
"Ha, Neftchi" bilan gaplashganmiz, biroq..." - Yovan Jokich "Navbahor"da qoladimi yoki boshqa tanlovni amalga oshiradimi?
“Navbahor” klubining eng muhim o‘yinchilaridan biri serbiyalik Yovan Jokich. U raqib hujumlarini buzishda va jamoasining hujumlarini boshlashda doim faol. Namanganliklar safida ikkinchi mavsumini o‘tkazgan tayanch yarim himoyachisi o‘ziga bildirilgan ishonchlarni oqladi.
2023 yilda u O‘zbekiston chempionati va Kubok bahslarida hammasi bo‘lib, 26 ta o‘yinda maydonga tushib raqiblar darvozasini 3 marta ishg‘ol etdi. Osiyo Chempionlar ligasida ham u barqaror o‘yin namoyish qildi.
Albatta, bunday yaxshi saviyadagi o‘yinchiga talabgorlar bo‘lishi odatiy hol. Buning ustiga Jokichning “Navbahor” bilan tuzgan shartnomasi tugayapti. Shulardan kelib chiqqan holda Sports.uz jurnalisti serbiyalik legioner bilan suhbatlashdi.
- Yovan, eshitishimga qaraganda, siz “Navbahor”dan ketmoqchisiz? Shu gaplar to‘g‘rimi?
- Ha, “Navbahor” bilan tuzgan shartnomam nihoyasiga etdi. Ammo keyin nima bo‘ladi, buni vaqt ko‘rsatadi.
- Bundan tashqari, “Neftchi” klubi tomonidan sizga jiddiy qiziqish borligi ham rostmi?
- Albatta, ular bilan gaplashganmiz, biroq yuqorida qayd etib o‘tganimdek, hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- “Navbahor” bu mavsumda ham chempionlikni qo‘lga kirita olmadi. Jamoa potentsiali chempionlik uchun etarli bo‘lmadi, deb o‘ylaysizmi?
- Bu yil “Navbahor” yaxshi jamoa ekanligini ko‘rsata oldi, ammo unvonga ega chiqishimiz uchun bizga biroz omad etishmadi.
- O‘zbekiston chempionatida siz o‘ynaydigan pozitsiyada qaysi futbolchilar kuchli?
- O‘ylaymanki, men to‘p suradigan chiziqda yaxshi futbolchilar ko‘p. Shu bois falonchi ularning orasida eng zo‘ri, deb ko‘rsata olmayman.
- Samvel Babayan bilan gaplashdingizmi? Keyingi yili “Navbahor”ni qanday tasavvur qilyapsiz?
- “Navbahor” har doim chempion bo‘lish uchun kurashadi. Chunki u yaxshi jamoa va bu holat ayniqsa, uy o‘yinida yaqqol namoyon bo‘ladi. Futbolchilar uchun muxlislar bilan to‘lib-toshgan stadionda to‘p surish judayam yoqimli.
- Neymar va “Al-Hilol”ga qarshi o‘yinlardan qanday xotiralar qoldi?
- Afsuski, Neymarga qarshi o‘ynash nasib qilmadi, biroq “Al-Hilol” zo‘r jamoa va uning tarkibida ajoyib futbolchilar ko‘p. Ular bilan maydonda to‘p surish - men uchun boshqacha bo‘ladi. Bu o‘zim qarshi o‘ynashga to‘g‘ri kelgan eng zo‘r futbolchilardir.
- Sizningcha, “Navbahor” OChLda qaergacha bora oladi?
- OChLda o‘zbek jamoalari har qanday raqibga qarshi o‘ynay oladilar. Shunday ekan, “Navbahor”da ushbu turnirda o‘zini ko‘rsata olishi uchun hamma narsa etarli.
- Xizmatingizga boshqa mamlakatlardan ham takliflar bormi?
- Boshqa chorlovlar yo‘q emas, ammo bu haqda gapira olmayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar