
"G‘alabani bizdan ham ko‘ra, ko‘proq viloyat hokimi xohladi" - "Navbahor" futbolchisi No‘’mon Hasanovning eng katta xatosini aytdi
Bugun Toshkentda “Lokomotiv” hamda “Navbahor” ishtirokidagi o‘yin ancha qiziqarli tarzda kechganini ko‘rdik.
Birinchi turda ikkala klub ham yutqazgani sababli, ular uchun uch ochko nihoyatda muhim edi. Hattoki, “Navbahor”da bosh murabbiy o‘zgardi. Bu esa namanganliklarga ijobiy ta’sir qildi.
G‘alaba uchun mezbonlarga nisbatan mehmonlarda ishtiyoq kuchli ekani ko‘rindi. Jamoa o‘yini ham shunga yarasha bo‘ldi. Quvondiq Ro‘ziev esa uchrashuvning faollaridan biri bo‘ldi. Bellashuv yakuniga etgach, futbolchi sports.uz uchun intervyu berdi.
- “Lokomotiv” ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Bugungi o‘yin xususida nimalarni ayta olasiz?
- O‘yindagi g‘alaba bizga har tomonlama juda ham muhim edi. O‘z maydonimizda “So‘g‘diyona”ga yutqazib qo‘yganimizdan so‘ng, muxlislarimiz bizdan ancha ranjigandi. Shunga yarasha futbolchilarga nisbatan tanqidiy fikrlar ham bo‘lgandi. Shu sababli, bugun “Lokomotiv”ni yutmasak bo‘lmasdi, hatto durang ham bizni qoniqtirmasdi. Viloyat rahbari ham biz bilan uchrashganda bildikki, hattoki, bizdan ham ko‘proq viloyat rahbari yutishimizni xohlayotgandi. Shuning uchun hokimning gaplaridan ilhom oldik. Bu esa bugungi uchrashuvda bizga ijobiy ta’sir qildi. Viloyat rahbari endi 17 ming muxlisni qanday qilib qaytarasizlar, degan gapi ham bizga qattiq ta’sir qildi. Birinchi uchrashuvdagi mag‘lubiyatga qaramasdan, Toshkentdagi bugungi uchrashuvga yana ko‘plab muxlislarimiz kelishdi. O‘zimizni xuddi o‘z uyimizda o‘ynayotgandek his qildik. Ularga katta rahmat. G‘alaba har tomonlama kerakligi uchun yigitlar maydonda borini berishdi. Mehnatimiz samarasi tabloda ko‘rindi.
- Birinchi mag‘lubiyatdan keyin No‘’mon Hasanov ishdan bo‘shatildi va Viktor Jalilov bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu o‘zgarish esa jamoaga yaxshi ta’sir qilganini ko‘rdik. Futbolchilar murabbiylar o‘zgarishini qanday qabul qilishdi?
- O‘zgarishga kelsak, hammaga har xil ta’sir qilishi mumkin. Oldin ham No‘’mon aka Hasanov qo‘l ostida o‘ynaganman, u insonni yaxshi bilaman. Lekin bugungi uchrashuv ko‘rsatib turibdiki, klubdagi o‘zgarishlar to‘g‘ri bo‘lganligi amalda tasdig‘ini topdi. Lekin bu o‘yin jihatdan murabbiy bir kunda hammasini o‘zgartirib yubora olmaydi. Baribir Hasanovning mehnati bu vaziyatda ko‘rinib turgandi. Buni Viktor Romanovichning o‘zi ham ta’kidlab, rahmat unga, sizlarni shunchalik tayyorlab berdi, deb aytdi. Faqat Jalilov tarkib borasida o‘zgarish qildi. Shuningdek, o‘yinimizda ham qandaydir o‘zgarishlar sezildi. Masalan, meni hujumchi ortiga qo‘ydi. To‘p bilan bemalol yurishimga, raqiblarni aldashimga ruxsat berdi. Sen o‘zingdagi bor imkoniyatning ko‘rsat, maydonda erkin o‘ynagin, deya menga ko‘rsatmalar bergandi. No‘’mon aka esa aynan mana shunday o‘yinim uchun “So‘g‘diyona” bilan bahsda meni zaxiraga olgandi. To‘pni ko‘proq o‘zingda ushlab qolyapsan, hujumni to‘xtatib qo‘yyapsan, degandi. Jalilov esa menga maydonda erkinroq o‘ynashim uchun imkoniyat berdi. Hujumchilarni ham, yarim himoyachilarni ham pas bilan ta’minlashimni aytdi. Shuning uchun o‘zim ham erkinroq to‘p surdim. No‘’mon aka aslida yomon mutaxassis emas. Jamoamiz nomidan u kishiga rahmat aytamiz. U jamoani mavsumga tayyorlab berdi. Bitta narsani aytaman: No‘’mon Hasanovni katta xatosi – Drajen Dukich. Aynan uni o‘ziga yordamchi qilib olib kelgani xatosi bo‘ldi, bu mening fikrim. No‘’mon aka klubni o‘tgan yildan beri boshqarayotgan bo‘lsa, sezilarli o‘zgarish qilgandi. Futbolchilar ham maza qilib o‘ynashni boshlagandilar. Buni yigitlar his qilishgan. Lekin “Navbahor”ga Dukichni olib kelganidan keyin hammasi o‘zgarib ketdi. Futbolchilar xuddi qamoqdan chiqib o‘ynagandek bo‘ldi. Yana takrorlayman, aslida Hasanov yomon murabbiy emas, futbolda o‘zining imzosi bor. Lekin yordamchi murabbiy tanlashda adashdi.
- Jamoa ichida muhit ham yaxshi emasmidi, ayniqsa, mag‘lubiyatdan keyin. Masalan, serbiyalik legionerlar bilan munosabatlar turlicha ekani haqida eshitdik...
- Yutqazsangiz har xil gap-so‘zlar kelib chiqish tabiiy holat. Ammo jamoamizdagi muhit yomon emasdi. Hayronman, turli mish-mishlarni qaerdan olisharkin? Serbiyalik futbolchilarni chiroyli kutib olganmiz. Munosabatlar ham yaxshi. Lekin Dukich bilan muammolarimiz bor edi. U No‘’mon Hasanovning ko‘p fikrlarini o‘zgartirib yubordi. Meni ham birinchi uchrashuvda zaxiraga olinishimni Dukich qildi, deb o‘ylayman.
- Viktor Jalilovning qadami qutlug‘ keldi. Uning kelishi jamoadagi ishtiyoqning kuchayganini ko‘rsatdi...
- Albatta. Baribir Viktor Romanovichning tajribali murabbiyligi bilinib turibdi. Futbolchilar bilan gaplashishi, talabchanligi ham yuqori darajada. Chekkadan turib futbolni ko‘ra olish qobiliyati ham ajoyib. Murabbiy tomonidan zaxiradan maydonga tushirilgan o‘yinchilar kerak bo‘lsa, o‘yin taqdirini hal qilishdi. Serbiyalik o‘yinchi pas berdi, Ehsoni gol urdi. Bu murabbiyning tajribasi bilan bog‘liq. Ko‘rib turganingizdek, zaxiradan tushirgan o‘yinchilari ikkinchi golda faol harakat qilishdi.
- Azim Ahmedov ikkinchi bo‘limda penaltidan gol ura olmagan bo‘lsa ham jamoa ruhan “sinmadi”. Qaytanga, hujumlarni yanada kuchaytirdi va ko‘p o‘tmasdan ajoyib gol urdi. Balki boshqa jamoa bo‘lganida amalga oshirilmagan penaltidan o‘ziga kela olmasligi mumkin edi...
- Azim aka jamoamizning yuragi hisoblanadi. U jamoani bog‘lab turuvchi inson. Penaltidan gol ura olmagach, ruhiy tushkunlikka tushdi. Keyin bizda Azim aka uchun ham o‘ynaymiz, degan hissiyot kuchaydi. O‘sha xatodan so‘ng, tushkunlikka tushmadik. Qaytanga, bizni yaxshi tomonga o‘zgartirdi. Shijoatimiz oshdi. Raqib himoyasida muammolar borligini ko‘rdik. Shu sababli, bosim qilishda davom etdik, ular ko‘proq xatoga yo‘l qo‘ydi. Bundan unumli foydalandik.
- Jalilov bilan chempionlik qo‘lga kiritilishiga qanchalik ishonasiz?
- Birinchi g‘alabadan keyinoq, ortiqcha hissiyotlarga berilib ketmoqchi emasmiz. “Lokomotiv”ni yutgan bo‘lsak-da, katta gapirib yuborish niyatim yo‘q. Lekin tarkibda tajribali o‘yinchilar yig‘ilgan. Iste’dodli yoshlar ham bor. Tarkibdan kelib chiqib aytsak, bemalol kuchli uchtalikka kirsak bo‘ladi. Murabbiy va futbolchilar bir-biriga ishonyapti. Shu ruhda davom etsak, Xudo xohlasa, uddasidan chiqamiz.
Fikrlar