
Husanov o‘ziga jamoa tanladi! Vizaga hujjat topshirildi...
Abduqodir Husanovning faoliyati Frantsiyadan Angliya Premer-ligasiga ko‘chadigan bo‘lyapti. Bu haqda bir necha manbalar birdaniga ma’lumot chiqardi.
Xususan, telecomasia.net sayti o‘zbek futbolchisi Angliya chempioni “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tish uchun ishchi viza olish jarayonini boshlagani haqida tezkor xabar chiqardi.
- 20 yoshli futbolchi va uning manfaatlarini himoya qilayotgan mutaxassislar Buyuk Britaniyada ishlash huquqini beruvchi viza olish uchun kerakli barcha hujjatlarni topshirdi.
Abduqodir Husanov va uning agentlari yanvar oyining oxirida rasmiy shartnoma imzolash uchun Manchester shahriga etib boradi.
Iste’dodli himoyachiga Angliyaning o‘zidan “Chelsi” va “Nyukasl”dan, shuningdek, Frantsiya chempioni "Pari Sen-Jermen”dan jiddiy takliflar bo‘lgan edi. Husanovning agentlari parijliklar futbolchi uchun o‘yin amaliyotini kafolatlamagani uchun PSJ variantidan voz kechishdi.
Xosep Gvardiola o‘zbek himoyachisiga shaxsan e’tibor qaratganini inobatga olgan Abduqodir Husanov va uning agentlari “Manchester Siti”ni tanlashga qaror qildi, - deb yozmoqda telecomasia.net sayti.
- “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola “Lans”da o‘zini ko‘rsatgan Abduqodir Husanov yordamida himoyani mustahkamlashga qaror qildi. Chunki “shaharliklar” bu mavsum orqa chiziqda muammolarga duch kelmoqda.
Jamoa ispaniyalik mutaxassis qo‘l ostida olti marotaba chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shulardan to‘rttasida himoyada eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etgan edi. Biroq bu mavsum “Siti” himoyalanishda katta qiyinchilarga ro‘baro‘ bo‘lmoqda.
Dastlabki 20 ta uchrashuvda o‘z darvozasidan 27 ta to‘p olib chiqqan “shaharliklar” himoya mustahkamligi bo‘yicha Angliya Premer-ligasida sakkizinchi pog‘onani egallab turibdi. Qizig‘i shundaki, yuqori divizionda qolish uchun kurashayotgan “Everton” ham himoyalanishda “Manchester Siti”dan yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.
Manchesterliklar joriy mavsumda himoyadagi muammolar tufayli avvalgi chempionatlarga qaraganda ko‘p to‘p o‘tkazib yuboryaati. Bu kamchiliklar asosan Jon Stounz, Ruben Diash, Natan Ake kabi etakchi himoyachilarning jarohati, 34 yoshli Kayl Uoker kabi muhim figuraning o‘yinida barqarorlik etishmasligi bilan bog‘liq.
Qolaversa, mavsum oxiriga borib, Stounz, Manuel Akandji, Natan Akening yoshi o‘ttizga borib qoladi va “shaharliklar” oldida tarkibni, xususan, himoya chizig‘ini yoshartirish vazifasi ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
“Lans” vunderkindi Abduqodir Husanovning kelishi jamoaga yoshlik va hayotiy kuch-quvvat olib kiradi, chunki “shaharliklar” nufuzli sovrinlarga erishish maqsadida ligada yana mustahkam himoyani qayta tiklashga bel bog‘lagan, - deb yozmoqda sabcsport.com tahliliy portali.
Futbol olamidagi taniqli insayderlar Fabritsio Romano hamda Ben Jeykobs ham “Manchester Siti” va Abduqodir Husanov vakillari o‘zaro hamkorlikning so‘nggi detallarini muhokama qilayotgani va tez orada o‘zbek futbolchisi rasmiy shartnomani imzolashini ta’kidlamoqda.
Ayrim manbalarning ta’kidlashicha, Husanovning transferi “Lans”ga 35-40 million evro orasida daromad keltiradi.
Agar Husanov “Manchester Siti” bilan rasmiy shartnoma imzolasa, Angliya Premer-ligasidagi birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida futbol tarixiga o‘z nomini muhrlaydi.
Endi bu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topishi qoldi. Buni vaqt ko‘rsatadi. Yana biroz kutamiz...
Fikrlar