Husanovning rekordi joyida qoldi!
Frantsiya klublari “top-5”ning qolgan ligalari va badavlat mamlakatlar chempionatlariga iste’dodli o‘yinchilarni etkazib berishi bilan ham nom chiqargan. Aksariyat klublar o‘z byudjetini ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilarni sotish orqali to‘ldirib boradi.
Xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov o‘ynagan “Lans” klubi ham so‘nggi yillarda o‘yinchilar transferidan daromad qilib kelmoqda.
“Lans” klubining bu yozdagi eng qimmatbaho transferi Endi Diuf bo‘ldi. Frantsiyaliklar 22 yoshli markaziy yarim himoyachini Italiyaning “Inter” jamoasiga 20 million evroga transfer qildi. A Seriya vakili yana besh million evroni bonus sifatida qo‘shib to‘laydi.
Ta’kidlash joizki, “Lans” bungacha ikkita rekord transferni amalga oshirishni uddalagan edi. Dastlab, “Lans” mutasaddilari 2023 yilning 14 iyunida Loi Opendani Germaniyaning “Leyptsig” klubiga 40 million evroga transfer qilgandi.
Klub tajribali to‘p urarni bir yil oldin Belgiyaning “Bryugge” klubidan 15,39 million evroga xarid qilgandi. Bu transfer “Lans” tarixidagi eng qimmati bo‘ldi.
Oradan bir yarim yil o‘tib, “Lans” yana 40 million evrolik chiqish transferini rasmiylashtirdi. 2025 yilning 20 yanvarida “Manchester Siti” o‘zbekistonlik legioner Abduqodir Husanov uchun lansliklarga shu summani bittada o‘tkazib berdi.
Abduqodir Husanov “Lans”ga eng katta daromad keltirgan o‘yinchi hisoblanadi. Klub rahbariyati futbolchimizni “Energetik-BGU”dan transfer qilish uchun yuz ming evro sarflagan. Bir yarim yilda bu xarajat to‘rt yuz baravar foydasi bilan qaytdi.
Shu tariqa, Loi Openda va Abduqodir Husanov “Lans” tarixida eng qimmatga transfer qilingan futbolchilar mavqeini saqlab qoldi.
Nufuzli manba – transfermarkt.world portalida ham “Lans” klubining eng qimmatbaho chiqish transferlari ro‘yxati keltirilgan va undan Openda va Husanov bir xil ko‘rsatkich bilan peshqadam sifatida qayd etilgan.
Ulardan keyingi o‘ntalikdan o‘rin olganlar quyidagicha ko‘rinish hosil qildi:
Ele Vaxi – “Marsel”, 27 million evro.
Seko Fofana – “An-Nasr”, 25 million evro.
Kevin Danso – “Tottenxem”, 25 million evro.
Nil El-Aynaui – “Roma”, 23,5 million evro.
Sheyk Dukur – “Kristal Pelas”, 22,6 million evro.
Endi Diuf – “Inter”, 20 million evro.
Loik Bade – “Renn”, 17 million evro.
El-Haji Diuf – “Liverpul”, 15 million evro.



Fikrlar