
Hakim Ziesh: Bu kunni uzoq kutdim
«Chelsi» klubining joriy yil fevral oyida «Ayaks» bilan yarim himoyachi Hakim Zieshning transferi borasida kelishuvga erishib olganidan ko‘pchilikning xabari bor, albatta. O‘shanda «Ko‘klar» jamoasi marokashlik futbolchi bilan 5 yillik shartnoma imzolanganini va u iyul oyi avvalida rasman klub safiga kelib qo‘shilishini e’lon qilgandi.
Kutilganidek, Ziesh bir necha kun oldin «Chelsi» ixtiyoriga kelib qo‘shildi va klub kanalining muxbiriga intervyu berdi.
- Bu men uchun ko‘p narsani anglatadi. Yosh bola paytingda sen har doim top-klublar uchun o‘ynashni orzu qilasan. Premer-liga, albatta muhim omil sanaladi. Agar «Ko‘klar» jamoasi tarixiga, bu erda qanday o‘yinchilarning to‘p surganiga qaraydigan bo‘lsak, «Chelsi» doimo katta klub bo‘lgan, deyish mumkin. Men baxtliman. Klub uchun o‘ynashni sabrsizlik bilan kutyapman. Bu damlarni uzoq kutdim, taxminan 4-5 oy va nihoyat mana, shu erdaman.
«Xerenven» yoshlar jamoasida shug‘ullanib yurgan kezlarimni yaxshi eslayman va biz bir necha jamoadoshlarim bilan birga «Chelsi»ga muxlislik qilganmiz. O‘sha vaqtlarda bu erda Dide Drogba, Frenk Lempard, Jon Terri va klub uchun juda muhim bo‘lgan boshqa ijrochilar to‘p surgan. Bularning barchasini anglagan holda hozir bu erda turish – aqlga sig‘maydi, bu men uchun juda muhim, - dedi Ziesh.
Fikrlar