
FR: "Andijon"ning 8-urinishi ham omadsizlik bilan tugadi...
Superliganing 9-turi davom etyapti. Bugun Farg‘onada mehmon bo‘lgan "So‘g‘diyona" futbolchilari irodali g‘alaba bilan ortga qaytishdi. 2:1 hisobida tugagan uchrashuvga oid qiziqarli faktlarni keltiramiz.
1) "So‘g‘diyona" 8 oylik tanaffusdan keyin safarda g‘alaba qozondi. Bunaqasi oxirgi bor o‘tgan yilning avgust oyida Samarqandda sodir bo‘lgan edi (2:1, "Dinamo").
2) Jizzax klubi Boshkovich kelganidan keyin o‘tkazilgan 4 o‘yinda 7 ochko to‘pladi. Chernogoriyalik mutaxassisgacha o‘tkazilgan so‘nggi 10 o‘yinda esa 3 ochko qo‘lga kiritilgan edi.
3) Bugungi uchrashuvda hisobni ochgan Rubin Xebay "Andijon"ning joriy mavsumdagi eng sermahsul o‘yinchisi bo‘lib turibdi. U "burgutlar" tomonidan urilgan 8 golning 6 tasida ishtirok etgan (4+2).
4) "Andijon" qatorasiga 8-o‘yinda ham "So‘g‘diyona"ni yuta olmadi. Bunaqasi so‘nggi bor 2016 yilda sodir bo‘lgan edi. O‘shanda Nemanya Yovanovichning dubli va Anvar Berdievning goli vodiy klubiga raqib ustidan yirik g‘alaba keltirgan.
5) Farhod Bekmurodov joriy mavsumda "Andijon"ning maydondan chetlatilgan 4-futbolchisiga aylandi. Bu borada "burgutlar" bilan faqatgina "Qizilqum" raqobat qila oladi.
6) Bugun g‘alaba goliga mualliflik qilgan Zenan Zaymovich "So‘g‘diyona" tarkibida Shohruz Norxonovdan keyin qatorasiga 3 o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol qilgan birinchi futbolchiga aylandi.
7) Iskandar Shoyqulov esa Superligada 47 o‘yinlik tanaffusdan keyin yana gol urdi. U so‘nggi bor 2021 yilning martida "Qizilqum" darvozasini ishg‘ol qilgan edi.
Shuningdek, "Istiqlol" stadionida o‘tgan bahsni boshqargan Olim To‘ychiboev 2,5 yillik tanaffusdan keyin yana Superligaga qaytganini ham alohida ta’kidlash kerak...
Fikrlar