
Grizmanning transferi "Atletiko"ga nima beradi yoxud endi "matraschilar" La Liga favoriti(mi)?!
Leoning Parijga yo‘l olgani Ispaniyada o‘zgacha mavsum bo‘lishidan darak bergan edi. Endi barcha jamoada chempionlik uchun imkoniyat bir xil. Ikkinchi o‘zga sayyoralik ham boshqa chempionatga ravona bo‘ldi.
Messi o‘tgan mavsumda klubning chempionatdagi eng yaxshi to‘purari bo‘lgan. Bu muhim statistika emas. Asosiysi, butun jamoa o‘yini uning atrofida qurilgan bo‘lib, endi kataloniyaliklar barchasini noldan boshlaydi. Hujum boshi va yakunini belgilab beradigan ijrochi ketgach, qayta qurish ishlari boshlanishi aniq.
"Real" Madridda ham ahvol havas qiladigan daraja emas. So‘nggi yillarda g‘alaba kaliti sifatida xizmat qilgan etakchilar jamoani tark etdi. Varan va Ramos transferi katta voqea bo‘lgan bo‘lsa, Zidanning ketishi barchasini murakkab ahvolda qoldirdi. Karlo Anchelottining jamoaga taklif etilishi oldinga tashlangan qadam emas. U yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin, biroq bu rokirovka "Real"ga yangi imkoniyatlar eshigini ochmaydi. Agar, Kilian Mbappening transferi amalga oshganida, bu jamoani chempionatda etakchilik qilish imkonini taqdim etar edi. Bundan tashqari, Messining ketishiga Mbappe transferi javob bo‘lar, chempionat mavqeyiga putur etmagan bo‘lar edi. Kilian uchun pul yiqqan Peres himoyachilar o‘rnini to‘ldirishni unutib qo‘ydi. Birgina Alaba joriy mavsumda butun himoya chizig‘ini berkitishga qodir emas. Kamavinga esa kelajak uchun aktiv.
Muammolar haqida gap borar ekan, "Barselona"ning moliyaviy nochor ahvolini alohida qayd etib o‘tish darkor. Klub shu qadar ojiz ahvolda-ki, hatto o‘z sardorlaridan maoshini pasaytirishini iltimos qilmoqda. "Real"da ham ahvol havas qiladigan darajada emas. Florentina Peres Aleksandr Cheferin bilan Superliga masalasida urish boshlagan. Borgan sari ustunlik UEFA rahbari tomoniga o‘tib ketmoqda. Xorij nashrlarining ma’lum qilishicha, tomonlar sudga qadar etib borishi mumkin. Peres o‘z istaklarini sudya oldida isbotlashi mumkin, ammo urishni boy bergani aniq. Evropada hech qanday superliga haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas! Tamom!
"La Liga" g‘olibligi uchun 3 da’vogar - "Atletiko"da barchasi ko‘ngildagidek ketmoqda. Ronaldu va Messi singari ijrochilari bor klublar bilan 10 yil kurash olib borgan "El Cholo" ikki bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Uning boshqaruvida "matraschilar" dunyo arenasida brend darajasiga ko‘tarildi. Hech qachon kuchli emas, ammo hech kimga jangsiz taslim bo‘lmaydigan jamoani hamma yoqtirib qoldi. Ularni avval qaroqchilarga qiyoslashar edi. Hozir vaziyat o‘zgardi. Klub moliyaviy jihatdan ancha qaddini rostlab olgan.
Keling, vaziyatga real baho berish maqsadida o‘lchovni o‘tgan yilgi mavsum yakunlariga qarab belgilaymiz. "Atletiko" "Primero"da tengsiz bo‘ldi. Chempion tarkibni saqlab qolibgina qolmay, Antuan Grizmanni ortga qaytardi. "Real" esa, musobaqada "Atletiko"ga mag‘lub bo‘ldi. Klubdagi asosiy figura - Zidan va Ramosni olib qolmadi. Bonus: Rafa Varan ham yangi sarguzashtlar izlab Angliyaga ko‘chib ketdi.
Antuan "Barsa"da ikkinchi darajadagi ijrochi edi, biroq uning "gol+pas"da 20 ochko jamg‘arganini unutmang! O‘rniga taklif etilgan Luka De Yong esa, ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydigan klassik forvard. Qanchalar kulgili tuyulmasin, "Atletiko" Grizmann transferi orqali Kataloniya klubini ancha zaiflashtirdi.
U o‘z imkoniyatlarini to‘liq ochib bergan ustozi - Diego Simeone bilan yana hamkorlik qilishi, avvalgi darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Argentinalik mutaxassis Grizmanni "Oltin to‘p" uchun asosiy da’vogarlar qatoridan o‘rin egallaydigan darajaga ko‘targan, 120 millionlik futbolchiga aylantirganini unutmagan bo‘lsangiz kerak. E’tiborlisi shundaki, Grizmann endi "Atletiko"ning o‘yinini bir o‘zi belgilab bermaydi. U yo‘qligida Madridni Luis Suares to‘liq zabt etdi. Bu o‘ziga xos motivatsiya bo‘lishi aniq. Luisito bir o‘zi butun mavsum 90 daqiqa harakat qilishi imkonsiz. Simeone hammasini bilgan xolda ulardan unumli foydalanishga urinadi.
Endi "Primero"da g‘olib chiqish uchun qaysi jamoada imkon ko‘pligini tasavvur qilyapsizmi? Amaldagi chempion yo‘qotishlarsiz Antuan Grizmanni ortga qaytardi. "Barselona" Messini Depayga almashtirdi. "Real" esa, Ramos va Varan o‘rniga birgina Alabani taklif etdi. Shu o‘rinda, A Seriyaning eng kreativ futbolchisi - Rodrigo De Paulning transferini ham unutmaslik lozim. "Atletiko" endi avvalgidek ijrochilar borasida muammoga duch kelmasligi turgan gap.
Aslida, "Real" va "Barselona"ni mavsum boshida chempionlik poygasidan chiqarib tashlash imkonsiz, biroq asosiy favorit "Atletiko" ekanliga fakt. O‘tgan yili chempionlikni qo‘lga kiritgan, hech qanday moliyaviy muammo va yo‘qotishlarsiz. qo‘shimchasiga, o‘yinni kuchaytira oladigan transferlarni amalga oshirgan "matraschilar"da ketma-ket ikkinchi bor chempionat oltin medallariga ega chiqish uchun har qachongidanda imkoniyat yaxshiroq.
Semione o‘zining ilk chempionligini qo‘lga kiritganida, "Barselona" Neymar-Suares-Messi uchligiga suyangan to‘xtatib bo‘lmas kuch, "Real" esa, Rafa Benitesni Zidan almashtirish va ulkan g‘alabalar ostonasidagi klub edi. Chempionlikdan so‘ng, "Atletiko" hech bir jabhada raqiblari bilan tenglasha olmadi. Super transferlar, uzun zaxira o‘rindig‘i, o‘zga-sayyoralik futbolchilar va boshqa ko‘plab aspektlarda jamoasi raqib oldida ojiz ekanligini Diego alam bilan tomosha qildi. O‘tgan mavsumda mutaxassis raqiblar ancha zaiflashganini his etdi va otni qamchiladi. Endi to‘yni to‘yga ulab yuborish uchun barcha imkoniyat bor.
Endi Simeone o‘zini qaroqchilar kemasidagi kapitandek his etmasdan, o‘z mamlakatini qurishi shart. Vaziyat o‘zgardi. Endi start oldida hammada imkoniyat teng. Bugungi "Atletiko" Ispaniyadagi birinchi kuch bo‘lishga tayyormi? " Diego va shogirdlari bu bosimni engib o‘tadimi? Panada yurishga o‘rgangan jamoa otilib oldinga chiqadimi? Shu va shunga o‘xshash savollarga SPORTS.uz saytida mavsum davomida javob olishingiz mumkin.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar