“Futbol do‘stlik uchun” loyihasi: Sankt-Peterburgdan daraklar
26 iyun kunidan boshlab Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bolalar futboliga bag‘ishlangan dunyodagi eng katta loyihalardan biri – Football For Friendship (“Futbol do‘stlik uchun”) turnirining bu yilgi final bosqichi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.
“Gazprom” kompaniyasi hamda FIFA hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu loyihaga asos solinganiga 5 yil bo‘lgan. Loyiha bu yil o‘z ichiga 64 mamlakatning yosh futbolchilarini jalb qildi, ular orasida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi ham o‘z vakillari bilan qatnashmoqda.

Bugungi kunda Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi texnik direktori Shavkat Imomov boshchiligidagi delegatsiya loyiha doirasidagi tadbirlarda ishtirok etmoqda.
Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Ilyos Ahmedov loyihaning futbol turnirida “Yashil do‘stlik jamoasi”da O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan bo‘lsa, loyihaning yosh jurnalistlarga bag‘ishlangan qismida Xalqaro bolalar matbuot markazida Amir Sharipov tabdirlarni yoritish ishlari bilan shug‘ullanmoqda.

Qayd etish joiz, hozirda futbol bo‘yicha Konfederatsiyalar Kubogiga mezbonlik qilayotgan Sankt-Peterburg shahri butkul futbol bilan yashamoqda. Shahar bo‘ylab muxlislar uchun bir necha maxsus hududlar (fan zonalar) ajratilgan bo‘lib, bu erga tashrif buyurgan kishi nafaqat Konfederatsiyalar Kubogi, balki “Futbol do‘slik uchun” loyihasining ham havosini his qilmoqda.
26–29 iyun kunlari yosh futbolchilar asosan qur’a orqali aniqlab olingan jamoalari tarkibida mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Qayd etish kerak, Ilyos Ahmedov “Yashil do‘stlik jamoasi” tarkibidagi yagona darvozabon hisoblanadi. 1 iyul kuni bo‘lib bo‘lib o‘tadigan turnirning asosiy o‘yinlari oldidan uning mas’uliyati yuqori bo‘lib turibdi. Amir ham bugunga kelib o‘z maqolalari uchun ma’lumotlar yig‘ishga zo‘r bergan.
Bir necha kunlik jamoaviy mashg‘ulotlardan so‘ng, loyiha tashkilotchilari ishtirokchilarga 30 iyun kuni madaniy xordiq chiqarish uchun keng sharoit yaratib berishdi. Jumladan, barcha delegatsiyalar qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham Rossiyaning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Sankt-Peterburgning bir qator diqqatga sazovor joylarida bo‘lishdi. Bular qatoriga shaharning tarixiy qismi markazida joylashgan “Petropavlovsk qo‘rg‘oni” uyushtirilgan sayohat loyiha ishtirokchilari ajoyib taassurot qoldirdi.

Endilikda, loyiha o‘zining hal qiluvchi pallasiga kiradi. 1 iyul kuni futbol turniri bo‘lib o‘tadi, 2 iyul sanasida esa loyiha doirasida Xalqaro bolalar forumi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, shu kuni ishtirokchilar “Sankt-Peterburg Arena” stadionida bo‘lib o‘tadigan Germaniya – Chili final uchrashuvini bevosita o‘yingohdan turib kuzatishadi.



Fikrlar