
"Hamma narsa bir kun kelib tugaydi" - Legionerimiz klubini tark etdi. U O‘zbekistonga qaytmoqchi!
Tojikistonning “Xo‘jand” klubi safida to‘p surgan hamyurtimiz Samandar Ochilov jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi.
Futbolchi “Xo‘jand”dagi ikki yillik faoliyatidan so‘ng u erni tark etdi. Sports.uz muxbiri bilan suhbatda himoyachi Samandar Ochilov “Xo‘jand”dagi faoliyati va keyingi rejalari xususida gapirdi.
“Xo‘jand”dagi ikki yillik faoliyatimdan afsuslanmayman”
- «Xo‘jand”da ikki yil o‘ynadim. U erda sharoitlar ancha yaxshi edi. Professional klub sifatida shunga intilib kelyapti. Ko‘p yillardan beri OFK Kubogida qatnashib kelishadi. Chempionatda ham o‘zim uchun ancha tajriba oldim, deb hisoblayman. Chunki Tojikiston futbolida ko‘proq jismoniy kuchga tayaniladi. Yakka kurashlar ham shunga yarasha ko‘proq bo‘ladi. Klubda yaxshi o‘yinchilar bilan birga to‘p surdim. Rossiyalik, estoniyalik kabi legionerlar bilan tajriba almashdik. Ikki yil mobaynida OFK Kubogida qatnashdim. O‘tgan yili “Nasaf”ning guruhiga tushib qoldik va unda 2-o‘rinni olgandik. Bu yil Qirg‘izistonda guruh bahslari o‘tkazildi. Keyingi bosqichga chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Bilasiz, “So‘g‘diyona”ga yutqazib qo‘ydik. OFK Kubogida ham o‘zim uchun katta tajriba oldim, deb o‘ylayman. Baribir bunday musobaqalarning “ob-havosi” boshqacha. O‘zingizga bo‘lgan ishonch yanada ortadi. Eb-ichish, yurish-turish, mashg‘ulotlar, umuman barchasi professional darajada. “Xo‘jand” klubida o‘tkazgan ikki yillik faoliyatimdan aslo afsuslanmayman. Menimcha, o‘zimizda ham OFK Kubogida to‘p surish ko‘plab o‘yinchilarning istagi bo‘lsa kerak. Tojikiston ham xuddi o‘zimizdagidek mehmondo‘st xalq. Birinchi borganimda qanaqa bo‘larkin, deb o‘ylaganman. Ammo murabbiylar va jamoadoshlarim menga har tomonlama yordam qo‘lini cho‘zishdi. Shu sababli moslashishim ham qiyin kechmagan.
“O‘rtamizda hech qanaqa kelishmovchilik bo‘lmadi”
- “Xo‘jand”ni tark etishimga kelsak, mening jamoa bilan tuzgan shartnomam tugadi. O‘tgan yili ham O‘zbekistondan takliflar bo‘lganida qaytish niyatim bor edi. Uydan uzoqda yurish oson emas. Albatta, Superligamizda to‘p surish niyatida edim. “Xo‘jand” bilan o‘rtamizda hech qanaqa muammo bo‘lgani yo‘q. Faqat shartnomam yakuniga etgani sababli ketdim. Xudo xohlasa, endi o‘zimizni chempionatda o‘ynamoqchiman. U erdan qaytayotganimizda “Xo‘jand” rahbari yana kelasizlar, hamkorlik qilamiz, degan taklifni aytdi. Biroq hamma narsa bir kun kelib tugaydi. “Xo‘jand”dagi faoliyatimni tugatdim, desam ham bo‘ladi.
“So‘g‘diyona”ni OFK Kubogini yutadi, deb o‘ylagandik”
- “So‘g‘diyona” klubini nafaqat Tojikistonda, balki OFK Kubogida qatnashadigan barcha jamoalar biladi. Kuchli jamoa. O‘tgan yili “Nasaf” ham OFK Kubogida oxirigacha borgandi. O‘shanda omad etishmagandi. Biz bilan o‘yindan keyin men ham, butun jamoadoshlarim ham “So‘g‘diyona”ni finalgacha borib, OFK Kubogini yutadi, deb o‘ylagandik. Afsuski, yarim finalda omad etishmadi.
“O‘yinga boshqacha ruhda chiqardik”
- Tojikistondagi faoliyatimda menga ko‘proq yoqqani bu muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi bo‘ldi. Doim o‘yindan avval boshqacha ruhda chiqardik. Boshqa klublarga qaraganda, “Xo‘jand” jamoasining o‘yinlarga professional darajada tayyorlangani menga yoqdi.
“O‘zbekiston chempionatida qolmoqchiman”
- Keyingi rejalarim, boya aytganimdek, O‘zbekiston chempionatida qolmoqchiman. Hali aniq taklif bo‘lmadi. Dekabr oyida hamma klub o‘z futbolchilarini yig‘gani uchun jiddiy chorlovlar yo‘q. To‘g‘ri, gap-so‘zlar bor. “Andijon” jamoasining yig‘inida qatnashdim va yaxshi bo‘ldi. Jismoniy taraflama o‘zim uchun yaxshi ko‘nikma oldim. Jismoniy tomondan ancha tayyor bo‘lib qolishimda katta yordam bo‘ldi. Bilaman, “Andijon”ning muxlislari ko‘p va ishqibozlarning sevimli klubi hisoblanadi. Agar nasib bo‘lsa, qolish niyatim bor. Yanvar oyidagi takliflarga qarab yana xulosa qilaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar