Gvardiola: "Silva va Stouns ketish haqidagi qarordan keyin engillik his qildi"
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola yarim himoyachi Bernardu Silva hamda himoyachi Jon Stounsning jamoani tark etishi mavzusida fikr bildirdi.
Avvalroq "shaharliklar" portugalilik va angliyalik futbolchilarning shartnomalari uzaytirilmasligini rasmiy tasdiqlagan edi. Shu tariqa, ular mavsum yakunida erkin agentga aylanadi.
"O‘ylaymanki, rasmiy bayonotdan keyin ikkalasi ham engillik his qildi. Men Jondan: “Hozir o‘zingni qanday his qilyapsan?” deb so‘radim. U: “Hammasi yaxshi, o‘zimni engil his qilyapman, muxlislar mehrini sezayapman”, deb javob berdi.
Men ularning g‘alaba qozonishni qanchalik yaxshi ko‘rishini bilaman. Mashg‘ulotlarda Bernardu ketishi haqidagi xabardan keyin ham avvalgidek harakat qilmoqda. Ularning munosabati umuman o‘zgargani yo‘q", — dedi Gvardiola matbuot anjumanida.
Bugun "Manchester Siti" safarda "Everton"ga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan 00:00'da boshlanadi.

Fikrlar