
Husniddin G‘ofurov: "Paxtakor" buyuk klub va bu jamoa bilan chempion bo‘lmoqchiman
«Lokomotiv»da bir yarim yil davomida to‘p surgan iqtidorli futbolchi Husniddin G‘ofurov yaqinda «Paxtakor» safiga qo‘shildi. Barchaga yaxshi ma’lumki, hozirgi kunda chempionlik uchun kurashda «Lokomotiv»ning asosiy raqobatchisi «Paxtakor» hisoblanadi. Qishda ham u klubdan, bu klubga futbolchilar ko‘chib o‘tishgandi. Bu hol ikkinchi davrada ham davom etdi va buni Husniddin G‘ofurov misolida ko‘rib turibmiz. Bir necha yil davomida Serbiya chempionatida to‘p surib tajriba to‘plagan o‘yinchi yurtimizga qaytgach, «Lokomotiv» safidan joy olgandi va o‘tgan yili mamlakat chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Qolaversa, G‘ofurov bu jamoa tarkibida «yo‘qolib» qolgani yo‘q. Ochig‘ini aytganda, uning joriy mavsumning ikkinchi davrasida ham temiryo‘lchilar tarkibida to‘p surishda davom etishi kutilayotgandi va jamoasini o‘zgartirishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Shu tariqa, farg‘onalik futbolchining «Paxtakor»dagi hayoti va faoliyati boshlandi. Futbolchi «sherlar»ga aylangach, dastlabki intervyuni oldik.
- Faoliyatingizda yangi sahifa ochildi va siz rasman «Paxtakor» a’zosiga aylandingiz. Ushbu klubga o‘tishingizda voqealar rivoji oldindan shunga qarab ketayotganmidi?
- Avvalo «Lokomotiv» jamoasini tark etishim haqida to‘xtalsam, bu holat tezda yoki oldindan yuz bergani yo‘q. Aslida jamoadan ketishimga sabab ham yo‘q. O‘zinglar yaxshi bilasizlar, jamoaga kimdir keladi, kimdir ketadi. Shuning uchun mening klubni almashtirishim ham oddiy holat.
- «Lokomotiv»dan «Paxtakor»ga ko‘chib o‘tishingizga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi. Bu kimdan chiqqan g‘oya edi?
- Rolik haqida gapiradigan bo‘lsam, albatta bu «Paxtakor»ning tashabbusi. Ushbu klubda ishlayotgan insonlar tomonidan o‘ylangan zo‘r g‘oya. Lekin bu vaziyatda «Lokomotiv»ga nisbatan hech qanday hurmatsizlik bo‘lgani yo‘q. Shuni alohida ayta olamanki, «Loko» doim yuragimda qoladi. Shu o‘rinda «Lokomotiv» jamoasida barcha bilan birga ishlagan insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
- «Paxtakor»da sizni qanday qarshi olishdi? Shota Arveladze bilan ilk bor birga ishlayapsiz va u bilan uchrashuvingiz qanday o‘tdi?
- Mening faoliyatimda to‘p surayotgan jamoamning nomi o‘zgardi xolos. «Paxtakor»dagi barchani yaxshi taniyman. U erga borganda hammasi bilan ko‘rishdim. Klubning deyarli barcha a’zolari tanishlarim. Bu vaziyatda hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q. Meni hammasi juda iliq qarshi olishdi. Qolaversa, jamoaga moslashib ketishimda ham ortiqcha qiyinchiliklar sezilmayapti. Albatta, murabbiy bilan ham gaplashdim. Tabiiyki, u bilan o‘rtamizda hammasi a’lo darajada. Axir u erda ishlayotgan barcha professionallar.
- «Lokomotiv»ga 2018 yilning boshida qo‘shilgandingiz va ushbu klubda bir yarim yil davomida to‘p surdingiz. Ayting-chi, shu vaqt davomida «Loko»da o‘tkazgan faoliyatingiz sizga nima berdi va o‘zingiz klubga nima bera oldim deb o‘ylaysiz?
- Albatta, ushbu klubda to‘p surib ancha o‘sishga erishdim. Men uchun u erda hammasi yaxshi edi. Agar «Lokomotiv»ga yordamim tekkan bo‘lsa, bundan juda xursandman. Lekin men o‘zim bu klubga nima bera olganimni to‘g‘risi ayta olmayman.
- «Paxtakor» siz uchun yangi chaqiruv. Ushbu klubdagi maqsad va rejalaringiz qanday?
- Men o‘z oldimga yuqori maqsadlarni qo‘yganim uchun ham bu klubga o‘tganman. Xudo xohlasa, «Paxtakor» bilan chempion bo‘lmoqchiman. Bu yo‘lda jamoaga yordamim tegadi degan umiddaman.
- Siz «Paxtakor»da 77-raqamni tanladingiz. O‘tgan yili «Paxtakor»da bu raqamda braziliyalik Bezerra to‘p surib to‘purar bo‘lgandi. 77-raqamni tanlashingiz o‘zingizning tanlovingizmi? Umuman, bu sizga yoqadimi?
- Albatta, bu raqamni o‘z xohishim bilan tanladim. Lekin futbolchiga raqamning unchalik farqi yo‘q deb o‘ylayman. Asosiysi, jamoaga yordamim tegishi, bu eng muhimi.
- Hozirgi kunda «Paxtakor» bilan «Lokomotiv» O‘zbekistonning eng kuchli klublari bo‘lib turishibdi. Masalan, «Loko» O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisoblanadi. Lekin bu yilgi mavsumda «Paxtakor» chempionlik uchun katta qadam tashlamoqda va «Loko»ni 11 ochkoga ortda qoldirmoqda. Buning ustiga ikkala klubdan futbolchilar o‘z o‘rinlarini almashtirishdi. Masalan, siz ham «Loko»dan «Paxtakor»ga ko‘chib o‘tdingiz. Ko‘pchilik esa «Paxtakor»ning chempionligini aytishmoqda…
- Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shu bois oldinda hech narsa deb bo‘lmaydi. Chempionatdagi kurash oxirigacha davom etadi deb o‘ylayman.
- Bungacha siz Serbiya chempionatida bir necha mavsum to‘p surdingiz. Ayting-chi, o‘tgan vaqt davomida sizga yana Serbiya yoki boshqa chempionatlardan ham takliflar bo‘lib turibdimi?
- Agentim doim menga eng yaxshi taklifni aytadi. Agar meni ham o‘sha taklif qoniqtirsa mazkur jamoa bilan gaplashamiz.
- Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham nomzod o‘yinchi hisoblanasiz. «Paxtakor»ga o‘tishingiz terma jamoada o‘ynash imkoniyatingizni yanada oshiradi, degan fikrlarni ham eshityapmiz…
- Hammaning ham terma jamoada o‘ynagisi keladi. Xudo xohlasa, bor kuchim bilan terma jamoada to‘p surishga harakat qilaman. Buning uchun o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga tayyorman.
- Umuman olganda, «Paxtakor»ga o‘tish siz uchun nimani anglatmoqda?
- «Paxtakor» - buyuk klub. Albatta, bunday jamoada ko‘pchilik futbolchilarning o‘ynagisi keladi. Shunday ekan, men ham ularning qatorida o‘zimni «Paxtakor»da ko‘rish niyatim bor edi. Xudoga shukrki, ko‘rib turganingizdek, niyatim amalga oshdi. Boya aytganimdek, «Paxtakor» safida chempion bo‘lish navbatdagi maqsadim.
- Shuningdek, chempionatimizda Husniddin G‘ofurov nomi ostidagi futbolchi birgina siz emassiz. Sizdan tashqari yana boshqa Husniddin G‘ofurov ham bor. Bu esa o‘ziga yarasha qiziqarli holatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin…
- U Husniddin xuddi ukamdek bo‘lib qolgan. Qizig‘i, u ham farg‘onalik. Uning faoliyatiga ham omad tilayman.
Fikrlar