
Hamzat Chimaev va Neyt Dias jangi rasman e’lon qilindi!
10 sentyabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida UFCning navbatdagi raqamli turniri tashkil etiladi. Ya’ni, "UFC 279" bo‘lib o‘tadi.
Ushbu jang kechasining asosiy to‘qnashuvlaridan biri yarim o‘rta vazn yulduzi Hamzat Chimaev (11-0) UFC ning eng bezori "bolalari"dan biri Neyt Diasga(20-13) qarshi jang o‘tkazishi ma’lum qilindi.
(Muallif fikri) Albatta, mazkur jangga bo‘lgan qiziqish yuqori. Qolaversa, pullik translyatsiyalar sotilishi ham yuqori bo‘lishi aniq. Chunki, Xamzat hozirgi kunda yaqqol butunjahon MMA muxlislarini e’tiborini o‘ziga qarata olgan jangchi sanalsa, Dias ishtirokidagi janglar har doim tomoshabop bo‘lgan.
Imkoniyatlar borasida to‘xtalaligan bo‘lsak, ayni damda Chimaev ajoyib jismoniy holatga ega va unda qo‘shimcha motivatsiyalar mavjud. Diasning faoliyatida esa ma’lum tanaffuslar bo‘ldi va uning yoshi ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Dias 37 yoshda bo‘lsa, Chimaev 28 bahorni qarshi olgan.
Katta ehtimol bilan bu bahs Diasni faoliyatidagi so‘ngi "katta jang" bo‘lishi mumkin. Chimaev uchun esa bu yana bir "tramplin" ekanligi shubhasiz!
Sir emaski, Chimaevning kurashi bugunga kelib, diviziondagi har qanday jangchi uchun haqiqiy boshog‘riq bo‘la oladi. Diasning asosiy "fishka"si "stoyka" ekanligini inobatga olsak, bu to‘qnashuvda uslublar qarama-qarshiligini ko‘rsak, ajab emas. Biroq, Chimaevning Byornsga qarshi jangi uning "stoyka" da ham yaxshigina salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, bu jangda Neyt Dias biror bir karomat ko‘rsatishiga ishonish qiyin. Unda doimiy rejim mavjud emas, tayyorgarlikka mas’uliyat bilan yondoshmaydi. Chimaevda esa aksincha, uning zabt etishi kerak bo‘lgan cho‘qqilari bor va ushbu omil unga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Shuningdek, shved jangchisining "arsenal"i ham boy va ustun.
Gapning indallosi bu to‘qnashuvda imkoniyatlarni 70/30 baholagan bo‘lardim. Albatta, Chimaev foydasiga... Shuningdek, bu shaxsiy fikrim ekanligini ham ta’kidlab o‘taman.
Voqealar rivojini esa kuzatamiz va 10 sentyabrni kutib qolamiz. Zero, bu jang yuqoridagi taxminlarimizni yo‘qqa chiqarishi ham mumkin. Chunki bu UFC!
Fikrlar