G‘ulomxo‘jaevning "Andijon"dagi faoliyati boshlandi
Ma’lumki, yaqinda “Andijon” klubiga Otabek G‘ulomxo‘jaev bosh murabbiy etib tayinlangandi. Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, u kecha yordamchisi Doniyor Usmonov bilan Andijonga etib kelgan.
Dastlab, yangi murabbiylar klub qarorgohi hamda mashg‘ulot maydonlarining bugungi holati bilan yaqindan tanishdi. “Sog‘lom avlod” stadionini ko‘zdan kechirgan holda dastlabki taassurotlarga ega bo‘ldi.

Shundan so‘ng, “Bolalar va o‘smirlar futbol maktabi”dagi maydonlarning holatini ham ko‘zdan kechirishdi.
Bugun esa, klub qarorgohida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, klub rahbari bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev va yordamchisi Doniyor Usmonovni jamoa a’zolariga tanishtirdi.

O‘z navbatida, G‘ulomxo‘jaev “Andijon”ni Superligada saqlab qolish uchun hamma birlashishi va bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda ishlash muhimligini aytib o‘tdi.
Kunning ikkinchi yarmida “Andijon” futbolchilari yangi murabbiy boshchiligida dastlabki mashg‘ulotini o‘tkazdi. Aytish kerakki, birinchi kungi tayyorgarlik jarayonlari ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, “Andijon” klubi 23-tur doirasida navbatdagi uchrashuvni 19 noyabr kuni o‘z maydonida Muborakning “Mash’al” jamoasiga qarshi o‘tkazadi va ushbu bellashuv G‘ulomxo‘jaevning debyut o‘yiniga aylanadi.

Fikrlar