Himoyasi parokanda APL karvonboshisi Italiyaning eng sermahsul jamoasiga qarshi (prevyu)

  • 3 noyabr, 2020, 12:21
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

UEFA Chempionlar Ligasining 3-turida “D” guruhining etakchi jamoalari o‘zaro munosabatlariga ilk bora oydinlik kiritib oladi. Eng xursand qiladigan tomoni, ushbu bahs bilan barcha narsa mutlaq hal bo‘lmaydi: javob uchrashuvi ham bor. Yana bir tarafi, ushbu qarama-qarshilikning har ikki o‘yinida imkoniyatni boy bergan jamoa mavsumni omadsiz boshlagan “Ayaks” bilan hisob-kitob qilishga majbur bo‘ladi. Ha, amsterdamliklar etakchi futbolchilarining yarmidan ko‘pini turli jamoalarga sotib yubordi. Ammo bu ular uchun hayratlanarli va kutilmagan holat emas. Niderlandiya klubida bu avvaldan reja qilingan jarayon. Ular doim o‘zlarining xalqaro maydondagi o‘rtacha darajalarini saqlab qolgan holda, iqtidorlar sotuvidan pul ishlash payida bo‘ladi. Bugungi bahsga etib kelgan jamoalarga ushbu klubning aloqadorligi shundaki, Ten Xag shogirdlari ularga qarshi maydonda harakat qilib ko‘rdi. “Liverpul” Talyafiko tomonidan o‘z darvozasiga joylab qo‘yilgan gol oqibatida “Yoxan Kroyf Arena”dan g‘alaba bilan qaytgan bo‘lsa, “Atalanta” o‘z maydonida irodali 2:2 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Sapata o‘yin qahramoni! 

Tecno

Umuman olganda, jamoalar milliy birinchiliklarda o‘zlari loyiq bo‘lgan o‘rinlarda bormoqda. Muammolar ham har bir jamoada o‘ziga yarasha holatda. Quyida har ikki klub masalasida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. 

El0KqI_XgAER3ZF

“Atalanta”

“Sampdoriya” va “Latsio”dan uchralgan mag‘lubiyatlarni to‘g‘ri tushunish mumkin, nazarimda. Sababi, ushbu jamoalar A Seriya grandlari qatorida e’tirof etiladi. O‘rtamiyona jamoalardan yo‘qotishlarsiz o‘ta olgan taqdirda ham, bergamoliklar o‘zlari xohlagan sovrinli o‘rinlarda chempionatni yakunlashi va balki chempionga ham aylanishi mumkin. So‘nggi mavsumdagi “Yuventus”ning chempionligi juda ko‘plab futbol muxlislarini “Atalanta” va u kabi A Seriyaning boshqa grandlaridan hafsalasi pir bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Chunki, turinliklar so‘nggi yillardagi eng zaif o‘yinini namoyish eta turib ham Skudettoni ilib ketdi. O‘zaro o‘yinlarda “keksa senora”ning dodini bergan grand klublar autsayderlarga qarshi kechgan uchrashuvlarda ochko yo‘qotib yurdi. Joriy mavsumda karvonboshilik “Milan”ning qo‘lida bo‘lib turibdi. 8 yillik “Yuve” gegemoniyasi ushbu yilda yakuniga etsa va Apennin yarimoroli birinchiligiga intriga qaytsa, bu hamma uchun foydali bo‘lardi. 

“Liverpul”ning himoyasidagi muammolar haqida alohida roman yozsak arziydi. O‘z navbatida, Jan Pero Gasperini oldida ham mudofaa bilan bog‘liq savollar mavjud. Xatebur va Toloining liverpulliklarga qarshi o‘yinda harakat qilishi so‘roq ostida bo‘lib turibdi. Ayniqsa, niderlandiyalik qanot himoyachisining maydonga tushmaslik ehtimoli yuqori. Yana bir qanot himoyachisi Robin Gosens va tayanch yarim himoyasining asosiy vakili hisoblangan De Roonning o‘yinda qatnasha olmasligi esa, ma’lum bo‘lib ulgurdi. 

Gollarning hidi kelyapti a?!

Taxminiy tarkib: Gollini, Palomino, Toloi, Jimsiti, Depaoli, Pashalich, Froyler, Moyika, Gomes, Sapata, Muriel.

Ishtirok eta olmaydi: Gosens, Kaldara, Pitstsini, De Roon.

So‘roq ostida: Toloi, Romero, Xatebur.

El1YRT-WkAEUYJE (1)

“Liverpul”

“Qizillar”da markaziy himoyachi zonasi bilan bog‘liq muammo kecha paydo bo‘lib qolmagan. Van Deyk jarohat olmasidan avval ham, unga yaxshi, barqaror bir sherik kerakligi bot-bot takrorlangan. Ammo klub rahbariyati bu muammoga jiddiy qaramay kelayotgandi. Endi ular ildiz ota boshlayapti. Himoya doimiy tarzda ishonchsiz o‘yin namoyish etib kelayotgan Jo Gomez va biz hatto tanimaydigan Nataniel Fillips qo‘lida qolib ketdi. Aynan markaziy himoyadagi xato sabab, “Vest Xem” bilan kechgan bahsda ham mersisaydliklar darvo daxlsizligini saqlay olmadi. Ushbu bellashuvda yana bir jihat e’tiborimni tortdi, Klopp EChLdagi muhim o‘yin oldidan etakchilarining katta qismiga dam berib, APL 7-turini yutmoqchi bo‘ldi. Ammo yakunda baribir aralash tarkib uning g‘alabasi uchun kamlik qilishi oydinlashib qoldi. Hujumdagi yutuqlar himoyadagi xatolarni berkitib ketishi bu - vaqtinchalik holat. Mavsum davom etgan sari ularni yanada jiddiyroq raqiblar qarshi ola boshlaydi. Joriy haftada liverpulliklarni “Manchester Siti”ga qarshi Premer-liga 8-turi ham kutib turibdi. 

Van Deyk va Fabinodan tashqari, Kostas Tsimikas ham ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin. Robertson masalasida xotirjam Klopp favqulodda biror bir jarohat ro‘y bermasa, lazaretdan yaqinda qaytgan futbolchi bilan tavakkal qilmaydi. Jamoaga yozda kelib qo‘shilgan Tiago Alkantaraning ham maydonga tushishi aniq emas. Uni koronavirusdan keyingi sport forma bilan bog‘liq masalalar bezovta qilyapti. 

Taxminiy tarkib: Alisson, Arnold, Gomez, Uilyams, Robertson, Veynaldum, Xenderson, Milner, Saloh, Minamino, Jota. 

Ishtirok eta olmaydi: Fabino, Oksleyd-Chemberlen, Van Deyk.

So‘roq ostida: Tsimikas, Tiago.

El1GbxEXIAU2W8I

Murabbiylar

Jan Pero Gasperini: “Yurgenning fikrlari bizni xursand qildi. Biz ushbu bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik va dunyoning eng yaxshi klubiga qarshi o‘zimizni ijobiy tarafdan ko‘rsatmoqchimiz. Gozens va De Roon jarohatlangan, ularning o‘yyin boshlanguncha tiklana olishiga umid qilamiz.

Yurgen Klopp murabbiylar orasida o‘zgacha hurmat-e’tiborga ega. Unga qarshi harakat qilish hamma uchun sharaf. Keyingi bahslar juda muhim hisoblanadi. Biz juda murakkab raqiblarga qarshi bahs olib boramiz. “Ayaks” bilan raqobatda g‘olib chiqish uchun bir necha ochko jamg‘arishimiz lozim bo‘ladi. Har bir o‘yin muhim”.

El2QEbTW0AI5ks8

Yurgen Klopp: “Top-darajadagi futbolchilardan tuzilgan va yaxshi shakllangan jamoa qarshisida turibmiz. Ular individual mahoratdan kerakli o‘rinda foydalana oladi. “Atalanta” joriy mavsumda biz duch kelgan raqiblar orasida eng xavflisi. Ularni qaysidir jihatdan “Lids”ga o‘xshatish mumkin. Qiyin bo‘lishi aniq. 

Biz hozirgi vaziyatga ko‘nikishga majburmiz. Bu jamoamdan kutayotgan narsam. Bizda yo‘qotishlar borligi rost, ammo ularning o‘rnini to‘ldira olamiz. 

Turnirlardagi pog‘onalarimiz haqida o‘ylashimiz uchun hali erta". 

image_2020-11-03_12-06-10

Xulosa o‘rnida

“Atalanta” A Seriya joriy mavsumida 6 ta tur yakunlariga ko‘ra, 17 ta gol urgan holda bu borada ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etib turibdi. Birgina “Sassuolo” undan ko‘proq gol urishga erishgan. Bergamoliklar har bir o‘yinda gol urishi bilan birga, har uchrashuvda o‘z darvozasidan to‘p ham olib chiqadi. 

“Liverpul” APLda karvonboshilikni qo‘lga oldi. Ammo uni mustahkamlashi uchun hafta oxirida “Siti” to‘sig‘idan o‘tishi talab etiladi. Mana bu faktor bugungi o‘yinga ham ta’sir qiladigan jihat. Chunki, xohlaydimi, yo‘qmi inglizlar uik-endning markaziy bellashuvini xayolining bir chetida ushlab turishga majbur. 

Bugun gollarga boy o‘yin kutishimiz mutlaqo to‘g‘ri. Shuning bilan birga ushbu bellashuv 90 daqiqa davom etishini ham unutmaslik kerak. Ya’ni qaysidir jamoa raqibi darvozasiga bir nechta golni qalashtirib tashlasa, bu o‘yin yakunlandi, degani emas.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!