
Final pulli bo‘lsa ham stadion to‘ladimi? OTJ futbolchisi javob berdi
Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston OTJ Yaponiyani 2:0 hisobida taslim etib, Osiyo kubogi finaliga yo‘l oldi. Uchrashuvdan so‘ng terma jamoamiz yarim himoyachisi Ulug‘bek Hoshimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘yinga keladigan bo‘lsak, muxlislar va biz uchun qiyin bo‘ldi. Hatto jurnalistlarga ham. Shunday bo‘lsa-da oldimizga qo‘ygan maqsad sari qo‘limizni pastga tushirmagan holda, hamma joyda o‘zimizning irodamizni ko‘rsatdik.
- Yaponiya Osiyodagi kuchli jamoalardan biri. Shunga yarasha taktika qildik. Har bitta zonani yopib, raqibga imkoniyat bermay, zich futbol ko‘rsatdik va g‘alaba qozondik.
- Murabbiyimiz bizga oldinda ko‘proq raqib hujumchilariga bosim uyushtirishni uqtirdi. Biz gol urib oldik va sal bo‘lsa-da bellashuv tempini tushirishga urindik. Shu orqali raqib hujumlarini buzishga erishdik.
- O‘ylashimcha, muxlislarni kelinglar deb majburlay olmaymiz. Har bir ishqiboz finalda ham bizni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilaman. Mana maydon tashqarisida 15 mingdan ko‘proq tomoshabin monitor atrofida yig‘ilibdi. Tashqariga chiqib ularni ko‘rganimda, juda xursand bo‘ldim. Buni so‘z bilan tasvirlay olmayman.
- To‘g‘risini aytsam, "Dubai Cup" da Saudiyaga yutqazib qo‘ygandik. Revansh olish umidida yurdik va mana finalda ularga qarshi o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldik. Xudo xohlasa, finalga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz va o‘zbek o‘g‘lonlari nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yamiz.
Fikrlar