
Hotamjon Boynazarov raqibiga "dars" berib qo‘yishiga ishonaman! (Tahlil)
Xabakringiz bor, ertaga Abu-Dabida "UAE Warriors 55" turniri o‘tkaziladi. Mazkur jang kechasining asosiy to‘qnashuvi hamyurtimiz Hotamjon Boynazarov va yarim o‘rta vazn (77,1 kg) toifasining amaldagi chempioni ozarbayjonlik Taxir Abdullaev o‘rtasida kechadi. Biz ushbu qarama-qarshilik haqida qisqacha tahliliy tomondan to‘xtalib o‘tamiz.
Hotamjon Boynazarov (O‘zbekiston, 9-0) - Taxir Abdullaev (Ozarbayjon, 15-2)
- Hotamjon Boynazarovning bu safargi raqibi juda jiddiy raqib desak yanglishmagan bo‘lamiz. U o‘z-o‘zidan ushbu promoushen chempioniga aylanmagan. Abdullaev faoliyati mobaynida 17 ta jang o‘tkazgan va ularning 15 tasida g‘alabaga erishgan. 2 bor mag‘lubiyatga uchragan. G‘alabalarining 9 tasini KO va TKO bilan qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 4 marotaba "sabmishn" amalga oshirgan. 2 marotaba ochkolarga ko‘ra zafar quchgan. Uning ba’zasi erkin kurash. Keyinchalik jangovar sambo va kikboksing bilan shug‘ullangan. Umuman olganda universal jangchi. O‘sha UFC jangchisi Rinat Faxritdinov bilan bitta zalda greppling bo‘yicha mashg‘ulotlar ham olib boradi. Grepplingi ham yomon emas.
Biroq, Taxir Abdullaevga xurmatni saqlagan holda, aytishimiz mumkinki, Hotamjon Boynazarovga uning kurashi o‘tmaydi. Yurtdoshimizning eng kuchli jihati aynan kurash. Boynazarov belbog‘li kurash vakili va bu kurashimiz aynan MMAga mos tushmoqda desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Jumladan, Hotamjon Boynazarov, Mavlonbek Mirkomilov, Kamronbek Ortiqov, Nodirjon Axatjonov, Sardorbek Madaminov kabi belbog‘li kurash vakillari raqiblariga haqiqiy boshog‘riq bo‘layotganligi bunga misol bo‘la oladi. So‘ngi vaqtlarda Boynazarovning "stoyka"sida ham kreativlik ko‘zga tashlanmoqda. Husan Majlimov qo‘l ostida Dubayda mashg‘ulotlar olib borayotgan yurtdoshimizda rang-baranglik kuzatilayotganligi ham rost.
Taxirning janglarini ko‘rib, uning kurashi mukammal emasligiga guvoh bo‘lish mumkin. Chunki, ba’zasi kurash bo‘lmagan raqiblari ham uni "parter"ga torta olganligini kuzatdik. Shuningdek, kardio borasida ham maqtana olmaydi. Ayniqsa, Hotamjon Boynazarov uning oyoqqa tashlanishlaridan bemalol himoyalana oladi. Ishonch bilan aytish mumkin-ki, Boynazarov raqibning belini ushlashi bilan uni "parter"ga uloqtiradi. Yurtdoshimizning "parter"da nazorat qilish qobiliyati ham yaxshi shakllangan. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, hamyurtimiz Abdullaevdan ham kurashi kuchliroq raqiblar bilan to‘qnash kelgan. Misol uchun, qirg‘izistonlik Bekmirza Do‘smatovni aytish mumkin. Aynan ushbu jangchiga ham Boynazarov "dars" berib qo‘ygandi. Hozirda yurtdoshimiz Bekmirza bilan jang qilgan darajadan anchagina "o‘sib" ketgan.
Qisqa qilib aytganda bu qarama-qarshilikda hamyurtimizning imkoniyati yuqori. Albatta, dastlabki raundlarda Boynazarov uni "parter"ga" tortib, charchatadi. Katta ehtimol bilan jang to‘liq davom etishi va yaqqol ustunlik bilan Hotamjon Boynazarov g‘alaba qozonishini kutyapman. Albatta, taxminim noto‘g‘ri chiqishini va yurtdoshimiz muddatidan avval g‘alaba qozonish barobarida chempionlik kamarini qo‘lga kiritishini tilab qolaman.
Olg‘a Hotamjon!
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi
Fikrlar