Foydasiz "bebaho" yulduzlar top-11 ligi

  • 22 mart, 2020, 20:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2019/2020 yilgi mavsumda o‘z jamoasiga foyda keltira olmayotgan yulduzlar haqida ma’lumot beramiz.

Tecno

11.Tangi Ndombele (“Tottenxem”)

Ndomele yulduz emas deysizmi? “Tottenxem” futbolchi uchun juda katta pul sarflagan. Tayanch yarim himoyachilar ichida faqatgina Rodri (“Manchester Siti” bu transferni amalga oshirgan)ga Tangidan ko‘p pul to‘langan. Rodri Gvardiolaning ishonchini qozona olgan bo‘lsa, Ndombele esa unchalik yomon bo‘lmagan debyutidan so‘ng, yo‘qolib qoldi. Ndombele Frantsiyadan 60 mln evro evaziga keltirilgan. Ammo futbolchi bu pulga arziydigan o‘yin namoyish eta olgani yo‘q.

10.Diego Kosta (“Atletiko Madrid”)

Kosta

Diego Kostadek agressiv futbolchini faqatgina Diego Simeone boshqara oladi. Bir paytlar “Atletiko”ning muhim figuralaridan biri bo‘lgan Kosta, hozirda negadir o‘zini ko‘rsata olmayapti. Hatto, Chempionlar Ligasining oxirgi o‘yinida uning o‘rniga maydonga tushgan Lorente o‘yin qahramoniga aylandi. Lekin Simeone unga ishonadi. Evrokuboklar va Ispaniya chempionatida muntazam Diegoga o‘ynash imkoniyatini berib kelyapti. Ammo ispaniyalik futbolchi faqatgina 2 ta gol va 3 ta assistentlikni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ya oldi.

9.Lyuka Ernandes (“Bavariya”)

“Bavariya”ning qimmat xaridlaridan bo‘lmish Lyuka juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti. Ammo tushgan o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatmasdan qolmayapti, faqatgina yomon tomondan. “Atletiko” futbolchini jamoada saqlab qolmoqchi edi. Ammo Lyukaning ketish istagi borligi va nemislar taklif qilgan katta pulni ko‘rishgach, rozi bo‘lishdi. Endi Simeoneda chap qanotda hatto Aleksander-Arnolddan ham qo‘rqmaydigan Lodi bor. “Bavariya”da esa jamoaga moslasha olmayotgan va eng yosh futbolchi bo‘lmish Devischalik ham foydasi tegmayotgan Ernandes bor. Balki futbolchi keyinchalik jamoaga moslashib ketar, albatta bunga vaqt kerak.

8.Joau Kanselu (“Manchester Siti”)

Yozgi transfer yana bir qimmat futbolchilaridan biri. U Uoker bilan raqobatda engib chiqishi kutilgan futbolchi edi. Ammo yakunda Kanselu Gvardiola kutgan natijani bera olmadi. “Shaharliklar”ning qanot himoyachilari hujumkor bo‘lishi kerak. Chunki jamoa doimiy hujumkor o‘yin namoyish etadi. Lekin Joau bunday uslubga moslasha olmadi. Kanselu “Yuventus”dan ketib xato ish qilgandir. “Siti” futbolchi uchun 65 mln evro to‘lagan edi.

7.Aleksis Sanches (“Inter”)

Sanches

Bu Aleksis Sanches faoliyatidagi birinchi inqiroz emas. “Manchester Yunayted”da ham umuman o‘zini ko‘rsata olmagan futbolchi Konte qo‘l ostida ham xuddi shu stsenariyni takrorlayapti. Go‘yoki, Sanches klub miqyosidagi faoliyatini yakunlagandek, faqatgina terma jamoa o‘yinlarida haqiqiy Aleksisni ko‘ryapmiz. “Inter” “Yuventus” va “Latsio”dan qolib ketmasligi uchun Aleksis Sanchesning gollari va uzatmalariga muhtoj. Ammo hozircha futbolchi bu qobiliyati bilan jamoaga yordam bera olmayapti.

6.Garet Beyl (“Real Madrid”)

Garet Beyl mashg‘ulotlarda qatnashmasa ham, jon-jahdi bilan shug‘ullanmasa ham maydonda bemalol yuqori darajadagi o‘yin ko‘rsata oladigan futbolchilar sirasiga kiradi. Ammo shu iqtidoridan ham unumli foydalanmasdan, e’tiborini faqat golfga qaratadigan Beylga nima deyish mumkin? Bunga yana tez-tez olinadigan jarohatlarni ham qo‘shsangiz, nima uchun “Real” futbolchini yozda tekinga bo‘lsa ham qo‘yib yubormoqchi ekanligini tushunasiz. Peres jamoaga foydasi tegmaydigan futbolchiga maosh to‘lashdan charchagan ko‘rinadi.

5.Kepa Arrisabalaga (“Chelsi”)

Lempard bilan til topisha olmayotgan Kepa jamoadan ketish uchun qo‘lidan kelgan ishni qilyapti. Yodingizda bo‘lsa, Kepa futbol tarixidagi eng qimmat darvozabon hisoblanadi. U hozir “Liverpul” taqdiri Alissonga, “Atletiko” taqdiri Oblakka bog‘liq bo‘lgan, “Barselona”ni juda qiyin vaziyatlarda qutqarib qoladigan Ter Shtegen bor bo‘lgan davrda faoliyat olib boryapti. Mana shunday hamkasblari fonida, ulardek harakat qilish o‘rniga, doimiy xurmacha qiliqlari va ishonchsiz o‘yinlari bilan Arrisabalaga muxlislar g‘azabiga ham duchor bo‘lyapti. Kepa buni tushunib etyapti. Bundan buyon qanday o‘yin ko‘rsatishini esa vaqt ko‘rsatadi.

4.Usmon Dembele (“Barselona”)

Dembele

Juda katta narxga xarid qilingan futbolchi ushbu mavsumda Ispaniya chempionatida 5 ta o‘yinda maydonga tushib, atigi 1 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Chempionlar Ligasida esa bor-yo‘g‘i 136 daqiqa o‘ynadi. Dembele navbatdagi jarohatni oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Usmon jamoasiga foydasi tegmayotgan futbolchilardan biri hisoblanadi.

3.Luka Yovich (“Real Madrid”)

 

Madrid jamoasi karantinda vaqtida o‘zboshimchalik bilan tartibni buzgan Yovichdan yana nima kutish mumkin? Hujumchi do‘stining tug‘ilgan kunini nishonlash uchun Serbiyunga jo‘nab ketdi. Barcha karantin vaqtida o‘zini va boshqalarni hayotini xavf ostiga qo‘yishni istamayotgan bir paytda Yovich bemalol boshqa mamlakatga o‘tib yuribdi.

Maydonda ham Yovich xuddi shunday - o‘zboshimcha harakat qiladi. Benzemaga yordam berishni istamaydi, “Real”ning o‘yiniga moslashib keta olmayapti. Madridda qolib mashg‘ulotlar o‘tashni o‘rniga, o‘z Vataniga qaytib tug‘ilgan kun nishonlashni afzal ko‘rdi.

2.Pol Pogba (“Manchester Yunayted”)

Pogba

Bir necha yildan beri Pogbaning o‘rni “Manchester”da emasligi ta’kidlanib kelyapti. Ammo Vudvord doimo Polning o‘yini ochilib ketishini kutyapti. Pogba allaqachon “Yuventus”ga o‘tishi kerak edi. “Real”da esa usiz ham yarim himoyada futbolchilar etarli.

1.Eden Azar (“Real Madrid”)

Eng omadsiz transfer deyishga Azardan boshqa munosib nomzodni topa olmadik. Eden Belgiya terma jamoasini etaklab yurgan futbolchi, “Chelsi”ning ham eng muhim etakchilaridan biri edi. Ammo “Real Madrid”da negadir “yo‘qolib qoldi”. Yozning eng shov-shuvli transferi, eng omadsiz transfer deya e’tirof qilinmoqda. Azar hali o‘zini ko‘rsata oladi. Buning uchun unga ozroq vaqt kerak. Biz esa Azardan futbolkasidagi “7” raqamining mas’uliyatini his qilgan holda, ajoyib o‘yinlar kutib qolamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!