
Gvardiola Husanovning asosiy kamchiligini aytdi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov endi Angliya futbolini ham zabt etmoqda va tobora o‘zini angliyalik muxlisu mutaxassislarga yaxshiroq tanitib boryapti.
Tez kunlarda 21 yoshga to‘ladigan hamyurtimiz “Manchester Siti”ning asosiy o‘yinchilari qatoriga qo‘shildi va tahlilchilarning ta’kidlashicha, aynan o‘zbek futbolchisi yaqin kelajakda jamoaning himoya qo‘rg‘onida etakchilikni o‘z qo‘liga oladi.
Abduqodir Husanov jamoaga yanada chuqurroq singishi uchun ingliz tilini tezroq o‘zlashtirishiga to‘g‘ri keladi. Jamoa bosh murabbiyi Xoser Gvardiola ham o‘zbek futbolchisining muloqot doirasi cheklanganini alohida tilga olib o‘tdi.
- Yanvarda safimizga qo‘shilgan o‘yinchilarning bari mashg‘ulotlarda o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatib kelmoqda.
Abduqodir Husanov qisqa fursat ichida “Chelsi”, “Leyton Orient”, “Nyukasl”, “Real”, “Liverpul” kabi jamoalarga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi. Bu futbolchi qaerdan kelganini inobatga olsak, u hali bunaqa tig‘iz taqvimda o‘ynamagan.
Yana bir jihati shundaki, Husanov hali ingliz tilida erkin gaplasha olmaydi va bu atrofdagilar bilan muloqotning kamligiga sabab bo‘lyapti.
Biroq uning o‘yinga qo‘shayotgan hissasi ulkan ekanini e’tirof etish kerak.
Umar Marmush va Niko Gonsales sal kam o‘ynagan bo‘lsa-da, juda yaxshi harakat qilmoqda. Biz bu uch futbolchining jamoamiz o‘yiniga ko‘rsatayotgan ta’siridan qoniqish hosil qilyapmiz. Va albatta, vaqti kelib, Vitor Reys ham yaxshi darajaga chiqishi bilan o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi, - dedi “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola.
O‘z navbatida, turli ligalarda Abduqodir Husanov faoliyatiga havas qiladigan futbolchilar ham ko‘paymoqda. Xususan, Rossiyaning “Arsenal” klubida o‘ynayotgan asli kongolik bo‘lgan markaziy himoyachi Erving Botaka-Yoboma o‘zbek futbolchisi singari Evropa futbolini zabt etishni orzu qilayotganini yashirmadi.
- Evropa chempionatlari ham turlicha bo‘ladi. Misol tariqasida Belgiyani oladigan bo‘lsak, men bu chempionatga borgan bo‘lardim. His-tuyg‘ularim bu liga menga to‘g‘ri kelishi va yoqishidan dalolat beryapti. Chunki bunday ligalardan katta chempionatlarga ko‘p o‘yinchi olishadi.
Masalan, Abduqodir Husanov olaylik: yaqinda Rossiya birinchi ligasidan kuchli bo‘lmagan Belarus chempionatida o‘ynab yurgandi. Keyin Frantsiyaning “Lans” klubiga o‘tdi. Hozir “Manchester Siti”da!
Hamma narsa bo‘lishi mumkin ekan. Hammaning o‘z taqdiri bor, faqat rivojlanish yo‘lini to‘g‘ri tanlay olish lozim, - dedi Erving Botaka-Yoboma.
Ta’kidlash joizki, professional futbolchilik faoliyatini 2022 yili boshlagan Abduqodir Husanovning jahonning eng kuchli klublaridan hisoblangan “Manchester Siti” darajasidagi futbolchiga aylanishiga qisqa fursat – ikki yarim yil kifoya qildi xolos. Dastlab bir yil Belarus chempionatida “Energetik-BGU” sharafini himoya qilgan hamyurtimiz keyin “Lans”da bir yarim mavsum o‘ynadi.
“Manchester Siti” o‘zbek futbolchisini qo‘lga kiritish uchun bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 50 million evro xarajat qildi. Bu O‘zbekiston futboli tarixi va “Lans” klubi faoliyati davomidagi eng yirik transfer bo‘ldi va rekord sifatida qayd etildi.
Fikrlar