
Hamidjon Aktamov "Qizilqum" nega "Navbahor"ga yutqazganiga izoh berdi
Soca Cola Superliga 22-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” -“Navbahor” (0:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Bu haqda "Navbahor" klubi matbuot xizmati xabar berdi.
- Bugungi bahsda “Navbahor” yaxshi o‘yin namoyish etib, o‘ziga kerakli natijani qo‘lga kiritib, 3 ochko egasiga aylandi. Birinchi bo‘limda kutilmaganda, asosiy tarkib futbolchilarning ikki nafari (Oybek Qilichev va Salim Mustafoev nazarda tutilmoqda) jarohat olib, maydonni tark etdi. Natijada ularning o‘riniga yosh o‘yinchilarni maydonga tushirishga majbur bo‘ldim. Yoshlarga ham imkoniyat berib, ularni o‘ynatish kerak. Bugungi rejamiz shu sababli, amalga oshmay qoldi.
- Demak, sizning fikringizcha, Oybek Qilichev va Salim Mustafoevning jarohat olgani o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatdi. Shundaymi?
- Ha, shunday. Zaxirani amalga oshirgunimizga qadar, shogirdlarim yaxshi o‘yin namoyish etayotgandi. Shundan keyin o‘yinimiz o‘zgarib ketdi. Boz ustiga, Sherali Jo‘raev ham tarkibda yo‘q edi. Balki shular ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Keyingi uchrashuvlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz hamda oxirigacha kurashamiz.
- Salim Mustafoev va Oybek Qilichevning jarohatlari og‘ir emasmi?
- Yo‘q, og‘ir emas. Ular tez kunlarda jarohatlaridan forig‘ bo‘ladi, degan umiddaman.
- Doston Ibragimov qachon safga qaytadi?
- Doston Ibragimov bilan hali aloqaga chiqqanimiz yo‘q. Chaqiryapmiz, lekin u hali jamoaga kelganicha yo‘q.
- Jamoa sardori Sherali Jo‘raev nega bugun maydonga tushmadi?
- U jamoamizning “Andijon”ga qarshi kechgan bahsida boshidan jiddiy jarohat olib, xotirasini yo‘qotgan va hech narsani eslolgani yo‘q.
Fikrlar