Hamidjonov "Olimpik"da o‘tgan kunlaridan afsusdami?
OKMK Superliga birinchi turida "Surxon" ustidan zafar quchdi (3:1). "Paxtakor" stadionida o‘tgan o‘yindan keyin termizliklar himoyachisi Sunnatila Hamidjonovning fikrlariga quloq tutdik.
— Start yaxshi chiqqandi. Keyin 3ta gol o‘tkazib yuborilishi kishiga alam qiladi, albatta. Lekin bitta narsani tushunish kerakki, murabbiylar butunlay yangi jamoa, yangi oila shakllantirishyapti. Birinchi o‘yin bo‘lgani tufayli bir-birimizni tushunishda biroz qiynaldik. O‘yindan o‘yinga bu kamchilik yo‘qolib ketishi kerak.
— "Olimpik"da asosiy vaqtingiz zaxira o‘rindig‘ida o‘tardi. Jamoadan ketishingizning asosiy sababi shumi?
— U erda raqobat qay darajada ekanini bilasiz. Men baribir 2-himoyachi edim. Shu tufayli shartnoma yakunlanganidan keyin Timur aka bilan gaplashdik. U kishi meni tushunib, ketishimga qarshilik ko‘rsatmadilar.
— Shu haqida so‘ramoqchi edim. Futbol olamida ko‘p guvoh bo‘lganmiz, o‘yinchilar o‘ziga ishonch bildirmagan murabbiylardan xafa bo‘lishadi. Sizning faoliyatingizda Kapadzening o‘rni qanday?
— Juda yaxshi savol bo‘ldi. To‘g‘ri, "Olimpik"da ko‘p o‘ynamadim. Lekin mashg‘ulotlar va o‘zaro suhbat jarayonida Timur akadan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Shuning uchun jamoa bilan o‘tkazgan kunlarim uchun hech qachon afsus qilmayman. Aksincha, bu juda katta tajriba bo‘ldi.
— Bugun o‘ng qanotda Xurshid G‘iyosovga qarshi o‘ynadingiz. Qiyin bo‘lmadimi?
— Xurshid aka, ancha tajribali, tezkor va kuchli dribling sohibi. Bunaqa futbolchilarga qarshi o‘ynash orqali malakangiz ancha oshadi.

Fikrlar