
Futbolchi qizlar. Lyudmila Karachik yangi mavsumni Belarusda boshlaydimi?
Kecha Diyora Xabibullaeva haqida chiqqan maqoladan so‘ng turli xil fikrlarni eshitdim. Maoshlar masalasi va klubning moliyaviy ahvoli haqida faqatgina eshitgan taxminlarimni yozgan edim. Bugun esa "So‘g‘diyona - W" klubining ashaddiy raqibi "Bunyodkor - W" sardori Lyudmila Karachik e’tirofimiz markazida.
Lyudmila Karachik 1994 yil 8 dekabr kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Bolaligidan yigitlar bilan futbol o‘ynardi va bu kelajakda uning professional faoliyatida katta yordam berdi. Gap isboti bilan, 15 yoshida mahalliy "Qushbegi" jamoasi bilan ilk shartnomasini imzoladi. Keyingi yilda esa hujumchi U19 jamoasiga chaqiruv oladi. Bu vaqtda terma jamoaga Elmira Gulyamova murabbiylik qilgan va yosh Lyudmila hayoti mana shu murabbiyning qo‘l ostida butkul o‘zgarib ketishini tasavvur ham qila olmagan bo‘lsa kerak. Yosh futbolchining to‘p bilan ishlash texnikasi va tezligi barchanii lol qoldirgan, Gulyamova ham qizaloqning yorqin kelajagini ko‘ra bilgan.
Futbolchilik faoliyati
"Qushbegi"dan so‘ng futbolchi "Paxtakor - W" klubiga yo‘l oladi. Terma jamoadagi sifatli o‘yinlari sabab bugungi kunda ham akademiyasi juda kuchli hisoblanadigan "Metallurg - W" jamoasiga o‘tadi. Ammo turnirda peshqadam hisoblangan "Bunyodkor - W" murabbiyi Elmira Gulyamova uni o‘z qizlari orasida ko‘rishni xohlaydi va 2019-yilda Karachik rasman "qaldirg‘ochlar" hujumchisi sifatida ommaga tanishtiriladi. Bu tanlov qaysidir ma’noda o‘zini oqlaydi. 1 yil o‘tib chempionatda eng ko‘p gol urgan to‘purar aylandi va terma jamoa safida ham 28 o‘yinda maydonga tushib 22 ta gol urishga erishadi. Bu holat chet davlatlari jurnalistlarining e’tiboriga tushadi, 2 mavsum davomida birorta uchrashuvni o‘tkazib yubormagan futbolchi, vanihoyat, mamalakatning "Eng yaxshi ayol futbolchisi" unvoniga loyiq deb topiladi.
Nega Evropa taklifini rad etgan?
Aslini olganda, ayollar futbolida Angliyadan taklif olish katta orzu. Nafaqat ayollar, balki erkaklar ham bu uchun tinmay mehnat qiladi. Ammo Lyudmila Karachik Evropada futbol Osiyodan farqli ekani, Angliyada qizlar asosan kuchga qarab tanlangani tufayli "Everton" klubiga rad javobini beradi. Ayni vaqtda Belarus klubiga o‘tishga juda yaqin turgan yulduzga ichki chempionatdan ham juda ko‘p so‘rovlar kelgan, lekin Lyudmila "Bunyodkor"ni hurmat qilganligi sababli ularga ham rad javobini beradi.
Terma jamoada nega uni ko‘rmayapmiz?
"Bunyodkor - W" klubi 2021-yilda Osiyoda O‘zbekiston sharafini himoya qildi, shu vaqtda hujumchimiz Lyudmila Karachik oyog‘idan og‘ir jarohat oladi va bir necha oyga safdan chiqdi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga yaponiyalik Midori Xonda bosh murabbiy etib tayinlandi va u Karachikni 100 foizlik darajada tayyor emas deb yig‘inlarga jalb qilmay qo‘ydi. O‘zini va maydondagi mehnatini hurmat qilishni talab qiladigan hujumchiga bu umuman yoqmaydi va navbatdagi chaqiruvlarga o‘z xohishi bilan bormay qo‘yadi.
Qancha maosh oladi?
Lyudmila Karachik saytimizga bergan intervyusida uni maosh u qadar ko‘p qiziqtirmasligini aytib o‘tgan. Buni "Everton" taklifini rad etganidan ham bilsak bo‘ladi. Ammo pulsiz ham hech bir insonni ishlagisi kelmaydi. Shu tufayli qulog‘imizga etib kelgan "mish-mish"larga ko‘ra minimum 5milliondan ortiqroq maosh oladi. Bu furbolchimiz reklama va ijtimoiy tarmoqlardan pul ishlamaydi, bunga qiziqmaydi ham!
Nega to‘purarlar etakchiligini qo‘ldan boy berdi?
O‘ylab ko‘rsak, futbolchining individual yutuqlarida jamoaning ham hissasi bo‘ladi. Karachikning eng yulduzli onlarida "Bunyodkor" mamlakat chempioni va klub safida tajribali futbolchilar ham juda ko‘p edi. Lekin 2022-yilda jamoada moliyaviy muammolar yuzaga keldi, jamoani 60 foiz futbolchilar tark etdi. Bu klub natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Dilnoza Mustafoqulova tayyorladi
Fikrlar