki, mashg‘ulot o‘tkazadigan maydondan ham qiynalib ketgandik. Ishonasizmi, rasmiy o‘yinimiz yaqinlashavergani sari qo‘rqadigan bo‘lib qoldik. Qaerda o‘ynar ekanmiz, degan savol ko‘ndalang turardi. Futbolchilarimizni shug‘ullantirish o‘rniga ko‘proq stadion muammosi bilan yuradigan bo‘lib qolgandik. Yana ham bu yil “Neftchi” rahbarlarining yordami bilan “Zomin” va “Oqtepa”ga qarshi o‘yinlarimizni Qirgulida o‘tkazib oldik. Baribir o‘z maydonimiz bo‘lmagani bu futbolchilarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Bularni bahona qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Yigitlarimiz yomon o‘ynashmayotgandi. Uchrashuvlar davomida vaziyatlarni golga aylantirish bo‘yicha omadimiz yurishmadi. Balki natijalar ham kayfiyatga ta’sir qilgandir. “Oqtepa” bilan o‘yindan keyin boshliqlar echinish xonasiga kirib, klub faoliyatini to‘xtatganini aytib chiqib ketdi. Shundan so‘ng kutilmaganda yana o‘zgarishlar bo‘lib ketdi. Yaqinda namanganlik muxlislarga havasim kelishini, ularda futbolga qiziqadigan viloyat hokimi borligi haqida aytgandim. Buni qarangki, Xayrulla Hayitboevich Bozorov Farg‘ona viloyati hokimi etib tayinlandi. Shundan so‘ng klubimiz rahbari qo‘ng‘iroq qilib, jamoa faoliyatini qayta boshlashini aytganida xursand bo‘ldik. Lekin bir qator etakchilarimizni saqlab qolishda kech qoldik. Ular boshqa jamoalar bilan shartnomalar tuzib bo‘lishgandi. Endi ichki imkoniyatimizdan kelib chiqib, harakat qilamiz va kurashishni davom ettiramiz. O‘z o‘rnida PFL rahbarlariga bizga yana imkoniyat berishgani uchun rahmat aytaman. Shuningdek, viloyat hokimi va homiylarimizga ham minnatdorchilik bildiraman.

anvar berdiev5

- Demak, “Istiqlol”ning qaytishiga viloyat hokimi sababchi bo‘ldimi?

- Klubimiz rahbari o‘z stadionimizdan foydalanishga viloyat hokimi ruxsat berganini aytganida, bildimki, u kishi yordam bergan. Viloyat hokimi darhol stadion masalasini hal qilib berdi.

- To‘g‘ri, jamoani ko‘plab etakchilari tark etishdi. Ayni paytda klubda necha nafar futbolchi qoldi?

- Bugun mashg‘ulot o‘tkazganimizda 9 ta futbolchi keldi. Ulardan ikki nafari darvozabon Hamma o‘yinchilarni yig‘adigan bo‘lsak, 15 ta atrofida bo‘lib qoladi. O‘zimizning yoshlar jamoamizga ham e’tibor qaratamiz va ayrim yigitlarni tarkibga qo‘shib olamiz. Yana boshqa futbolchilar bilan gaplashyapmiz va ularni ham ro‘yxatdan o‘tkazib, shartnoma tuzishga harakat qilyapmiz. Vaqtimiz oz qolgan. Hammasiga ulgurishimiz kerak. Qiyinchilik esa hamma joyda bo‘ladi. Bizga imkoniyat yaratib berishgani uchun bundan foydalanishga harakat qilamiz.

- Bundan chiqdi, PFL “Istiqlol”ga yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beribdi-da?

- Shunaqa. Faqat birinchi ligadagi jamoalardan o‘yinchi olishimiz mumkin.

- “Istiqlol”da etakchilardan kimlar qoldi, o‘zi?

- Himoya chizig‘imizdan ko‘nglim to‘q desam bo‘ladi. Ikkita yaxshi darvozabonimiz ham o‘zimizda qoldi. Himoyachilarimizdan Abduholiq Qurbonov, Ulug‘bek Xudoyberdiev, Jasur Ermamatov, yarim himoyada Sardor Sotvoldiev, Elyor Mamasoliev bor. Hujum chizig‘imizda birgina Sanjar Baratov qolgandi. Uni yoniga yangi hujumchi olmoqchimiz. Bilsak, Davron Isoqov uyda ekan. Hozir u bilan gaplashyapmiz.

- Klubning murabbiy va futbolchilardan qarzdorligi kattami?

- Bu masalada bugun rahbar bilan gaplashdim. Unga futbolchilar qaytishayotganini aytdim. Tez orada jamoa bilan uchrashadi hamda vaziyatdan chiqib ketish uchun harakat qilishini aytdi. “Istiqlol”da har doim oylik maoshlari va mukofot pullarini vaqtida olishgan. Bunday muammo bo‘lmagan.

- Bosh murabbiy Sergey Lebedev “Neftchi”ga qaytdi. Sizni ham “Istiqlol”dan ketishingizni kutgandik. Rostdan ham ketmoqchi edingizmi yoki jiddiy taklif bo‘lmagani uchun qolib ketdingizmi?

- Yashirmayman, “Neftchi”dan taklif bo‘ldi, rahbariyat bilan uchrashib gaplashdim. Taklif uchun rahmat aytdim.

- Nima uchun “Neftchi”da ishlashni istamadingiz?

- Aniq sabablarini ayta olmayman. Asosiysi, klub boshlig‘i Zohid G‘ofurov bilan bosh murabbiy Asad Do‘rmonov menga ishonch bildirishayotgandi. Qolgan gaplarni oshkor qilmoqchi emasman. Hammasini vaqti soati kelganda bilib olasiz. Bu yoqda esa “Istiqlol” faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi. Garchi jamoamizdan etakchilar ketishgan bo‘lsa ham qolgan o‘yinchilar uyda o‘tirishgandi va ular ham qo‘ng‘iroq qilib, chempionat oxirigacha o‘ynab qo‘yishlari kerakligini aytishayotgandi. To‘g‘risi, “Neftchi”ning murabbiylar shtabida bir qator mutaxassislar ishlashyapti. Ular vazifasini yaxshi bajarishyapti. Futbol maktablaridan ham takliflar bo‘ldi. Ammo yana “Istiqlol”da ishlash nasib qilgan ekan.

- Murabbiylikni endi-endi boshlayapsiz. Ammo oldingizda qiyin yo‘l turibdi. Hamma ham bunday og‘ir vaziyatdagi, futbolchi etishmayotgan jamoani boshqarishga jur’at qilavermaydi. Hamma qiyinchiliklarga tayyormisiz?

- Qiyinchilik bo‘lmagan joyda o‘sish bo‘lmaydi. Shu narsaga tayyor bo‘lmaganimda bunday mas’uliyatni zimmamga olmasdim. Rahbarlar bosh murabbiylikni menga ishonib topshirishdi. Jamoamizdagi futbolchilar bilan nimadir qilamiz deb va’da bera olmayman. Lekin shuni aniq aytamanki, har bir jamoaga maksimal darajada qarshilik ko‘rsatishga, chaqilmas yong‘oq bo‘lishga harakat qilamiz.

anvar berdiev4

- Darvoqe, Abbos Maxstaliev ham ko‘rinmay qoldi, u qaerda?

- Maxstaliev “Yangier” jamoasida. 6-7 nafar o‘yinchimiz ketdi. Ayrim yoshlarimiz “Lokomotiv”ga ketishgandi, ularni ham qaytarishga harakat qilyapmiz. Zaxirada qolib ketayotgan futbolchilar ko‘pincha xafa bo‘lishardi. Mana, endi ularga ham o‘zlarini ko‘rsatishga imkoniyat bo‘lyapti.

- Sizni qanday hujumchi bo‘lganingizni hamma yaxshi biladi. Hozirgi paytda chempionatimizdagi hujumchilar haqida nima deya olasiz?

- Yaxshi hujumchilar bor, yo‘q emas. Oldin murabbiylar hujumchining individual mahoratiga ko‘proq e’tibor qaratishardi. Hozir jamoaviy o‘yinga urg‘u berilyapti. Masalan, “Nasaf”dagi Bobur Abduholiqovni olaylik, ko‘pchilik uni vaziyatlardan foydalana olmaslik uchun tanqid qilishadi. Biroq imkoniyatni yaratishning o‘zi ham hujumchiga xos narsa. To‘g‘ri, ko‘plab hujumchilarimiz vaziyatlarni golga aylantira olmayaptilar. Mana ko‘rasiz, to‘purarlikka hadeb legionerlar emas, o‘zimizning hujumchilarimiz ham da’vogarlik qiladilar. Ilgari Zafar Xolmurodov, Ja’far Irismetov, Anvar Soliev, Umid Isoqov, Baxtiyor Hamidullaevga o‘xshagan hujumchilar to‘purarlik uchun kurashishardi. Hozir o‘zini ko‘rsatayotganlardan Bobur Abduholiqov, Igor Sergeev va Temurxo‘ja Abduholiqovni aytish mumkin. Vaqt soati kelib O‘zbekistondan yanada yaxshi hujumchilar etishib chiqadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
30/09/2020 17:37
Омад ёр булсин