
FIFA Anchelottining Braziliya terma jamoasiga tayinlanishi bo‘yicha surishtiruv boshladi
FIFA Italiyalik mutaxassis Karlo Anchelottining Braziliya terma jamoasiga tayinlanishi bo‘yicha rasman surishtiruv boshladi. Bu haqda Braziliya futbol konfederatsiyasi (CBF) rasmiy xat olganini tasdiqladi.
Tekshiruv futbol agentlarining faoliyatiga oid qoidalar buzilgan bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq. Xususan, Anchelottining vakili Diego Fernandes agentlik litsenziyasiga ega bo‘lmagan holda 1,2 million evro miqdorida komissiya olishi nazarda tutilgan.
"Janob Diego Fernandes hozirda FIFA agentligi litsenziyasiga ega emas, ammo u “Real”dan Braziliya termasiga o‘tish jarayonida Anchelotti va Braziliya futbol federatsiyasiga agentlik xizmatlari ko‘rsatgan" — deyiladi FIFA xatida.
FIFA CBFdan Fernandes ishtirok etgan barcha muzokaralar va to‘lovlarga oid hujjatlar, uning imzosi tushgan barcha shartnomalar hamda federatsiyaning ushbu masala bo‘yicha rasmiy pozitsiyasini so‘ragan.
CBF javob bayonotida quyidagilarni ma’lum qildi:
"Anchelottini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar federatsiyaning oldingi rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan va maxfiylik shartlarini o‘z ichiga oladi. Hozirgi ma’muriyat vaziyatni ichki tekshiruvdan o‘tkazmoqda".
Fernandes esa o‘zini agent emas, balki maslahatchi sifatida ish tutganini aytdi:
"Muzokaralar juda qisqa muddat ichida o‘tkazilgani uchun FIFAda agent sifatida ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmadim. Diego agent sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza bermoqchi va jarayon tugagach, o‘z xizmatlari uchun haqiqiy haq olishga umid qilmoqda" — deyiladi Anchelotti vakili bayonotida.
Fikrlar