Hasanboy Do‘smatovdan tarixiy natija kutyapmiz

  • 8 aprel, 2017, 21:20
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

 

Tecno
 

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi uchun joriy mavsum o‘ta mas’uliyatli davrdir. Chunki o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari 30 aprel - 7 may kunlari Toshkent shahri mezbonlik qiladigan Osiyo chempionatida ishtirok etadi.

Poytaxtimizdagi qit’a chempionatining ahamiyati shundaki, bu musobaqa boks olamining eng nufuzli anjumani - jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi saralash bosqichi vazifasini o‘taydi. Ya’ni, 2017 yilning 25 avgust — 3 sentyabr kunlari Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qiladigan jahon chempionatida qatnashadigan Osiyoning eng kuchli bokschilari Toshkentda aniqlanadi.

O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari bo‘lajak musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilishi rejalashtirilayotgan bokschilardan bir guruhini Tailanddagi "Qirol kubogi-2017" xalqaro turnirida sinab ko‘rdi.

O‘zbekistonning eng zo‘r bokschilari Qirol kubogi uchun kurashga kirishmoqda

Aslida bokschilarimizning bu turnirda ishtirok etishidan asosiy maqsadi oltin medallarni qo‘lga kiritish emas, balki tayyorgarlikni oshirish, raqiblarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Shunday bo‘lsa-da, turnirda qatnashgan etti bokschimizning barchasi shohsupadan joy oldi. Olimpiada chempioni Shahobiddin Zoirov, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Murodjon Ahmadaliev va jahon chempionati sovrindori Jasurbek Latipov yarim finalda to‘xtadi. Bu ham ko‘proq murabbiylarning taktik qaroriga o‘xshaydi. Chunki har uchala bokschimiz real olib qaralganda raqiblaridan har tomonlama kuchli va yutish kerak bo‘lgan vaziyatda o‘sha raqobatchilarini "er tishlatishiga" hech qanday shubha yo‘q.

Isroilning raqibi jigardan "edi" (video)

O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov va Rio Olimpiadasi kumush medali sohibi Shahram G‘iyosovni final jangiga chiqarmadi. Chunki bu ikki bokschining nimalarga qodirligini hamma biladi va bu vaziyatda asosiy maqsad ularning kutilmagan jarohatlardan asrash edi. Sir emaski, Hasanboy ham, Shahram ham Osiyo chempionatida qatnashib, jahon chempionatiga yo‘llanma olish yo‘lida eng ishongan bokschilarimizdir.

Hasanboy Do‘smatov va yana uch bokschimiz finalda!

Germaniyadagi jahon chempionati, ayniqsa, Hasanboy uchun o‘ta muhim. Havaskorlar boksida har bir charm qo‘lqop ustasi uchta musobaqa - Olimpiya o‘yinlari, qit’a va jahon chempionati oltin medallarini olishni orzu qiladi. Hasanboyda esa hozircha jahon chempioni, degan unvon yo‘q. Agar shu yili Do‘smatov Germaniyada g‘olib bo‘lsa, o‘zbek boks yulduzi Muhammadqodir Abdullaevning tarixiy natijasini takrorlaydi.

Hasanboy yarim finalda qudratini ko‘rsatdi (video)

Demak, Hasanboy Do‘smatovning oldiga qo‘yilgan bosh vazifa "Qirol kubogi - 2017"da g‘olib chiqish emas, balki Germaniyadagi jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishdan iborat.

O‘z o‘rnida "Elnur Abduraimov va Isroil Madrimov nega finalga qo‘yildi?" degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Tezkor xabar: Hasanboy va Shahram final jangiga chiqmaydigan bo‘ldi!

SPORTS.uz axborot portali muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, Elnurning finaldagi raqibi Vuttichai Masuk Osiyo chempionatida qatnashish uchun Toshkentga keladi va murabbiylar Abduraimovga finalda raqibini o‘rganishni asosiy vazifa qilib qo‘ygan.

O‘z navbatida Isroil Madrimov bilan finalda ringga chiqqan kubalik Osley Iglesias Estrada Germaniyadagi jahon chempionatida ham hamyurtimizga ro‘baro‘ kelishi mumkin. Isroil hal qiluvchi jangda raqibni o‘rganish barobarida uning ruhiy ustunlikka erishishiga yo‘l qo‘ymadi va zarbalar "yomg‘iri" bilan kubalik bokschining "o‘rnini" ko‘rsatib qo‘ydi.

“Qirol kubogi-2017”da Isroil Madrimov oltin , Elnur Abduraimov kumush medalini qo‘lga kiritdi

Xulosa o‘rnida, Tailanddagi turnir O‘zbekiston terma jamoasi bokschilari uchun Osiyo chempionatiga o‘ziga xos tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tagani ta’kidlash lozim. Etakchi bokschilarimiz zimmasiga yuklangan asosiy vazifa esa Toshkentdagi Osiyo chempionatida muxlislarni xushnud etib, jahon chempionatiga yo‘llanma olish va Germaniyada o‘zbek boks maktabi qudratini namoyish etishdan iborat.

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!