Gvardiola APL g‘olibini aniqlamoqchi bo‘lgan superkompyuterni noqulay ahvolda qoldirmoqda

  • 18 fevral, 2021, 01:29
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pep doimo o‘ziga va jamoasiga nisbatan aytilgan barcha so‘zlarga javob qaytarishni xush ko‘radi. U yaqinda APL g‘olibini aniqlamoqchi bo‘lgan superkompyuter qilgan bashorat haqida o‘zgacha fikr bildirdi.

Tecno

“Unday bo‘lsa, bizga APL uchrashuvlarida boshqa ishtirok etish shart emas. Axir bizni allaqachon chempionga aylantirib bo‘lishdi. Hech tushunmayapman, agar biz muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsak, «Tottenxem» va «Everton»ga qarshi o‘yinlarda ishtirok etishimizdan nima naf?!

Muxlislar bizni APL oltin medallariga ega chiqishimiz haqida so‘zlashayotganini tushunaman, ammo hech narsa abadiy emas. Hech narsa ideal emas. O‘tmishdagi g‘alabalar, kelajakda ham g‘alaba qozonish uchun zamin yaratmaydi”.

Analitik sistema «Siti»ni chempionlik bilan tabriklamoqda

Musobaqa g‘olibi nomini oldindan e’lon qilish uchun yaratilgan «Stats Perform» chempionat ishtirokchilarining imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘z bashoratini e’lon qildi. Qurilma, voqealardan asosida o‘z fikrini va favoritini e’lon qilishga mo‘ljallangan.

E’tiborlisi shundaki, «Liverpul» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, qurilma «Siti»ning chempionlik poygasida g‘olib chiqish imkoniyatlarini 97,9 foiz, deb e’lon qildi. To‘liq statistika quyidagi suratdan o‘rin egallagan.

laщtsluщaltsua

«Siti»ning azaliy raqibi esa, finishga 2-o‘rinda etib kelishi taxmin qilinmoqda. Ularning Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etishi 88,3 foizga aniq. Bu ma’lumot omma yuzini ko‘rgach, «Manchester Yunayted» norvegiyalik mutaxassisga yangi shartnoma taklif etsa, ajablanmang! «Liverpul»ning imkoniyatlari keskin tushib ketdi. Chempionlikni qo‘lga kiritish uchun imkoniyatni qurilma 0,7 foiz, deb baholadi. Bu «Stats Perform» «Liverpul»ga bergan eng kam koeffitsient. Bundan tashqari, jamoa mavsum so‘nggida 5-o‘ringa tushib ketishi ham mumkin.

Evropa Chempionlar Ligasida kimlar ishtirok etadi?

O‘rinli savol. Hisob-kitoblarga qaraganda, «Lester», «Chelsi» va «Tottenxem»da imkoniyatlar saqlanib qolmoqda. «Everton»ga superkompyuter ishonmayapti. Shu bois, uning kvartetdan o‘rin egallash ehtimolini 6,9 foiz etib belgilagan.

«Arsenal»ni algoritm kamtarin 10 o‘rinda qolish haqida so‘zlamoqda. Shunga qaramay, London klubi mavsum so‘nggiga qadar 7-o‘ringa ko‘tarilishi mumkinligi inobatga olingan. Chempionatni tark etish uchun asosiy da’vogarlar qatorida «Fulxem», «Sheffild» va «Vest Bromvich»ni ko‘rishimiz mumkin. «Nyukasl» hisob-kitoblarga qaraganda, kichik farq bilangina elitada jon saqlab qoladi.

Mavsum boshida «qo‘shiq» boshqacharoq yangragan edi

Tan olish lozim, «Stats Perform» hali to‘liq kuch bilan ishga tushirilgani yo‘q. Mexanizmda jarohat olgan futbolchilar, pandemiya va boshqa ko‘plab faktorlarning ta’sir doirasi ko‘rsatilmagan. Shu bois, analitika asosan so‘nggi uchrashuvlardan kelib chiqib tuziladi.

Mavsum avvalidagi bashoratlar hozir bizga kulgili tuyulishi aniq. Keling, superkompyuter tomonidan o‘tgan mavsumdagi chempionat o‘yinlari uchun taxmin qilingan jadvalga e’tibor qaratamiz.

abtsuщatsluщlatsu

Ko‘plab mutaxassislar «Stats Perform» singari Pep Gvardiolaning Kloppdan yana o‘zib ketishini taxmin qilgan edi. Yakunda, «mersisaydliklar» 30 yillik noxush an’anaga chek qo‘ydi. Pandemiyadan avvalroq qilingan bashorat umuman o‘zini oqlagani yo‘q.

«Tottenxem» musobaqani 6-pog‘onada yakunladi. «Manchester Yunayted» bronza medallarga ega chiqdi. «Arsenal» 8-o‘rinda qolib ketdi. «Lester» va «Vulverxempton»ning EChL yo‘llanmasi uchun oxiriga qadar kurash olib borishini superkompyuter topa olmadi. Shuningdek, elitani tark etishda ham uning bashorati umuman o‘zini oqlagani yo‘q. U taxmin qilgan «Nyukasl» 9-o‘rinni egalladi. «Sheffild» barchani hayron qoldirdi.

Agar umumiy fikr bildirilsa, sun’iy intellekt 20 ta urinishdan faqat bitta o‘rinni to‘g‘ri topdi, xolos. Unga ko‘ra, «Chelsi»gina o‘ziga taqdim etilgan taxminiy pog‘onani mavsum so‘nggida egalladi.

«Siti» chempionlikni naqdlab qo‘ydimi?!

Aslida, futbolni yanada tomoshabop bo‘lishi uchun o‘ylab topilgan «Stats Perform» ixtirochilariga katta rahmat. Bu voqea ham muxlislarni yanada birlashtirishi, futboldagi intrigani ortishini ta’minlaydi. Xo‘sh, qay darajada «Siti» chempionlikni naqdladi? To‘g‘ri, asosiy da’vogarlarda muammolar juda ko‘p. «Liverpul»ni oldinda EChLda oson bo‘lmagan javob o‘yini kutib turibdi. «Chelsi» yangi murabbiy bilan katta tavakkalga qo‘l urdi. «Arsenal»dan Evropa Ligasidan boshqa musobaqada hech narsa kutib bo‘lmaydi.

Sun’iy intellekt tomonidan berilgan bashoratlar esa, qandaydir 5 ta o‘yin ichida o‘zgarib ketishi mumkin. Agar «Siti» ketma-ket 5 bor mag‘lub bo‘lsa, uning chempionlik foizi ham tushib ketadi. 1 foizga ham etmagan ishonch kreditlarini qo‘lga kiritgan «Liverpul»ning imkoniyatlari yuqorilaganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Umuman olganda, sun’iy intellekt hozircha futbol olamini zabt etgani yo‘q. Uning bashoratlariga ishonish kulgili. Vaziyatdan kelib chiqib xulosa qilishni esa, inson miyasi uddalay oladi. Shunday ekan, voqealar rivojini SPORTS.uz da kuzating va o‘z tahlilingizgagina suyaning! 

Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!