
Farg‘onalik muxlislar g‘alabali onlarni sog‘indi yoxud derbida ikkala jamoa ham uch ochkoga tashna...
Chempionatimizdagi tanaffusdan foydalanib, qoldirilgan o‘yinlar o‘tkazib olinadi. Ularning orasida vodiy derbisi ham bor. Jumladan, Yaypanda Farg‘ona viloyatining ikki jamoasi – “Turon” hamda “Neftchi” g‘oliblik uchun maydonga chiqishadi. Bir viloyatning ikki jamoasi maydonda saf tortar ekan, ikkala jamoa ishqibozlari ikkiga bo‘linadilar.
19-turdan o‘rin olgan “Turon” – “Neftchi” uchrashuvi 9 noyabrga qoldirilgan bo‘lib, ayni paytda Farg‘onaning ikki jamoasi bo‘lajak derbiga jiddiy tayyorlanmoqdalar. Chempionat tugashiga ikkita tur qolganida bu jamoalarning qoldirilgan o‘yini ular uchun qo‘shimcha imkoniyat demakdir. Turnir jadvalidagi vaziyatni bilasiz. “Turon” Superligada qolish uchun bor imkoniyati bilan kurashyapti. “Neftchi” bo‘lsa oxirgi uchrashuvdagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin muxlislarini ranjitib qo‘ymoqda. Natijada medallar uchun kurashda imkoniyati keskin pasayib ketdi.
“Neftchi” oxirgi marta 27 sentyabr kuni o‘z uyida “Buxoro”ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Shundan beri Vitaliy Levchenko jamoasi g‘alaba qozona olmayapti. 3 ta mag‘lubiyat va 1 durang o‘ynadi. Chempionatda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotganligi haqida ko‘p gapirilgan “Neftchi”da endi buning aksini ko‘ryapmiz. Demak, Levchenko jamoasi bu uchrashuvga har qachongidan ko‘ra g‘alabaga tashna bo‘lib keladi.
O‘tgan turda “Istiqlol” stadionida “Olimpik” “Neftchi”ni birgina gol evaziga yutib ketdi. Gol urilishidan avval “Neftchi” sardori Lutfulla To‘raev penaltidan foydalana olmadi. Bu esa mezbonlar uchun qimmatga tushdi. Shundoq ham jamoa ketma-ket muvaffaqiyatsiz uchrashuvlardan keyin ruhiy tushkunlikka tushib qolgan va bundan chiqib ketishi qiyin kechyapti. “Turon” bilan bellashuvda ham futbolchilarning ruhiy tayyorgarligiga ko‘p narsa bog‘liq. “Neftchi” bu safar ham g‘alabasiz seriyasini davom ettiradi yoki omadsizlikka chek qo‘yadi. Bu yog‘i jamoani qanchalik tayyorgarligiga bog‘liq.
“Turon”ga kelsak, yoshlar bilan bosimsiz o‘ynayotgan jamoa yutqazayotgan uchrashuvlarida ham unchalik salbiy taassurot qoldirayotgani yo‘q. Garchi o‘tgan turda OKMKga yutqazgan bo‘lsa-da, jamoa mag‘lubiyatga loyiq o‘ynamadi. Hammasiga o‘zlari sababchi bo‘ldi. Chunki qator yaratilgan golli imkoniyatlardan foydalana olmasligi oqibatida “Turon” alamli tarzda yutqazdi. “Neftchi”ga qarshi Yorqin Nazarov jamoasi tajovuzkor o‘yin ko‘rsatishini taxmin qilsa bo‘ladi.
Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada “Istiqlol” stadionidagi uchrashuvda jamoalar 1:1 hisobida durangga rozi bo‘lishgan. Superligada navbatdagi bahs ushbu klublarning o‘zaro ikkinchi to‘qnashuviga aylanadi. Pro ligada ikkala klub 4 marta uchrashishgan. 2 ta durang qayd etilgan. Shuningdek, jamoalar bittadan g‘alaba qozongan.
Darvoqe, derbi oldidan “Neftchi”da yo‘qotish bor. Gruziyalik futbolchisi Nikabadzeda sariq kartochkalar 4 taga etgani bois “Turon” bilan o‘yinda jamoasiga yordam bera olmaydi. “Neftchi” ustozi Vitaliy Levchenko balki boshqacha tarkib va boshqacha taktik uslubini amalda sinab ko‘rsa ajablanmaymiz. Zero, “Neftchi”ni ham yana ochko yo‘qotishiga haqqi yo‘q. O‘zi shundoq ham 4 ta uchrashuvdan beri yutolmayotgan jamoa sovrinli o‘rinlardan uzoqlashib ketyapti. Hech bo‘lmasa derbidagi g‘alaba orqali muxlislariga g‘alaba kayfiyati ulashishga harakat qiladi. Faqat buning uchun “Turon”ning qarshiligini egishi lozim.
Ikkala jamoadagi vaziyat ikki xil va yaypanliklar aslida g‘alabaga nihoyatda muxtoj. Durang ham ularni qoniqtirmaydi. Shuning uchun bosh murabbiy Yorqin Nazarov kuchli raqibini engish yo‘llarini izlayotgani aniq. Maydonda qiziqarli to‘qnashuv guvohi bo‘lamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar