
Habib -Getji kimning imkoniyati yuqori? O‘zbekistonlik MMA olami vakillari javob berdi
24 oktyabr kuni engil vazn toifasi chempioni Habib Nurmagomedov va vaqtinchalik chempion Jastin Getji “UFC 254” turniri doirasida o‘zaro to‘qnash kelishadi. Jangning muhimlik darajasi juda yuqori. Chunki, mazkur qarama-qarshilik g‘olibi nafaqat divizionning balki, “Pound for pound” etakchisiga ham aylanadi, deb bemalol ayta olamiz. Xullas, juda qiziqarli jang kutib turibdi. Biz UFCning “katta» janglari haqidagi tobora an’anaga aylanib borayotgan o‘zbek MMA olami vakillarining fikri bilan yana qiziqdik. Quyida bildirilgan mulohazalarni e’tboringizga havola etamiz.
Jahongir Qoraboev – murabbiy
- “Stoyka”da Jastin Getji kuchliroq. Bunga uning janglarini tomosha qilsangiz ham guvoh bo‘lasiz. Fergyusonga qarshi janggi yanada uning mahorati oshganligini ko‘rsatdi. Shunday bo‘lsa-da, Habib o‘z ishini qiladi. Nurmagomedovga muxlislik qilaman va uning g‘alaba qozonishiga tilakdoshman.
Bekzod Abdurahmonov – erkin kurashchi va MMA jangchisi
- Har ikkisi uchun juda qiyin jang bo‘ladi. Habib uchun qiyin jihati, Getjini o‘zi ham kurashdan chiqqan. AQShda yaxshi natijalar ko‘rsatgan. Habibga qarshi jangga tayyorgarlik jarayonida yanada kurashini kuchaytirishiga shubha yo‘q. Greppling borasida ham yomon emas, “stoyka”siga esa gap yo‘q! Habibni kuchli jihatini barcha yaxshi biladi. Imkoniyatlar 50/50. Agar, birinchi va ikkinchi raundlarda Habib “teykdaun”lar bilan Getjini charchata olsa, qolgan raundlarda ham u ustunlik qiladi. Agar, buni uddasidan chiqmasa, Getji “stoyka”dagi ustunligi evaziga g‘alaba qozonishi ham mumkin.
Davron Fayziev –jurnalist
- Habib-Getji jangi... Jastin Getjini bitta ishiga qoyil qolganman. Ya’ni ba’zasi kurash bo‘lsa-da, UFCda kuchli zarbali, nokautchi sifatida tanilgan. Agar, uning faoliyatini ilk bosqichiga e’tibor qaratmasangiz, kamida bokschi yoki kikboksingchi bo‘lsa, kerak deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida, u kurashchi sifatida professional darajaga ega. Shuning uchun, bu Habibga murakkab raqib bo‘ladi. Sababi, tabiiyki Habib uni “parter”ga tortmoqchi bo‘ladi. U erda esa Getji o‘zi uchun qulay atmosferani hosil qiladi. Shuning uchun, “stoyka”da urushsa, Getji kichik favorit, kurashga tortsa, Habib avvalgi raqiblari bilan bo‘lgan jangdagi kabi yaqqol favoritga aylanib qolmaydi. Misol uchun, Konor Habibga qarshi bitta xatoga yo‘l qo‘yganki, ko‘p vaziyatlarda tavakkal qilmagan. Ehtiyotkorlik bilan va taktikani ustun qo‘ygan. Getji unday jangchi emas, u tavakkalchi, qiyin vaziyat yuzaga keladigan bo‘lsa, vabankka boradi va ochiq jangga kirishib ketishi mumkin. Bu Getjining plyus taraflari... Endi, Habibning plyus taraflari: u umumiy, universal jangchi sifatida darajasi yuqoriroq. Garchi, yoshida katta farq bo‘lmasa ham, aynan, professional ishtiroki bo‘yicha tafovut juda katta. Habibning oktagonda fikrlashi, aqlli jang olib borishi va oddiygina oladigan bo‘lsak, jismoniy kuch jihatidan ustun.
- Mana ikkisining plyus tomonlarini tahlil qildik. Endi, ularni solishtirib, kim favorit ekanligini har bir muxlis o‘zi aniqlab olishi mumkin. Shaxsan men uchun foiz nuqtai nazardan oladigan bo‘lsak, 55/45 Habib foydasiga!
Farruh Madaminov – murabbiy
- Habib raqibiga nisbatan anchagina kuchli... “Parter”da qiynab, charchatib, har doimgidek g‘alaba qozonadi. Getjini “stoyka”sini gapirishmoqdayu, undan kuchli bo‘lgan raqiblarga ham Nurmagomedov xech qanday imkoniyat qoldirmagan. Misol uchun, Dastin Pore o‘sha vaqt Getji darajasida edi. Ehtimol, undan ham yaxshiroq bo‘lgandir. Getji-Pore o‘rtasidagi o‘zaro jangda Pore g‘alaba qozongonligi ham bunga misol bo‘la oladi. Qisqa qilib aytganda Habib Nurmagomedov g‘alaba qozonadi.
Jasur Alijonov – murabbiy
- Bular o‘rtasidagi to‘qnashuvda kim g‘alaba qozonishini taxmin qilish juda qiyin. Bir-biriga juda mos raqiblar. Har ikkisi bir-biri uchun noqulay... Getjida ham g‘alaba qozonish imkoniyati mavjud. Uning boksdagi mahorati juda zo‘r va kurashda ham yomon emas. Imkoniyatlarni bilmadimkuya, lekin ajoyib jang bizni kutib turibdi.
Mansur To‘g‘izboev – MMA jangchisi va refere
- Jang qanday borishiga bog‘liq bo‘ladi. Qaysi biri o‘z taktikasini o‘tkazib, jangning borishini nazorat qila olsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Getji tik turib, jang olib borishda benazir. Shuning uchun, jang shu taktikada kechsa, Getjida hech kimda bo‘lmayotgan ya’ni, Habib Nurmagomedovdan ustun kelish imkoniyati paydo bo‘ladi. Lekin bu juda qiyin bo‘ladi. Chunki, Habibda ulkan tajriba va salohiyat mavjud.
Lilya Shakirova –MMA jangchisi, GFC chempioni
- Men o‘ylaymanki, amaldagi chempion Habib Nurmagomedov bu safar ham g‘alaba qozonadi. To‘g‘ri, Getji ham ajoyib jangchi. Biroq Nurmagomedov baribir undan kuchliroq.
Humoyun Ibragimov - MMA jangchisi
- Habibning faoliyatidagi eng qiyin jang bo‘ladi. Jastinda nokaut qiladigan kuch bor va uning”parter”da ham yuqori darajada harkat qila oladi. Faqat bu jangda kardio barchasini hal qiladi. Jang g‘olibi esa, Habib bo‘ladi. Taxminan uchinchi raundda “sabmishn” (bo‘g‘ish uslubi) bilan g‘alaba qozonadi.
Naimjon To‘xtaboev – Birman boksi bo‘yicha “World Letvey Champion”lik kamari sohibi
- Bu safar Habib Nurmagomedovga juda qiyin bo‘ladi. Sababi, unda ruhiy jihatidan kamchilik bo‘lishi mumkin. Barchaga ma’lum, yaqinda otasi va murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedov vafot etgandi. Shu omil ham unga halaqit berishi mumkin. Agar, bu jangda ham Habib g‘alaba qozona olsa, u yuksak matonat egasi ekanligini yana bir bor isbotlaydi.
O‘g‘iloy Nasimova- MMA jangchisi
- Har ikkisi ham kuchli jangchilar. Bekorga o‘z vazn toifasining etakchilariga aylanishgani yo‘q. Haqiqatdan ham mahoratlari qolgan raqiblaridan bir bosh baland ekanliklari uchun ular reytingni boshqarishmoqda va kamarlarni qo‘lga kiritishgan. Ammo ustunlik baribir Habib tomonida bo‘ladi. U biroz Getjiga qaraganda kuchliroq. Agar, Habib o‘z uslubini o‘tkazib, “stoyka”da xatolikka yo‘l qo‘ymasa, shubhasiz, Habib g‘alaba qozonadi.
Mavlud Tifiev – “Thai Fight” chempioni
- Habib Nurmagomedov anchagina kuchli va u g‘alaba qozonadi. Jang, “parter”da bo‘ladi. Chunki, Habib biladiku uning kuchli jihatini! Shunday ekan, g‘alaba qozonishi muqarrar bo‘lgan, uslubida harakat qiladi-da... Getjini charchatib tashlaydi. Uzog‘i bilan 3-4 raundda jang yakunlanadi.
Fikrlar