Ikki yaralangan sher yoxud OKMK - "Nasaf" to‘qnashuvi oldidan

  • 07.05.2024 12:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Bugun Superligada 6-turning so‘nggi ikkita o‘yii o‘tkaziladi. Toshkentda “Paxtakor” “Metallurg”ni qabul qilsa, Olmaliqda OKMK Qarshining “Nasaf”i bilan bellashadi. Ayniqsa, Mirjalol Qosimov va Ro‘ziqul Berdiev qarama-qarshiligiga qiziqish ham, e’tibor ham katta. Ularning jamoalari yaqinda O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida muvaffaqiyatsizlikka uchradilar va kurashni to‘xtatdilar. Shuning uchun OKMK ham, “Nasaf” ham yaralangan sher kabi endi chempionat o‘yinlariga kirishmoqdalar.

Ayni paytga kelib, ikkala klubda 8 tadan ochko bor va mos ravishda 5- hamda 6-o‘rinlarni band etib turibdilar. Faqat farqi shundaki, “Nasaf” 4, OKMK esa  5 ta uchrashuv o‘tkazgan. Qarshilik futbolchilar garchi Kubok doirasida yutqazgan bo‘lishiga qaramay, hali Superligada mag‘lub bo‘lganlari yo‘q. Qisqasi, ikkala klubni yaralangan sherga qiyoslashimiz mumkin. G‘alabadan boshqasi bu jamoalarni mutlaqo qoniqtirmaydi.

OKMK – “Nasaf” o‘yinlarining o‘zaro tarixiga keladigan bo‘lsak, shu paytgacha chempionatimiz mobaynida 34 marta to‘qnashishgan. Katta ustunlik “Nasaf” tarafida ekanini ko‘rsatyapti. Boisi, OKMKda 5 ta g‘alaba bo‘lsa, “Nasaf”da bu raqam 15 ni tashkil qilyapti. Yana 14 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati ham shunga yarasha 30x51 mehmonlar foydasiga.

OKMK – “Nasaf”ning ilk o‘yini 2008 yilning 10 may kuni bo‘lib o‘tgan. O‘shanda bellashuv Qarshida o‘tkazilgan va unda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. O‘tgan yili “Nasaf” o‘z uyida OKMKni 2:0 hisobida taslim qilgan. Ikkinchi davradagi bahsda esa 1:1 natijasi kuzatilgan.

Qosimov va Berdiev shogirdlari oxirgi bor o‘tgan yili O‘zbekiston Kubogi finalida kuch sinashishgani yodingizda bo‘lsa kerak. 2023 yilning 12 noyabr kuni Qarshida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi o‘yinda “Nasaf” OKMKni 1:0 hisobida engib Kubokni boshi uzra ko‘targan. O‘shanda yagona gol Javohir Siddiqov tomonidan kiritilgan.

Olmaliqliklar “Nasaf”ni oxirgi marta 2020 yilgi chempionatda mag‘lubiyatga uchratishgan. O‘shanda birinchi davradagi bellashuvda OKMK 2:1 natijasi bilan g‘olib chiqqandi. Bugun shubhasiz turning markaziy o‘yini maqomida. Ikkala klub ham xato qilishdan extiyotkor bo‘lib o‘yin ko‘rsatishini kutsa bo‘ladi. Ammo g‘alaba baribir ikki jamoa uchun ham muhim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!