Hamidjon Aktamov: Futbolchilar pul uchun o‘ynashadi, chunki ularning ishi shu

  • 1 dekabr, 2019, 19:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

«Qizilqum» jamoasi Superliganing oxirgi turida safarda «Andijon»ga qarshi bahs olib bordi. Ushbu uchrashuv esa ikki kun davom etdi. 30 noyabr kuni boshlangan o‘yin 1 dekabr kuni nihoyasiga etdi. Albatta, buning sababini endi barcha yaxshi biladi. Boisi, kecha quyuq tuman tushganligi sababli «Andijon» - «Qizilqum» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 52-daqiqada to‘xtatilgandi. Natijada uchrashuvni davom ettirishning imkoni bo‘lmagani sababli bellashuv 1 dekabr kuniga qoldirildi. Natijada bugun 52-daqiqadan boshlab o‘yin davom ettirildi. Uchrashuv taqdirini esa yagona gol hal qildi va «Qizilqum» mag‘lubiyatga uchradi. Navoiyliklar bosh murabbiyi Hamidjon Aktamovga esa bir qator savollar bilan murojaat qildik.

- «Andijon»ga qarshi o‘yin haqidagi fikrlaringiz qanday?

- Andijonga yutish uchun kelgandik. Ammo ozgina sarson-sargardonchilik bo‘ldi. Lekin bu mag‘lubiyatimiz uchun bahona bo‘la olmaydi. Umuman olganda, yaxshi o‘yin bo‘ldi. Ikkala darvozaga o‘yin davomida bitta to‘g‘ri zarba berildi va bu o‘yin taqdirini hal qildi. Shunchaki raqib jamoa to‘g‘ri tepdi va gol bo‘ldi. Bizning zarbalarimiz esa gol bo‘lmadi. Hattoki, to‘g‘ri tepa olmadik ham.

- Kecha o‘yin paytida quyuq tuman tushganligi bois uchrashuv qoldirildi va bu holat ham jamoangizga o‘z ta’sirini ko‘rsatdimi?

- Yo‘q, buning farqi nima? Baribir o‘yin yana qoldirilsa ham futbolchilarimiz maydonga chiqib o‘ynayverishadi. Chunki o‘yinchilar butun mavsum davomida formada bo‘lishadi. Ular doim o‘yinga tayyor. Ertaga chiqib ham yana o‘ynayverishadi. Shunchaki, bu holat biz uchun mag‘lubiyatimizga sabab bo‘la olmaydi. Bugun 38 daqiqa o‘ynadik va omad mezbonlarga  kulib boqdi. Lekin o‘yin davomida «Andijon» ham, biz ham biror nimani qoyillatib qo‘yganimiz yo‘q.

- Mavsum yakuniga ko‘ra jamoangiz 13-o‘rin bilan cheklandi. Shunday ekan, bu yilgi chempionat haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Biz 13 emas, 12-o‘rinni oldik. Rosti, bu yil juda ham qiynaldik. Mayli, bir unday, bir bunday bo‘lib turadi. Bu yilgi kamchiliklarimizga qaraymiz va qaerda xato qilganimizni to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Albatta, kelasi yili munosib qatnashishga harakat qilamiz. O‘tgan yili 8-o‘rinni olgandik, bu yil esa afsuski 12-o‘rin bilan cheklandik. Bunday natija juda alamli. Lekin bularning barchasiga sabab bor.

- «Qizilqum»da moliyaviy muammolar ko‘pligi haqida eshitgandik. Shu holat asosiy sabab bo‘ldimi?

- Moliyaviy jihat deymiz-u, lekin bu bahona bo‘lib qoladi. Baribir futbolchi o‘zining professional ishini qilishi kerak. Hech kimning puli hech qachon to‘lanmay qolib ketmaydi. Ozgina uzilishlar bo‘lgan taqdirda ham baribir hammasi oxirigacha to‘lanadi va to‘langani ham bor. Yana qaytaraman, futbolchi baribir o‘zining professional ishini qilishi kerak. O‘yinchilarimga moliyaviy holat ta’sir qildi deb ayta olmayman. Balki qaysidir jihat bo‘yicha yigitlarga ruhiy tomondan ta’sir qilgan bo‘lishi ham mumkin. Ular futbolchi bo‘lishgani bois faqat pul uchun o‘ynashadi. Chunki ularning ishi shu. Shu kunlarda barcha qarzdorliklarni hal qilishga harakat qilamiz, hech kimning puli qolib ketmaydi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!